1-iyundan nimalar o‘zgaradi?
Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali 2020-yil 1-iyundan boshlab o‘zgaradigan muhim qaror va voqealarning qisqacha sharhini e’lon qildi.
- Ayrim tadbirkorlar mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan vaqtincha ozod qilinadi
2020-yilning 1-iyunidan 1-sentyabrigacha quyidagilar mol-mulk solig‘i va yer solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi:
- kichik tadbirkorlik sub’yektlari;
- bozorlar va savdo komplekslari;
- kinoteatrlar;
- umumiy ovqatlanish joylari;
- jamoat transporti korxonalari;
- sport-sog‘lomlashtirish muassasalari;
- yo‘lovchi tashish, maishiy xizmat ko‘rsatish, binolarni, shu jumladan banketlar o‘tkazish uchun ijaraga berish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar.
- Nafaqa oluvchilar soni oshiriladi
14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam oluvchilar soni qo‘shimcha 10 foizga oshiriladi.
- Fitobarlar tashkil etiladi
Tibbiyot muassasalari, shu jumladan oilaviy poliklinikalar va qishloq (ovul) vrachlik punktlarida, shuningdek bosqichma-bosqich barcha vazirlik va idoralarda, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti hamda mahalliy aeroportlarda, barcha turdagi avtovokzal, temir yo‘l vokzallarida, bozorlar, sanatoriy-kurort muassasalarida hamda boshqa aholi gavjum joylarda fitobarlar tashkil etiladi.
- Qator tamaki mahsulotlariga aksiz solig‘i kiritiladi
Import qilinadigan qizdiriladigan tamaki mahsulotlari, chekiladigan, chaynaladigan, hidlanadigan, shimiladigan (snyus), chilim uchun tamaki, nikotinli tamakisiz snyus, tarkibida nikotin mavjud suyuqliklarga aksiz solig‘i kiritiladi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan, aksiz solig‘iga tortiladigan tovarlarga aksiz solig‘i stavkalari qo‘shimcha pozitsiyalar bilan to‘ldiriladi.
Unga ko‘ra, qator tamaki mahsulotlarining aksiz solig‘i stavkalari miqdorlari belgilandi.
Jumladan, 2020-yil 1-iyundan chekiladigan tamakining 1 kilosi uchun 25 AQSh dollari miqdorida aksiz solig‘i solinadi.
- Mahalliy eksport qiluvchilar transport xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplanadi
Mahalliy eksport qiluvchilarga yuklarni avtomobil va havo transporti orqali eksport qilish xarajatlarining bir qismini davlat tomonidan qoplash, shuningdek, tadbirkorlarning infratuzilma barpo etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismi uchun kompensatsiya to‘lash mexanizmlari joriy etiladi.
- Vakolatli organlar tadbirkorlarga litsenziya olish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishda yordam beradilar
Tadbirkorlarga litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni berishda kadrlarning professional malakasi, taqdim etilgan hujjatlar va dasturlarning qonun hujjatlarida belgilangan talablarga, bino va inshootlarning — sanitariya-epidemiologik talablarga va yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermasligi sababli rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bunda, vakolatli davlat organlari tadbirkorlarga malakali kadrlarni izlash, hujjatlar va dasturlarni qayta ishlash uchun mutaxassislarni jalb qilish hamda litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni olish uchun boshqa zarur shart-sharoitlarni yaratishda yordam berishlari lozim, talabgorning taklif etilgan yordamni rad qilish hollari bundan mustasno.
- Metall prokatining har bir to‘piga sifat to‘g‘risidagi hujjat ilova qilinadi
Sotilayotgan va ishlab chiqarishda foydalanilayotgan metall prokatining har bir to‘piga ishlab chiqaruvchi (import qiluvchi) tomonidan sifat to‘g‘risidagi hujjat ilova qilinishi kerak.
Sifat to‘g‘risidagi hujjat texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqlik yuzasidan sinovlarning ijobiy natijalari asosida rasmiylashtiriladi.
Bunda, ishlab chiqaruvchilarda tegishli ishlab chiqarish laboratoriyasi bo‘lmasa, metall prokatini boshqa sinov laboratoriyalarida sinovdan o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi.
- “O‘zbekiston Respublikasi Davlat o‘q-gilzotekasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarorining fuqaroviy va xizmat o‘qotar qurolini nazorat tartibida otish qismi kuchga kiradi.
- Yuridik shaxslar birja a’zolari sifatida akkreditatsiyadan o‘tkaziladi
Quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy etiladi:
- tovar segmentlari bo‘yicha birja savdolarini mahsulotning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib va birja a’zolariga foydalanish huquqini bergan holda alohida seksiyalarda o‘tkazish;
- mahsulotni seksiya tamoyili bo‘yicha sotishni ta’minlash va brokerlik o‘rinlarini birjaning rasmiy veb-sayti orqali taqdim etish bo‘yicha shaffof mexanizmni inobatga olgan holda, yuridik shaxslarni birja a’zolari sifatida akkreditatsiyadan o‘tkazish;
- birja savdosi qoidalari talablariga muvofiqligi bo‘yicha faoliyat ko‘rsatuvchi birja a’zolarining malaka darajasini har 3 yilda muntazam aniqlash.
- G‘alla yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun kreditlar ajratiladi
Fermer xo‘jaliklari, g‘allachilik klasterlari va Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklarining g‘alla yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan 12 oy muddatgacha g‘alla yalpi hosili umumiy qiymatining 40 foizigacha bo‘lgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 10 foiz, 50 foizigacha bo‘lgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 12 foiz stavkadan (shundan bank marjasi 2 foiz) oshmagan miqdorda kreditlar ajratiladi.
Mulkchilik shaklidan qat’i nazar, faqat donni qayta ishlovchi korxonalar hamda donni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan g‘allachilik klasterlari tomonidan respublikada yetishtirilgan g‘allani xarid qilish uchun tijorat banklari tomonidan 12 oy muddatgacha 50 milliard so‘mgacha miqdorda tijorat kreditlari ajratiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter