Biz «Chemodan, vokzal, sam znaєsh kudi» deganimiz yo‘q
Postsovet davlatlari ichida aholisi jihatdan ikkinchi o‘rinda turuvchi Ukrainada 2001 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, 8 milliondan ko‘proq rus millatiga mansub kishilar yashagan. O‘zbekistonda esa hozirgi kunda ularning soni yuqoridagi raqamdan qariyb 10 baravarga kamroqdir.
Ukrainadagi radikal partiya rahbari Oleg Lyashko Radadagi chiqishlaridan birida rus tiliga urg‘u berayotganlarni koyib, «Chemodan, vokzal, sam znaєsh kudi» (Ukrainchani yoqtirmasang, chamadon, vokzal, o‘zing bilasan qayerga ketishni) degandi. To‘g‘ri, qo‘polroq munosabat. Lekin u o‘z ona tilini himoya qilyapti.
Kecha Adliya vazirligi tomonidan bildirilgan taklifdan ayrim rusiyzabon vatandoshlarimizning dili og‘ribdi. Ayrimlari 90-yillar yana qaytadi, ketish boshlanadi, deb bashorat ham qildi.
Avvalo hech kim yurtdan haydalayotgani yo‘q. O‘zbekiston katta mamlakat, unda hammaga joy yetadi. Bizda hali Lyashkolar chiqmadi, hech kim rus tilida so‘zlovchilarni kamsitmadi. Faqatgina yillar davomida xo‘rlanib kelgan o‘z Davlat tilimizga — o‘zbek tilimizga ozroq e’tibor so‘ralyapti.
Bir narsani bilishingizni istardim. Jurnalist sifatida tadbirlarga boraman, ko‘pchiligi bir-ikki nafar rusiyzabon uchun ham rus tilida o‘tadi. Men yillar davomida shu va boshqa sabablarga ko‘ra bu tilni o‘rganishga harakat qilganman va hozir ham o‘rganmoqdaman. Tasavvur qilyapsizmi, men o‘zbek bo‘laturib, O‘zbekistonda yashab, o‘z tilimda informatsiya tarqatish uchun boshqa tilni o‘rganishga majbur bo‘lyapman.
O‘rganganing o‘zingniki deyishingiz mumkin. To‘g‘ri, rus tilini qaysidir darajada o‘rganish menga yangi ufqlarni ochdi. Siz ham O‘zbekistonda yashab turib, biroz o‘zbekchani o‘rgansangiz, bu millatga yaqinlashasiz, u bilan et va tirnoq bo‘lasiz.
«Xalq xizmatchisi» serialida omma o‘rtasida nizo chiqarishda til vositasidan foydalanaylik deydi, oligarxlar. Chunki til masalasi qaynoq mavzulardan. Kechagi loyiha aks-sadosi bunga misol.
Hech kim birovni o‘zbekcha so‘zlashga majbur qilmayapti. Mansabdorlardan davlat tiliga e’tibor so‘ralyapti xolos. Shu vaqtgacha rus tili O‘zbekistonda erkin qo‘llanilib kelingan, bundan keyin ham vaziyat o‘zgarmaydi, deb o‘ylayman.
Ammo shunday islohot rezonansini kutib o‘tirgan ayrimlar haqiqiy propagandani boshlab ulguribdi: Shimol daryolaridan suv ichadigan, pozitsiyasi bilan Rossiyadagi OAVlarni ham ortda qoldiradigan Vesti.uz sayti «V UZBEKISTANE XOTYaT ShTRAFOVAT ZA YaZIK PUShKINA» degan vahimali sarlavha ostida xabar chiqarilibdi.
Xabarning tagida esa tortishuvlar avj olgan. Umuman olganda sayt maqsadiga yetgan, o‘zbekzabon va rusiyzabonlar bir birlarini «chiroyli» gaplar bilan siylamoqda. Mana Vesti.uz ga nima kerak?
Milliy adovat uyg‘otishga turtki bo‘ladigan bu sarlavhalar, yondoshuvlarga xolis baho berish, qarshi tura olish kerak.
Rus va o‘zbek tillariga kelsak, ular bizga xizmat qilishda davom etadi. Hech kim kamsitilmaydi, chamadonini ko‘tarib qayoqqadir ketmaydi. Bittagina chiroyli so‘z: o‘zaro hurmat.
Yuqoridagi fikrlar kaminaning o‘xshagan va o‘xshamagan fikrlari edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter