Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

«Temurbeklar maktabi» bitiruvchilariga nima uchun ball qo‘shilyapti?

«Temurbeklar maktabi» bitiruvchilariga nima uchun ball qo‘shilyapti?

Foto: Mudofaa vazirligi

Bugungi brifingni ko‘pchilik ko‘rdi, menimcha. Kecha Markaziy bank bilan bo‘lgan brifing to‘liqligicha olib berilgan va jurnalistlarning barcha savollariga batafsil javob qaytarilgani efirda oxirigacha namoyish qilingandi. Bugun esa, dastlabki savoldan keyinoq to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir uzib qo‘yildi. Balki bu Prezidentning Qoraqalpog‘istonga qilgan tashrifi yakunlarini yoritish maqsadida bo‘lgandir, kim bilsin. Har holda efirning uzilishi bilan bog‘liq savollarga «O‘zbekiston24» kanali izoh berishi kerak.

Kechagi jonli efir Markaziy bank imiji uchun juda katta ijobiy foyda keltirgan bo‘lsa, bugungisi DTM uchun e’tirozlarni yanada ko‘paytirgani bilan yodda qoldi.

Endi brifingda aytilgan bir masalaga to‘xtalsak.

Unda aytildiki, «Temurbeklar maktabi» bitiruvchilariga joriy yilda oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda test sinovlarida o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi, boshqa davlat OTMlariga o‘qishga kirishda esa o‘zlari to‘plagan ballarning 15 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz berilar ekan.

Ha, to‘g‘ri, 28.06.2019-yildagi PQ-4375-sonli Prezident qarorining 8-bandi “g” kichik bandida bu haqida belgilangan.

Ammo nima uchun imtiyoz ballari joriy yildan qo‘shilmoqda? Axir Prezident qarorida yangi shakllantirilayotgan «Temurbeklar maktablari»ga qabul va o‘qitish 2020/2021-o‘quv yilidan boshlanadi, deb yozilganku. Hali «Temurbeklar maktabi»ga qabul boshlanmagan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan uning bitiruvchilari ham bo‘lmaydiku.

Yoki qarorda «Temurbeklar maktabi» Ustavini tasdiqlash va amalga joriy qilish muddati 2019-yil 10-oktyabrga qadar, deya belgilangan. Hali litseyning Ustavi ham yo‘q ekan, nima uchun joriy yilda imtiyoz berilyapti?

28-iyunda qaror chiqqan payti allaqachon joriy yilgilar diplomini olib bo‘lgan edi-ku.

O‘zi joriy yilda faqat Farg‘onadagi «Temurbeklar maktabi» bitiruvchilariga davlat granti asosida asosiy qabul kvotasi ichida imtiyoz berilgani ko‘pchilikning noroziligini tug‘dirgandi. Chunki Farg‘onadagi «Temurbeklar maktabi» bitiruvchilari testdan sezilarli darajada past ball olsa ham, davlat grantiga kirishgan, ulardan ancha yuqori ball olganlar esa avval "o‘qishga kirdi" deya e’lon qilinib, keyin kutilmaganda chiziqdan pastda qolib ketgan edi. Qo‘shimcha kvota ajratilganda ham, hech kim e’tiroz qilmagan bo‘lardi.

O‘zi nima uchun ball qo‘shib beradigan imtiyoz joriy qilindi? Bir necha yillar davomida tinimsiz tanqid qilib, harbiy tavsiyanoma asosida ball qo‘shib beradigan adolatsiz tizimni zo‘rg‘a bekor qildirtirgan edik. Endi esa yana bitta shunaqa imtiyoz joriy qilindi.

Mantiqan o‘ylaganda, «Temurbeklar maktabi» shunaqa zo‘r litsey ekan, unda nima uchun ularning bitiruvchilariga ball qo‘shib berish shaklidagi imtiyoz berish kerak? Ular o‘zi shundoq ham bilimda oddiy maktab bitiruvchilaridan ustun bo‘lishi kerak emasmi?!

Harbiy litseylarning bitiruvchilariga harbiy OTMlarga qanaqadir imtiyoz berilishini tushunsa bo‘ladi, ammo oddiy OTMlarga ball qo‘shib berish shaklidagi imtiyoz maqsadga muvofiq emas. Bu ijtimoiy tengsizlik. 

P.S.: joriy yilda o‘sha maktabni bitirib, 15% qo‘shimcha ball olayotganlarga bu gaplarim yoqmasligi tabiiy. Ammo xavotir olmang, Sizlar baribir o‘sha qo‘shimcha ballni olasiz, mening gaplarim hech narsani o‘zgartirmaydi.


Qo‘shimcha:

Mushtariylarda tushunmovchilik bo‘lmasligi uchun, izoh bersam. Ko‘pchilik «Temurbeklar maktabi» nomli ta’lim muassasalari endi paydo bo‘lgan bo‘lsa, bitiruvchilar qayerdan keldi, deb hayron bo‘lishmoqda.

«Temurbeklar maktabi» nomi ilk bora 2017-yil 5-iyuldagi Prezident Farmonida tilga olingan hamda respublikaning barcha harbiy akademik litseylariga «Temurbeklar maktabi» nomi berilgan edi.

Ammo gap boshqa joyda. Joriy yilgi 28-iyundagi Qarorda esa 5 ta yangi «Temurbeklar maktabi» tashkil qilindi (pastdagi suratga qarang). Va Qarorning 8-bandida imtiyoz bali ham aynan shu 5 ta harbiy litseyning bitiruvchilariga berilishi aytildi. Ammo ushbu yangi «Temurbeklar maktabi»ga qabul kelasi, 2020 yildan boshlanishi belgilangan.

Shundan kelib chiqib, ushbu qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozning avvalgi harbiy litseylarga aloqasi yo‘q, deb hisoblayman. Bu albatta mening shaxsiy fikrim. Va bu rasmiy xarakterga ega emas.

Bundan tashqari yuqoridagi postdagi asosiy savol — «Temurbeklar maktabi» bitiruvchilariga nima uchun ball qo‘shilyapti? Joriy yildami, keyingi yildami, farqi yo‘q, nega qo‘shimcha ball berilishi kerak?

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring