1-martdan nimalar o‘zgaradi?
Milliy qonunchilikdagi 2022-yil 1-martdan kuchga kiradigan asosiy o‘zgarishlar haqida Norma.uz portali ma’lumot berdi.
O‘zbekistonda niqob taqish majburiyati bekor qilinadi
Respublika maxsus komissiyasining 23-fevraldagi qaroriga muvofiq, 1-martdan O‘zbekistonda niqob taqib yurish majburiyati talabi bekor qilinadi. Jamoat transporti, bozorlar, ta’lim muassasalari, teatr, muzeylar, masjidlarda niqob taqish tavsiyaviy xarakterga ega bo‘ladi. Ushbu qaror niqob taqmaganlik uchun fuqarolarni jarimaga tortishni huquqiy jihatdan to‘xtatish uchun zarurligi bilan izohlandi.
Yana 5 turdagi davlat xizmati my.gov.uz portali orqali onlayn ko‘rsatiladi
Hukumat qarori bilan quyidagi xizmatlar YIDXP (my.gov.uz) orqali elektron shaklda ko‘rsatiladi:
- O‘zbekistonga chet davlat fuqarosini taklif qilish;
- chet davlatda O‘zbekiston fuqaroligini tasdiqlash bo‘yicha tegishli hujjatlar va ma’lumotnomalar olish;
- sudlanganlik (sudlanmaganlik) haqidagi ma’lumotlar olish;
- avtotransport vositalarida taqiq mavjudligini tekshirish;
- jazoni ijro etish muassasalari va manzil koloniyalarida saqlanayotganlarni ularning yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv vaqtini belgilash.
Yonida biometrik pasport yoki ID-karta mavjud haydovchidan «prava», texpasport, ishonchnoma va sug‘urta polisi talab etilmaydi
Prezident 2021-yil 30-noyabrda imzolagan qonunga asosan haydovchi yonida pasporti yoki ID-kartasi bo‘lganida quyidagi hujjatlarni olib yurishi talab etilmaydi:
- transportni boshqarish, ro‘yxatdan o‘tkazganlikka oid hujjatlar;
- ishonchnoma;
- sug‘urta polisi.
Bunda, ushbu hujjatlar mavjudligi YPX xodimi tomonidan elektron tizim orqali mustaqil tekshiriladi.
UJK xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha imtiyozlar o‘rniga oylik kompensatsiya to‘lovlari joriy etiladi
Ijtimoiy nafaqa oluvchi o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz shaxslarga kompensatsiya to‘lovi joriy etiladi. Bunda, har oylik kompensatsiya to‘lovi — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 45 foizi (130 050 so‘m) miqdorida to‘lanadi.
Yoshi 100 ga to‘lgan va undan oshgan ijtimoiy nafaqa oluvchi shaxslar uchun har oyda — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100 foizi (289 ming so‘m) miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilanadi. Bunda, qo‘shimcha to‘lov pensiya va nafaqa tayinlangan tashkilot orqali respublika budjeti va budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar beriladi
Prezidentning 2021-yil 21-dekabrdagi qaroriga binoan Soliq kodeksining 380-moddasi birinchi qismiga muvofiq bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun daromad solig‘i bo‘yicha belgilangan imtiyoz mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravaridan 3 baravarigacha oshiriladi.
2024-yil 1-martga qadar ish beruvchilarga (budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) ular tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi Davlat budjetidan to‘liq qaytarib beriladi.
Bunda, ijtimoiy soliq summasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning olti oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan yettinchi oydan boshlab qaytariladi.
Ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalari mulkdorlarga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladi
Prezidentning 2021-yil 31-dekabrdagi qaroriga muvofiq, davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlariga ular egaligidagi bino va inshootlarga tutash (chegaradosh) bo‘lgan yer uchastkalari quyidagi shart va majburiyatlar bilan ularga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladi:
- yer uchastkalarini obod holda saqlash;
- daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni parvarish qilish va sug‘orish;
- yig‘ishtirish-tozalash ishlarini amalga oshirish va chiqindi qutilarini o‘rnatish;
- bolalar maydonchalari, o‘tirish joylari (skameykalar), tungi yoritish tizimini o‘rnatish, ta’mirlash va saqlash;
- aholi uchun piyoda yo‘laklarini barpo etish, ta’mirlash va lozim darajada saqlash.
Doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladigan yer uchastkalarida bino, inshoot, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish hamda yengil konstruksiyali ob’yektlarni o‘rnatish va qurish taqiqlanadi.
Olimpiya va Paralimpiya sport turlari bo‘yicha terma jamoalar a’zolariga sayohatlarda chegirmalarni taqdim etiladi
Vakolatli organlarga 2024-yil 1-sentyabrga qadar Olimpiya va Paralimpiya sport turlari bo‘yicha terma jamoalar a’zolarining sport musobaqalari va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etishlarini ta’minlash uchun hududlararo yo‘nalishlar bo‘yicha transport (temir yo‘l va havo) xarajatlarida chegirmalar taqdim etish topshirildi.
Yer uchastkalaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilishda jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi
Prezidentning 2022-yil 21-fevraldagi qaroriga binoan yer uchastkalaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytiriladi:
- aholi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha Bosh prokuratura (1007 qisqa raqami) va Kadastr agentligiga (1097 qisqa raqami) yuborilgan fotosurat va videoyozuvlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi;
- fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchilariga (keyingi o‘rinlarda — hokim yordamchilari) o‘z hududida qurilishi boshlangan har qanday bino yoki inshootlarning qonuniyligini aniqlash bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, qurilish va kadastr organlariga so‘rov yuborish huquqi beriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter