Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

100 yoshga kirishning 9 siri (infografika)

100 yoshga kirishning 9 siri (infografika)

Foto: «celdi.ru»

«Asrni qaritish» — afsuski, hammaga ham nasib etavermaydi. Biroq inson umri uzayib borayapti, buni faktlar ham tasdiqlaydi. Masalan, XX asr boshida insonning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 50 yil edi. Hozir O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich — 73,8 yosh.

Zamonaviy tibbiyot yutuqlari va texnikasi, turmush farovonligining oshishi, umuman, hayot sifatining yaxshilanishi hammamizda yuz bilan yuzlashishga umid uyg‘otadi.

Infografika: «Xabar.uz»

Mutaxassislarning fikricha, inson 100 yoshga kirishi uchun quyidagi 9 shartga amal qilishi kerak ekan:

Yoshlik hissi

Londonlik olimlar aniqlashicha, aslidagidan ko‘ra o‘zini yosh tutuvchilar orasida o‘lim holatlari ancha kam kuzatilarkan. Bekorga aytishmaydi-ku yosh bu — shunchaki raqam.

Optimizm

Hayotingiz siz uni qanday tasavvur qilsangiz shunday shakllanadi. Dunyoga umid bilan qarang. Olimlar optimistlar orasida saraton, insult, yurak xastaliklar kam uchrashini aniqlashgan.

Meva-sabzavotlar

Sog‘lom ovqat uzoq umr garovi ekani isbot talab qilmas haqiqat. Kuniga kamida besh dona meva va sabzavot yeyishni unutmang.

Dengiz mahsulotlari

Baliqlar tarkibida ko‘p uchrovchi omega-3 yog‘ kislotalari inson tani uchun juda ham zarur. Organizmda moddalar almashinuvida ularning o‘rni beqiyos. O‘n olti yillik tadqiqotlar natijasi: yog‘ kislotalarini to‘yib iste’mol qilganlar orasida yurak-qon tomir xastaliklari 35 foizga kamaygan.

Yaxshi uyqu

Gretsiyaning Ikariya orolida uzoq umr ko‘ruvchilar juda ko‘p ekan. Ularning bir odati bor — kunduzgi uyqu (bizda ham bor). Balki ularning siri shundadir. Hatto kunduzgi yarim soatlik uyquning o‘zi yurak kasalliklari rivojlanishi xavfini 37 foizga kamaytirarkan.

Ko‘p do‘stlar

Jamiyatga ko‘proq singib ketgan inson ko‘p yashashini psixologlar uqtirishmoqda. Hammaga keraklilikni his qilish, doimiy muloqotda bo‘lish, yaxshi kayfiyat — uzoq umr ko‘rish garovi.

Faol turmush tarzi

Albatta, yosh o‘tishi bilan jismoniy faollik susayadi. Biroq kamharakatlik uchun yosh bahona bo‘lmasligi kerak. Hech bo‘lmaganda yengil mashqlar bajarish, toza havoda sayr qilish kerak. To‘xtab qolmang.

Tashqi ko‘rinishga e’tibor

Inson bir umr o‘z qomatini yaxshi saqlay olmaydi, to‘g‘ri. Lekin olimlarning aytishicha, belning aylanasi bevosita salomatlik bilan bog‘liq ekan. Ayollarda — 78 sm., erkaklarda — 92 sm.dan oshmasligi kerak.

Yetarlicha suv ichish

Insonning hayotida suvning o‘rnini hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Chunki organizmimiz 70 foiz suvdan iborat. Choy, qahva, gazli ichimliklar toza suvning o‘rnini hech qachon bosa olmaydi. Masalan, boshingiz og‘riganda dori ichishga shoshmang. Muzdekkina toza suv hatto bosh og‘rig‘ini qoldirishi mumkin ekan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring