Qashshoq va yersiz Saddam. U hokimiyatga qanday kelgan? (1-qism)
«Hayotim ko‘p qon yo‘qotishim kerak bo‘lgan xavf-xatarlarga to‘la edi... Lekin bu sodir bo‘lmagani uchun men kimdir qonim bilan Allohning kalomlarini yozishni so‘radim».
Saddam Husayn
Tirik inson yaratuvchilik va buzg‘unchilik, o‘ylab va o‘ylamasdan qilinadigan son-sanoqsiz harakatlar manbasi hisoblanadi. Biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan qahramonimizni ayrimlar qonxo‘r va vahshiy diktator desa, boshqalar Yaqin Sharqda tinchlikni ta’minlagan inson deb biladi.
Bugungi maqolamizda Iroq prezidenti bo‘lgan Saddam Husaynning hayot yo‘li, u ko‘rgan qiyinchiliklar, Saddamning hokimiyat pillapoyasiga qanday chiqishi haqida so‘z yuritamiz.
Otasiz o‘tgan bolalik
Saddam Husayn 1937 yil 28 aprel kuni Iroqning Tikrik shahridan 13 km uzoqlikda joylashgan Al-Uja qishlog‘ida yersiz dehqon oilasida dunyoga kelgan. Uning onasi Sabha Tulfah al-Mussalat bo‘lib, u o‘g‘liga «Saddam» (ma’nosi: qarshilik qiluvchi) deb ism qo‘ydi. Saddam uchun bolalik kezlari og‘ir o‘tdi. Saddam tug‘ilishidan oldin otasi Husayn al-Majid vafot etdi. U yetimlik azobini totib katta bo‘ldi. Buning ustiga onasi ham kasal bo‘lib, oila qashshoqlikda kun kechirar edi.
Ko‘p o‘tmasdan mahalliy an’anaga ko‘ra, Saddamning onasi erining ukasiga nikohlab berildi. Yosh diktator amakisining uyida yashay boshladi. O‘gay ota harbiy xizmatchi va millatchi bo‘lib, u yosh Saddamga haqiqiy otalarcha mehr ko‘rsata olmadi. Saddamning qishloqda yaqin do‘sti yo‘q bo‘lib, bolalar uni otasizligi uchun masxara qilishar edi. Diktatorning eslashicha, birgina oti uning sodiq do‘sti bo‘lgan. Shundan ham bilish mumkinki, diktatorning bolaligi bolalarcha o‘yin-kulgu bilan emas, balki asabiylik va nafrat hisci bilan o‘tgan.
Qishloq bolasining inqilobchiga aylanishi
1947 yilda Saddamning tog‘asi Xayrullah Tulfa qamoqdan chiqdi va qishloqda maktab direktori bo‘lib ishlashni boshladi. Shundan so‘ng yosh diktator maktabga chiqib, savod chiqardi. Xayrullah Tulfa jiyanining siyosiy ustozi bo‘lib, u yosh Saddamning ongiga o‘sha vaqtda Iroq jamiyatiga qattiq o‘rnashib olgan arab millatchiligi g‘oyalarini quydi.
XX asrning 50-yillarida Iroq jamiyatida siyosiy qarama-qarshiliklar boshlandi. Ayni shu vaqtda Saddam siyosat olamiga qadam bosdi. Ko‘cha namoyishlarida faol ishtirok etib, 1957 yilda Bass partiyasiga a’zo bo‘ldi. Bu partiya arab millatchiligi mafkurasini radikal pozitsiyadan ilgari surib, arablarning birligi haqidagi g‘oyani targ‘ib qilardi.
Vatandan quvilish
1958 yilda general Qosim Iroq qiroli Feysal II ni taxtdan yiqitdi. Uni «bass»chilar ham qo‘llab-quvvatlashdi. Sababi, general ham millatchi edi. Inqilob mamlakat tarixida burilish nuqtasi bo‘lib xizmat qildi. Iroq Respublika deb e’lon qilindi. Shundan keyin mamlakatda ikki yetakchi partiya – Iroq Kommunistik partiyasi (IKP) va Bass partiyasi o‘rtasida kurash avj oldi. «Bass»chilarning tashviqoti ta’sirliroq bo‘lib chiqdi. Buning sababi, ular arab qadriyatlariga yaqin bo‘lgan panarabizm g‘oyalari va arablarning birlashishi tarafdorlari edi. Ammo, general Qosim Bass mafkurachilaridan farqli o‘laroq Birlashgan Arab Respublikasi (1958-1971 yillarda Misr va Suriya ittifoqi asosida tuzilgan davlat) tarkibiga qo‘shilishga qarshi chiqdi. General Qosim «bass»chilarni xavf deb bilib, ularga qarshi ommaviy repressiya boshladi.
1958 yilda Saddam ham panjara ortiga tashlandi. Biroq, aniq dalillar topilmagani uchun tezda ozodlikka chiqdi. Ko‘p o‘tmasdan Bass partiyasi general Qosimga qarshi suiqasd rejalashtirdi. 1959 yilda 7 oktyabr kuni tunda Bag‘dodda prezident saroyiga ketayotgan general Qosimning avtomobili o‘qqa tutildi. Operatsiya «bass»chilar reja qilgandek yakunlanmadi, Qosim o‘lmay qoldi. Bu suiqasdda Saddam Husayn ham qatnashgan edi. Keyin mamlakatda «bass»chilarni ta’qib qilish boshlandi.
Saddam suiqasd vaqtida tizzasidan yaralangan edi, u ta’qibchilardan qochib, o‘zining Al-Uja qishlog‘iga borish uchun faqat kechasi yo‘l yurdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Saddam to‘rt kecha-kunduz otda yo‘l yurib, hayqirib oqayotgan Dajla daryosini kechib o‘tgan. Bass partiyasi Iroq jamiyatida keng ildiz otganiga qaramay, uning faoliyati taqiqlandi. Ta’qibda bo‘lgan Saddam Husayn o‘z qishlog‘idan Suriyaga, «bass»chilarning asosiy markazi bo‘lgan Damashqqa yo‘l oldi. 1960 yilda u Misr poytaxti Qohiraga uchib bordi. Bu uning hayotida yangi sahifa ochdi.
Saddamning Misrdagi faoliyati
O‘shda kezlarda Qohira arab millatchiligi, inqilobiy turdagi milliy sotsializm markazi edi. O‘rta maktabni bitirgan Saddam Qohira universitetiga o‘qishga kirdi. Saddam Husayn Misrdagi faoliyati davomida o‘zi hurmat qilgan Jamol Abdul Nosir siyosatini sinchiklab o‘rgandi. U Qohirada inqilobchidan mashhur partiya arbobiga aylandi.
1963 yilning 8 fevralda Iroq prezidenti Qosim harbiylar tomonidan ag‘darildi va o‘ldirildi. Bass partiyasi o‘zi tuzgan «Sotsialistik blok» boshchiligida Bag‘doddagi hokimiyatni egallab oldi. Maslakdoshlari Iroqda hokimiyatni egallab olganini bilgan Saddam, mart oyida o‘z vataniga qaytishga qaror qildi. Bag‘dodga qaytayotgan Saddam Husaynni Damashqda Mishel Aflaq kutib oldi va unga Iroqda qanday harakat qilishi kerakligini tushuntirdi.
«Bass»chilar hokimiyatni harbiylar bilan bo‘lishdi. Mamlakat boshqaruvi harbiy qo‘mondon Abdusalom Orif qo‘l ostida edi. Partiya ichida Saddamni havo kuchlari generali al-Bakr qo‘llab-quvvatladi. Saddam yaxshigina harbiy ofitser bo‘lishi mumkin edi. Lekin u arab olamidagi harbiy to‘ntarishlarini tahlil qilib, kuchli va barqaror davlat hokimiyatini tashkil qilish uchun harbiy tuzum samara bermasligiga ishonch hosil qildi. Saddam yakka partiyaviy tuzumga suyangan holda dunyoda yirik armiya tuza olgan va mamlakat ichida barqarorlikka erishgan bolshevistik Sovet Ittifoqi va Gitler Germaniyasidagi siyosiy rejimiga qiziqib qoldi. U partiya va davlat tashkilotlari ustidan nazorat o‘ratishning stalincha uslubining sirlarini o‘rgandi.
Hokimiyatga yo‘l
1963 yilning oktyabr oyida Damashqda Bass partiyasining VI umumarab s’yezdi bo‘lib o‘tdi. Unda Saddam Husayn nutq so‘zlab, Iroqdagi Bassning bosh kotibi Ali Solih as-Saadini qattiq tanqid qildi. Iroqning birinchi raqamli insoniga tosh otgan Husayn mamlakatga kelishi bilan qo‘lga olindi. Lekin u milliy gvardiyachilarning qo‘lidan qutilib qolishga muvaffaq bo‘ldi.
Iroqda siyosiy vaziyat vaqt o‘tgani sayin o‘zgarib bordi. 1963 yil 11 noyabr kuni Iroqda Bassning hududiy s’yezdi bo‘lib, unda as-Saadi lavozimidan ozod etildi. Ko‘p o‘tmasdan, aniqrog‘i 18 noyabr kuni hokimiyat tizginini general Orif boshchiligidagi harbiylar qo‘lga oldi. Harbiylar «bass»chilarni hokimiyatdan chetlashtirdi. Buning ustiga Bass partiyasining ichida bo‘linishlar ko‘zga tashlandi. Bu vaqtda Saddam o‘ta maxfiylik bilan yangi partiya tuzishga harakat boshladi. 1964 yilning fevral oyida Bass rahbariyati Iroqdagi 5 kishidan iborat yangi rahbariyatni tuzish haqida qaror qabul qildi. Bu tarkibda mashhur general Ahmad Hasan al-Bakr va Aflaq tavsiyasiga binoan Saddam Husayn ham bor edi.
1968 yilda al-Bakr uyida ikki partiya a’zolari navbatdagi davlat to‘ntarishini rejalashtirdi. O‘sha yilning 17 iyulga o‘tar kechasi Iroq havo kuchlari generali at-Tikritiy prezident Orifga qo‘ng‘iroq qilib, endi u davlat rahbari emasligini, Iroqdagi hokimiyat Bassga tegishli ekanligini aytdi. Shundan so‘ng Orif Londonga jo‘nab qoldi.
Mamlakatga rahbarlik qilish uchun Ahmad Hasan al-Bakr boshchiligida Inqilobiy qo‘mondonlik kengashi tuzildi. Tashkilotga Saddam ham kiritilgandi. Ahmad Hasan al-Bakr Iroq prezidenti bo‘ldi. Orif hokimiyati yiqitilgach, mamlakatdagi muhim lavozimlar Bass va IKP o‘rtasida taqsimlandi.
Saddamning siyosiy o‘yinlari
Saddam Husayn shunchaki bir chekkada qolib ketishni istamas, shu maqsadda puxta reja tuzib, IKPning nomdor liderlariga qarshi kompromat to‘pladi. Saddamning birinchi nishoni Iroq Mudofaa vaziri Dovud bo‘ldi. 1968 yilda Dovud harbiy kontingentni tekshirish uchun Iordaniyaga yuborildi va u yerda o‘zining iste’fosi haqida xabar oldi.
Bo‘lajak diktatorning navbatdagi nishoni bosh vazir al-Naif bo‘ldi. Saddam uni mot qilish uchun qulay fursat poyladi. Nihoyat, prezident al-Bakr tashkil qilgan kechki ovqat vaqtida al-Naifga qarshi yig‘ilgan hujjatlarni stol ustiga tashladi. Shundan keyin al-Naif Marokashga elchi etib jo‘natib yuborildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, shaxsan Saddamning o‘zi sobiq bosh vazirni samolyotda qurol bilan birga kuzatib borgan.
Birin-ketin o‘z liderlaridan ayrilgan Iroq Kommunistik partiyasi «bass»chilarga qarshi fitna tuzdi. Ammo hiylakor Saddam fitnani fosh qildi. Sobiq vazirlarning tarafdorlari davlat organlaridan olib tashlandi. Shu tariqa Iroqda hokimiyat yakka partiyaviy boshqaruv rejimiga o‘tdi.
Bo‘lib o‘tgan siyosiy o‘yinlar natijasida, Saddam prezident al-Bakrning eng ishongan odamiga aylandi. Davlat rahbari unga Inqilobiy qo‘mondonlik kengashi raisining o‘rinbosari lavozimini tortiq qildi. Saddamning Inqilobiy qo‘mondonlik kengashi raisining o‘rinbosari etib tayinlanishi Iroq mudofaa vaziri, Havo kuchlari qo‘mondoni, Ichki ishlar vazirlarining g‘ashini keltirdi. Sababi, harbiy generallar al-Bakrdan keyin hokimiyat jilovini olishga asosiy figuralar hisoblanib, ularga yana raqobatchining paydo bo‘lishi ortiqcha yuk edi. Saddam Husayn esa ularni hokimiyat uchun kurashda o‘zining asosiy raqiblari deb bilgan holda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri konfliktlardan qochdi va ularga sirtdan sodiqligini isbotlashga harakat qildi. Aslida esa ularni Inqilobiy qo‘mondonlik kengashining boshqa a’zolari va al-Bakrga qarshi qo‘ydi.
1969 yilning yanvar oyida Saddam Husayn Iroq Respublikasi vitse-prezidenti bo‘ldi. Noyabr oyida Saddam Iroq havo kuchlari qo‘mondoni va mudofaa vazirini bosh vazir o‘rinbosarlari lavozimidan chetlatishga muvaffaq bo‘ldi. Bu ish uni Iroqda mutloq ikkinchi raqamli shaxsga aylantirdi.
Saddam «fitnalar» o‘ylab topib, davlat va partiya tuzilmalarini tozalashni uyushtirdi. Shu tariqa tizginni o‘z nazoratiga oldi. Keyinroq Iroq muxolifati Husaynni qiynoqlar va qatllarda shaxsan ishtirok etganlikda aybladi. Saddam Husayn tomonidan «ayg‘oqchilar, chet el agentlari, xalq dushmanlari»ga qarshi kurashish uchun Inqilobiy tribunal tuzildi. Tribunal 14 nafar «Isroil josusi»ni omma oldida osib o‘ldirildi, ulardan 9 nafari yahudiy edi. Saddam jiddiy raqib deb bilgan shia muxolifati (Iroq Kommunistik partiyasi) doim repressiyaga uchradi. Shu tariqa Iroqda Saddam Husayn erasi boshlandi…
Keyingi maqolamizda Saddam Husaynning prezidentlik davri, siyosiy rejimi va uning qulashi haqida so‘z yuritamiz.
Sardor Ali
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter