101 vatandosh izidan yoxud o‘zbek yigitining antiqa loyihasi haqida
«Yuksalish» umummilliy harakatining faoli, Navoiy viloyati adliya boshqarmasi xodimi Jonibek Shuhratov «101 vatandosh» ekspeditsiyasini tashkil qildi. U Niderlandiya, Germaniya, Polsha, Rossiyada bo‘lib, Ikkinchi jahon urushi yillarida janggohlarda jon bergan hamda asirlikka olingan o‘zbek o‘g‘lonlari haqida ma’lumot to‘pladi, arxiv hujjatlarini o‘rganib, qabrlarini ziyorat qildi. Loyihani amalga oshirishda Navoiy viloyati hokimligi, Adliya vazirligi hamda O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari yaqindan yordam berdi.
Jonibek safardan qaytib kelgan kuniyoq taassurot va tafsilotlarni biz bilan o‘rtoqlashdi. Ekspeditsiya a’zolari ikki hafta mobaynida ko‘rgan-kechirganlarini qog‘ozga tushirish juda qiyin. Sababi urush va tinchlik, hayot va o‘lim, adolat va razolat haqida gap borganda hissiyot doimo tafakkurdan ustun keladi. Bu paytda achchiq haqiqat tilingni kuydirib, qalbingni larzaga solishi aniq. Urush dahshatlari, ayniqsa, odamlar ustidan vahshiyona eksperimentlar o‘tkazgan fashizmni eslaganda xuddi shu holatga tushamiz.
1941 yilning 27 sentyabrida Smolensk ostonasidagi jangda mag‘lubiyatga uchragan 865 nafar sovet askari Niderlandiyadagi «Amersfort» konslageriga olib kelinadi, — deydi Jonibek Shuhratov. — Ularning 101 nafari o‘zbek bo‘lgan. Aksariyati sarmarqandlik. Faqat ikki nafari — Qodir Xotamov va Murod Zoirovning shaxsi konslagerda chizilgan surati bo‘yicha aniqlangan. Qolganlari haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. 1942 yilning bahorida vatandoshlarimiz SSchilar tomonidan otib o‘ldiriladi. Jasadi esa shahar yaqinidagi o‘rmonda ko‘mib tashlangan. Bu qabriston hozir ham bor. O‘zbek o‘g‘lonlarining «Amersfort»dagi ayanchli taqdiri, matonati va jasoratini gollandiyalik jurnalist Remko Reyding yigirma yil (!) mobaynida o‘rgandi. 2018 yilda u mahbuslarning qarindoshlarini topish ilinjida O‘zbekistonga keldi. Toshkent shahri, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlarida bo‘lib, tarixchi olimlarimiz, keng jamoatchilik vakillari va yoshlar bilan uchrashdi.
Shunda janob Remko hayratlanarli bir voqeani aytib bergan, — davom etadi suhbatdoshimiz. — Ikkinchi jahon urushi paytida niderlandlar fashistik mafkurani qo‘llab-quvvatlamagan. Gitlerchilar bu xalqning «esini kirgizib qo‘yish» maqsadida dushman armiyasini atayin zaif va abgor qilib ko‘rsatishga harakat qiladi. «Amersfort» konslagerida osiyolik mahbuslar (tashqi ko‘rinishidan yevropaliklarga o‘xshamagani uchun) alohida saqlangan va ularga haddan ziyod beshafqat munosabatda bo‘lingan. Sud materiallarida ko‘rsatilishicha, konslager nozirlari och-nahor, sillasi qurigan asirlar oldiga buxanka nonni tashlardi-da, bir-birini xuddi it kabi qopishini tomosha qilib, lazzatlanardi. Bir safar natsistlar o‘zbeklarni ham shu ko‘yga solib, jarayonni tasvirga olishmoqchi bo‘ladi. Lekin reja amalga oshmaydi. Sababi vatandoshlarimiz favqulodda o‘zini mutlaqo boshqacha tutib, buxankani teng bo‘lib yegan. Bu, tabiiyki, SSchilarning g‘azabini keltiradi. Natijada 1942 yilning 9 aprelida 77 nafar o‘zbek (101 kishidan shunchasi omon qolgandi) o‘rmonda bitta qoldirmay otib tashlangan.
Qarang, oradan 70 yildan ziyod vaqt o‘tdi, — deydi Jonibek, — ammo shu choqqacha o‘zbek farzandlari nafaqat frontda, balki tutqunlikda ham chin insoniylik namunasini ko‘rsatganini bilmay yurgan ekanmiz. Amersfortdagi 101 nafar vatandoshimiz qabrini biz emas, niderland xalqi ziyorat qilib, ruhini shod etib kelayotgani, ochig‘i, meni biroz uyaltirdi. Urushga ketib, bedarak yo‘qolgan yuzlab ota-bobolarimiz bor. Ular haqida imkon qadar ma’lumot to‘plash, qolgan yoshlarni ham shunga da’vat etish maqsadida «101 vatandosh izidan» loyihasiga qo‘l urdim. «Yuksalish» umummilliy harakati mazkur tashabbusga labbay deb javob berganidan xursandman. Tashkilot elchixonalar bilan aloqa bog‘lash hamda ekspeditsiya marshrutini ishlab chiqishga ko‘maklashdi. Ochig‘i, avvaliga velosipedda yo‘lga chiqmoqchi edim. Ammo viloyatimiz hokimi safar xarajatlarini to‘liq qoplab berishini aytgach, bunga zarurat ham qolmadi. Niderlandiyada bizga o‘zbekistonlik tarixchi olim Bahodir Uzoqov hamrohlik qildi. U kishi ham Amersfort qabristonida dafn etilgan o‘zbek jangchilarining ishi bo‘yicha ba’zi arxiv hujjatlari bilan tanish ekan. Birgalikda Amsterdam milliy arxivida saqlanayotgan materiallarni o‘rgandik. Konslagerga boridik, qabristonni ziyorat qilib, u yerdan bir siqim tuproqni o‘zimiz bilan birga olib keldik. Ilgariroq Bahodir aka ijtimoiy tarmoqlarda «Amersfort»da otib o‘ldirilganlar orasida Navoiy viloyati Nurota tumanidan urushga ketgan Saidqul Qahhorov ham borligi haqida yozgandi. Men atayin Nurotaga borib, Saizqul Qahhorovning ukasi — Adizqul boboni izlab topdim. Loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida viloyat delegatsiyasi tarkibida shu otaxonni ham Niderlandiyaga olib bormoqchimiz. G‘alabaning 75 yilligi arafasida Amersfort qabristonida O‘zbekiston nomidan xayriya oshi beriladi va ilk bor yurtimiz bayrog‘i ko‘tariladi.
Ekspeditsiya a’zolari Germaniyaga safari chog‘ida Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal o‘lkasidagi Shtukenbrok shahrida joylashgan «Shtalag-326» harbiylar qabristonida 360 nafar o‘zbek askari dafn etilganini ham aniqladi. GFRdagi elchixonamiz ko‘magi bilan ularning to‘liq ro‘yxati olingan.
Uch nafarining hatto qabrini topishga muyassar bo‘ldik, — deydi Jonibek Shuhratov. — Lekin bu daryodan tomchi, xolos. Yana yuzlab vatandoshlarimizning kim bo‘lgani, qayerda tug‘ilib o‘sganini aniqlash zarur. Bu esa nafaqat olimu mutaxassislar, balki butun o‘zbek xalqidan chinakam safarbarlikni talab qiladi. Germaniyadagi tarixiy Reyxstag, hozirgi Bundestag binosi menda unutilmas taassurot qoldirdi. Uni ochilmagan qo‘riq deyish mumkin. 1932 – 1947 yillarda Reyxtagda saylov o‘tkazilmagan. Majmuaning arxivida shu davrga oid hujjatlar alohida qutida saqlanadi. Biz arxivni ko‘zdan kechirdik. Urush davrida parlamentda faoliyat ko‘rsatgan ayrim deputatlarning ism-sharifi qora rangda ko‘rsatilgani e’tiborimni tortdi. Ular fashizmni qoralab ovoz bergan ekan. Bordi-yu, o‘sha «qarshilar» soni ko‘pchilikni tashkil qilganida, Ikkinchi jahon urushi boshlanmagan bo‘lardi, deydi tarixchilar...
Varshavadagi Birodarlik qabristonida ham ulkan tarix yotibdi. Bu joy o‘zbeklar uchun begona emas. Memorial majmuada Sobir Rahimovga atab alohida qabrtosh qo‘yilgan. Polyaklarning vatandoshimizga hurmat-ehtiromi baland. Axir, o‘zbek generali Gdansk shahrining ozod etilishida qahramonlik ko‘rsatgandi.
Yurtimizda Zulfiya Zokirova va uning urushdan qaytmagan besh o‘g‘li haqida badiiy film suratga olinmoqda. Oilaning to‘ng‘ich farzandi — Muhammadjon Qodirov Vitsburg shahridagi birodarlik qabristonida ko‘milgan. Ekspeditsiya a’zolari uning qabrini topib, ziyorat qildi. So‘ngra Polshadagi Osvensim konslageriga yo‘l oldi. Shuningdek, yurtdoshlarimiz Sankt-Peterburg shaharidagi urush yillari bilan bog‘liq bir qator tarixiy ob’yektlarni ko‘zdan kechirdi.
Endilikda ekspeditsiya davomida to‘plangan ma’lumotlar hukumatga taqdim etiladi. Jonibek Shavkatov «Yuksalish» umummilliy harakatiga 9 may arafasida maxsus aksiya o‘tkazishni ham taklif qildi. Unda asosan yoshlarning ishtirok etishi kutilmoqda. Aksiya doirasida yigit-qizlar bobolari frontdan jo‘natgan xatlarni «Olovda yonmagan maktublar» xeshtegi bilan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib boradi. Bunday tashabbus yosh avlod qalbida vatanga sadoqat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qilsa, ajab emas.
Nargiza Umarova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter