Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1-apreldan nimalar o‘zgaradi?

1-apreldan nimalar o‘zgaradi?

2022-yil 1-apreldan Milliy qonunchilikda kuchga kiradigan asosiy o‘zgarishlar sharhini norma.uz portali taqdim etdi.

Jismoniy shaxslarning aksiyalari bo‘yicha dividendlar daromad solig‘idan ozod qilinadi

2024-yil 31-dekabrgacha quyidagilar o‘rnatiladi:

  • O‘zbekiston Respublikasining rezidenti va norezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslarning aksiyalar bo‘yicha hisoblangan dividendlar tarzidagi daromadlari daromad solig‘idan ozod qilinadi;
  • O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari – yuridik shaxslarning aksiyalari bo‘yicha dividendlar shaklida hisoblangan daromadlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari-yuridik shaxslar singari foyda solig‘ining 5 foiz stavkasi qo‘llaniladi;
  • O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari – jismoniy va yuridik shaxslarning tadbirkorlik sub’yektlarining obligatsiyalari bo‘yicha hisoblangan foizlar ko‘rinishidagi daromadlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘idan ozod qilinadi.

Talab qilinadigan mahsulotlar ishlab chiqarish qo‘llab-quvvatlanadi

Ichki bozorda xaridorgir bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘shma moliyalashtirish uchun To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi mablag‘lari marketing tadqiqotlari, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, xorijiy mutaxassislar va konsalting kompaniyalari tomonidan uskunalarni qurish, o‘rnatish va ishga tushirish jarayonlarini texnologik ta’minlashga yo‘naltiriladi.

Turizm sohasi sub’yektlariga imtiyozlar berildi

2022-yil 1-apreldan boshlab 2025-yil 1-yanvarga qadar hujjatga ilovada ko‘rsatilgan tuman va shaharlarda turizm hududlarida ro‘yxatdan o‘tgan hamda ushbu hududda umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish), savdo, ko‘ngilochar, turoperator va turagent xizmatlarini ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’yektlari uchun:

  • aylanmadan olinadigan soliq stavkasi — 1%;
  • ilovada ko‘rsatilgan hududlardagi ob’yektlar bo‘yicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i miqdorlari — mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida belgilandi.

Milliy cholg‘u asboblarini ishlab chiqaruvchilar uchun — imtiyozlar

Milliy musiqa cholg‘u asboblarini ishlab chiqarishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etadigan tashkilotlar uchun aylanmadan soliq va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi.

Deklaratsiyalar masofaviy rasmiylashtiradi

2021-yil 1-oktabrdan boshlab Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent shahri, Sirdaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari boshqarmalarida «masofaviy elektron deklaratsiyalash» bojxona postlari o‘rnatildi. Joriy yilning 1 aprelidan boshlab ular Davlat bojxona qo‘mitasining boshqa barcha hududiy boshqarmalarida bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

Noqonuniy daraxt kesish holatlarini suratga va videoga olib yuborganlar rag‘batlantiriladi

IIV va Ekologiya davlat qo‘mitasiga daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va ko‘chatlarni noqonuniy kesish, ildizi bilan sug‘orish, shikastlash, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish holatlari to‘g‘risida fotosuratlar va videolavhalar yuborgan shaxslar har bir tasdiqlangan holat uchun qoidabuzardan undirilgan mablag‘dan 1 BXMmiqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. 

Baliq ishlab chiqaruvchilarga o‘qish xarajatlari qoplab beriladi

Jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarini qoplash uchun Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobaridan oshmagan miqdorda bir martalik subsidiya ajratiladi.

Davlat organlari tizimidagi islohotlar davom etmoqda

Urnatilgan tartibga muvofiq quyidagilar belgilanadi:

  • vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘z rasmiy veb-saytlarida o‘zlarining tarkibiga kiruvchi davlat muassasalarining nomi, faoliyat turi, funksiya va vakolatlari hamda rahbarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtiradi va uning doimiy ravishda yangilab borilishini ta’minlaydi;
  • davlat muassasalarining hududlar va yuqori turuvchi organlari kesimidagi ma’lumotlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligining (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) veb-saytiga joylashtiriladi;
  • Ochiq ma’lumotlar portalida foydalanuvchilar uchun qulay formatlarda ko‘rish imkoniyatini yaratgan holda muassasalarning yuqori turuvchi tashkiloti, ko‘chmas mulk ob’yektlari, qurilishi tugallanmagan ob’yektlar va avtotransport vositalari, rejalashtirilgan va amalga oshirilgan xarajatlar tarkibi haqidagi va boshqa ma’lumotlarni (bundan tijorat siri mavjud yoki cheklangan holda tarqatiladigan ma’lumotlar mustasno) e’lon qilish amaliyoti joriy etiladi;
  • 2022-yil 1-apreldan boshlab davlat moliyaviy nazorati sohasida qoidabuzarliklar holatlari to‘g‘risida Inspeksiyaga «Davlat auditi» dasturiy kompleksi orqali xabar bergan jismoniy shaxslarga, ushbu ma’lumot asosida moliyaviy tekshiruvlar jarayonida aniqlanib, davlat foydasiga undirilgan mablag‘lar hisobidan mukofot to‘lanadi.

Majburiy talablarning elektron reyestri joriy etilmoqda

Majburiy talablar – tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatining qonunchilik talablariga  muvofiqligini tekshirish bo‘yicha davlat nazorati funksiyalari ro‘yxati. Ro‘yxat tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan shakllantiriladi va yuritiladi.

Nogironlik nafaqalari va pensiyalarni oshiriladi

— mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi hamda ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – 440 000 so‘mdan 622 000 so‘mgacha oshiriladi;

— o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga har oyda 500 ming so‘m miqdorida nafaqa to‘lovi (parvarishlash nafaqasi) joriy etiladi.

Avtomobilni sotib olish jarayoni avtomatlashtiriladi

«UzAuto Motors» AJ tomonidan avtomototransport vositasini xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan shaxsga avtomatik ravishda rasmiylashtiriladigan hisob-ma’lumotni IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xizmatiga faqat elektron shaklda taqdim etish amaliyoti joriy qilinadi.

Tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash

  • tadbirkorlikni yangi boshlayotgan xotin-qizlarga ajratilayotgan subsidiya miqdori 7 million so‘mdan 10 million so‘mga oshiriladi;
  • «Hunarmand» uyushmasi qoshidagi hunarmandchilik markazlarida kamida 40 foiz tadbirkor xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar joylashtiriladi.

Tibbiy kuzatuv va patronajning yangi modeli joriy etilmoqda

U quyidagilarni ta’minlaydi:

  • oilaviy shifokorlarni endokrin kasalliklarni tashxislash hamda davolash bo‘yicha qayta tayyorlash;
  • endokrin kasalliklar mavjud oilalarga maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan patronaj hamshirasini biriktirish;
  • endokrin kasalliklar bo‘yicha xavf guruhiga kiruvchi bemorlar ustidan doimiy kuzatuv o‘rnatish maqsadida barcha tibbiyot brigadalarini glyukometr va maxsus test yaproqchalari bilan ta’minlash.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring