Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ayrim bemorlarning yo‘l xarajatlari qoplab beriladi

Ayrim bemorlarning yo‘l xarajatlari qoplab beriladi

Foto: Xabar.uz

1 noyabrdan boshlab onkologik va gematologik bemorlarning respublika ixtisoslashtirilgan muassasalariga davolanishga kelishlari uchun transport xarajatlari mahalliy budjetdan qoplab beriladi.

2021 yil 27 maydagi «Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga ko‘ra, Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi tashkil etilishi belgilangan edi.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlan maqsadida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining  «Gematologik va onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ham bu markaz 2022 yil 1 yanvardan boshlab Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tarkibidan chiqarilib, mustaqil markaz sifatida faoliyat ko‘rsatishi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, mazkur qarorda 2021 yil 1 noyabrga qadar Investitsiya va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi hamda investitsiya dasturlari doirasida tibbiy texnika va buyumlar bilan jihozlanishini aytilgan.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 2021 yil 1 noyabrdan boshlab onkologik va gematologik bemorlarning hududlardan respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga temir yo‘l va aviatransport vositalari orqali kelishi bilan bog‘liq xarajatlar tegishli mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan.

Ma’lumot uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining Bolalar gematologiyasi va onkologiyasi bo‘limlari Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazining tashkiliy-metodik hududiy bo‘linmalari hisoblanadi.

Markaz faoliyatiga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining faoliyatini yuritish bilan bog‘liq amaldagi tartiblar tatbiq etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring