Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Odam papillomasi virusi: Koreya jamg‘armasi bilan sinov loyiha, ezgu niyat va amal nomuvofiqligi. Oylab kechikkan tahlil javoblari...

Odam papillomasi virusi: Koreya jamg‘armasi bilan sinov loyiha, ezgu niyat va amal nomuvofiqligi. Oylab kechikkan tahlil javoblari...

Janubiy Koreyaning KOFIH fondi va O‘zbekiston hamkorligidagi loyiha faoliyatini o‘rganish asnosida Samarqandda qator hollarda ayollar tahlili javoblari bir necha oylab kechikkani ma’lum bo‘ldi...

Avvalo shuni aytish kerak, ikki davlat hamkorligidagi «Odam papillomasi virusini aniqlash va bachadon bo‘yni saratoni kasalligi diagnostikasi bo‘yicha imkoniyatlarini takomillashtirish» sinov loyihasi maqsadi tahsinga loyiq. Lekin niyat va amal muvofiq kelmagan holatlar mavjudligi achinarli.

Odam papilloma virusi nima va u qanchalik xatarli?

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali ginekologiya bo‘limi mudiri Firuza Orifova qariyb 40 yildan buyon ana shu dargohda faoliyat olib boradi. Yetuk mutaxassis. «Bachadon bo‘yni saratoni ko‘paymoqda va yosharib bormoqda», deydi u. Firuza opa bachadon bo‘yni saratonini aslida oldini olish mumkinligini ta’kidlaydi: «Saraton to‘satdan paydo bo‘lmaydi, o‘zini sog‘lom deb hisoblaydigan ayol ham har olti oyda ginekolog ko‘rigidan o‘tib turishi kerak».

Firuza Orifova.

Bachadon bo‘yni saratoni boshlanishiga papilloma virusi qanchalik o‘rin tutadi?

– Papilloma bachadon bo‘yni saratonini olib keluvchi omillardan biri hisoblanadi. Bu virusning 100 dan ortiq turi bor, lekin shundan to‘rttasi saratonga olib keladigan tur hisoblanadi. Bachadon bo‘yni saratoniga olib keluvchi boshqa omillar ham bor. Bu bachadon bo‘ynidagi fon kasalliklari, ektopiyalar, oddiy tilda aytganda yaralar, leykoplakiya shular jumlasidan. Bachadon bo‘yni saraton oldi kasalligi esa displaziya deyiladi. Mana shu fon kasalliklari, saraton oldi kasalliklariga bu virus qo‘shilsa bachadon bo‘yni saratoniga olib keladigan omil hisoblanadi, – deydi shifokor.

Firuza Orifova bugunda dunyoning qator mamlakatlarida tibbiyot tizimini rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or loyihalarni amalga oshirayotgan Janubiy Koreya jamg‘armasi va O‘zbekiston hamkorligidagi loyiha ahamiyatini ta’kidlaydi.

– Birinchidan, ayol o‘zida virus borligini bilmaydi. Bu asosan jinsiy aloqa orqali yuqadigan kasallik. Erkak o‘zi kasal bo‘lmasa ham, virus tashuvchi hisoblanadi. Ayolni esa virus bezovta ham qilmaydi. Lekin yil o‘tgan sayin o‘sha virusning titri ko‘payib fon kasalliklari qo‘shilsa, immunitet pasayib ketsa, saraton kasalligini keltirib chiqaradigan omilga aylanadi. Deylik, ayolda hozir virus topildi – bu hali saraton emas. Loyihaning yordami, shu virusni aniqlasa, ayol davolansa, tabiiyki, saratonning oldi olinadi.

Ha, KOFIH (Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi) bilan hamkorlikdagi loyiha, agar ish to‘g‘ri tashkil etilsa, ahamiyati beqiyos.

Samarqand jurnalistlar va blogerlar telegramm guruhida 17 fevral kuni «Samarqand viloyatida fertil yoshdagi ayollarda odam papiloma virusini aniqlash va bachadon bo‘yni saratoni kasalligining diagnostikasini takomillashtirish loyihasi» bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzolashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lishi haqida e’lon berilganda, ochig‘i, mavzuning ana shu jihatlarini o‘yladik.

Tadbirda...

Tadbir oldidan ayollar bu loyiha haqida nimalarni bilishlari bilan qiziqdim. Suhbatdoshlardan biri unda virus aniqlangandan so‘ng, keyingi bosqichdagi tekshiruv uchun namunani 4 yanvarda topshirgani va bir yarim oydan keyin ham hanuz javob yo‘qligini aytdi.

– Bir necha marta xavotirlanib qo‘ng‘iroq qildim. «Tinchlikmi, nega aynan mening tahlilim javobi kelmayapti?» dedik. «Xavotirlanmang, bitta sizniki emas» deyishdi.

...Tadbir chiroyli boshlandi. Loyiha haqida gapirildi. Tomonlar bir-birlarini qutlashdi. Tadbir so‘ngida imzolangan hujjat haqida press relizda shunday deyiladi: «Mazkur memorandum 2022 yil avgust oyida Janubiy Koreya KOFIH, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi, Samarqand sog‘liqni saqlash boshqarmasi va Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi o‘rtasida imzolangan investitsiya loyiha hamkorlik shartnomasini 2023 yilda davom ettirish maqsadida imzolandi. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, hamkorlik shartnomasining umumiy qiymati 1 mln. yevroni tashkil etadi».

Laboratoriyani o‘rganish jarayonida, chetroqda, 9-poliklinika ginekolog shifokori Mafiza Xushvaqtovadan javoblar kechikishi sababini so‘radim. «Birinchi marta olingan namunada papiloma bor-yo‘qligi viloyatning o‘zida, mana shu labaratoriyada aniqlanadi. Ikkinchi tahlil Toshkentga jo‘natiladi. Siz aytgan holat Toshkent bilan bog‘liq», dedi shifokor. Shu joyda tahlili javobi chiqmayotgan ayollar 11 nafar ekanini aytishdi. Hamshira Manzura Qanoatova oktyabr, noyabr oyidan buyon kutilayotgan javoblar haqida ham aytdi. Shifokorga masalani o‘rganish uchun ish joyiga o‘tishimni bildirdim.

Ma’lumot o‘rnida

Ayollarda papiloma virusini erta aniqlash borasida KOFIH bilan O‘zbekiston loyihasi 2022 yilning yozida faoliyat boshlagan.  Sinov loyihasi uchun Toshkent shahri, Andijon va Samarqand viloyatlari tanlangan. Samarqandda (shahar va tumanlar kesimida) 2 yil mobaynida 10 000 nafar fertil yoshidagi ayol bachadon bo‘yni saratoniga skring qilish rejalashtirilgan. Avvaliga ayol tanasidan surtma olinib PSR labaratoriya usulida OPVni yuqori onkogen turiga tahlil o‘tkaziladi. Xuddi shu maqsadda Samarqand viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida PSR uskunasi o‘rnatib berildi. Ya’ni, birinchi olingan surtma viloyatning o‘zida tekshiriladi. Yozilishicha, ana shu o‘rganishda namunasidan musbat natija chiqqan (virusi bor) ayollardan virus genotipi va suyuqlik sitalogiyasidan patalogik jarayon bor-yo‘qligini aniqlash uchun takroran surtma olinadi. Namuna olovrang maxsus viala idishiga solingani uchun shifokorlar vialaga surtma olindi, deb qo‘ya qolishadi. 

Maqsad yo‘lida Samarqand shahridagi 4 ta poliklinika ginekolog shifokori qisqa muddatli o‘quvda bo‘lgan. Ularga sovitkich, noutbuk, bir martalik ginekologik ko‘rik uchun to‘plamlar, idishlar va barcha kerakli ashyolar berilgan. Bevosita ayollar bilan ishlash o‘tgan yil avgusti oxiridan boshlangan.

Javobning kechikishi bemor ruhiyatiga qanday ta’sir qiladi?

Va’da qilganimdek, 18 fevralda 9-poliklinikaga bordim. Avvaliga, kuni kecha 11 nafar ayolning tahlili javobi kelmayapti deb aytgan shifokor va hamshira, «yo‘q, 5 nafar ekan, yanglishibmiz» deyishdi. Bir aylanib kelib, «bizda bunaqa holat yo‘q», deb turib olishdi. Ular aytmagan ma’lumotlarni o‘zimiz izlab topdik.

Vasila Q., Nurobod tumanidan, 43 yoshda:

– Birinchi marta tahlil uchun numunani Nurobodning o‘zida topshirgandim. Virus chiqqanini aytishdi. 5 yanvarda Samarqand shahridagi 9-oilaviy poliklinikaga bordim, ikkinchi marta namuna olishdi. Onkologiya nomi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun javobni intiq kutdim. Yaxshi chiqqan bo‘lsa qo‘ng‘iroq qilishmadimi deb ham o‘yladim. Lekin musbat chiqqan ekan. Shuncha vaqtdan buyon qo‘ng‘iroq qilmay-qilmay, 19 fevralda, yakshanba bo‘lsa ham bog‘lanishdi. 45 kunda! «Onkologiya»ga yo‘llanma berishdi. Bilaman, bu hali saraton degani emas. Lekin, uning oldini olishda qaratilgan amalda shunchalik sustkashlik qilishadimi?

Shahnoza T., Jomboy tumanidan, 45 yoshda:

– Avvaliga Jomboy markaziy shifoxonasida virus uchun namuna olishdi. Papiloma virusi chiqdi, deyishdi. Bu hali saraton degani emasligini bilsam-da, ko‘nglim g‘ash tortib yurdim. 4 yanvarda Samarqand shahridagi 9-oilaviy poliklinikada endi hujayralarni tekshirish uchun namuna olishdi. Tahlil javobini bunchalik uzoq kutish, odamni ruhan ezib yuboradi. 19 fevralda, kechga yaqin qo‘ng‘iroq qilishdi... Onkologiya poliklinikasida hisobga qo‘yishdi. Kasallikka chalinmasdan oldini olayotganimdan xursandman. Tunov kuni poliklinikadan yana qo‘ng‘iroq qilishdi va «Siz shikoyat qilganmisiz?» deb so‘rashdi. Aslida ana shu gap urchimaganda tahlillarimizga hali ham javob kelmasmidi?!

19 fevral, yakshanbada narpaylik M.I. (41 yoshda) ham 5 yanvarda topshirgan viala namunasi musbat chiqqani bildirilgan. O‘tgan haftada u uchun ham onkologiya poliklinikasida karta ochilgan.

Yuqoridagilar Toshkentda, Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida tekshiriladigan tahlil natijasi bilan bog‘liq holatlar. Lekin viloyatning o‘zida PSRda tahlil etiladigan namuna javoblari ham uzoq muddat kechikkani ma’lum bo‘ldi.

Yayra A., Bulung‘ur tumanidan, 33 yoshda:

6 dekabr kuni boshqa bir ish bilan tuman markaziga chiqqandim. Bepul analiz qilinishini tasodifan bilib qoldim. Samarqanddan kelishgan ekan. Men ham navbatga qo‘shildim. Virus chiqmasa qo‘ng‘iroq qilmaymiz, deyishdi. Bir oy o‘tdi, ikki oy o‘tdi, jimjitlik. Virus chiqmadi deb emas, ular ham bemorlarga jiddiy e’tibor bermaydigan tashkilot ekanmi deb ko‘nglimdan o‘tkazdim. 18 fevralda qo‘ng‘iroq qilishdi, dushanbada keling deyishdi. Demak, chiqqan ekan, shuni qariyb 3 oy cho‘zish kerakmi deb achchiqlandim.

«Xabar.uz» xuddi Yayra kabi birlamchi tahlil namunasi javobini uzoq vaqt kutgan yana ko‘plab ayollar bilan suhbatda bo‘lgan.

Kalavaning uchi qayerda?

Hamma gap shundaki, tahlilga olingan namunalar avvalo poliklinika sovutkichida to‘planadi. Keyin ularni hamshira viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borib topshiradi. Bu yerda birlamchi, PSR da tekshiriladigan surtmalar olib qolinadi, vialaga olingan namunalar esa Toshkentga jo‘natiladi. Endi savol paydo bo‘ladi: surtmalar 3 ta bekatning qaysisida ushlab qolindi?

Hozirda KOFIH bilan hamkorlik loyihasida Samarqand shahrida yana ikkita, 2 va 3-poliklinikalar ham ishlayapti. 3-poliklinika ginekolog shifokori Shahnoza Ubaydullayeva «Bizda bunaqa kechikib javob kelishi holati bo‘lmagan» deydi. Lekin, 9-poliklinikada bir kunda topshirilgan surtmalarning turli vaqtda javob kelgani holatiga nima deysiz?

Loyihaga Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi ma’muriyatining to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi yo‘q, deb ta’kidlandi. «Faqat joy berganmiz, xolos». Shifoxonadagi laboratoriya loyihaning asosiy tayanch nuqtasi. Viloyatda tekshiriladigani ham, Toshkentga jo‘natiladigani ham avvalo shu yerga kelib tushadi. Kodlangan idishchalar qabul qilinganda, tabiiyki, qayerdadir qayd qilinadi. Ana shu ro‘yxat, barcha ehtimollardan voz kechishga, mas’uliyat qaysi bo‘g‘inda yo‘qolganini aniqlashga imkon berardi. Lekin laboratoriya bo‘lim boshlig‘i Intizor uzr so‘rab, hech qanday ma’lumot berolmasligi, Toshkentdan shunaqa ko‘rsatma bo‘lganini aytdi.

Ana shundan keyin, 15 kunda tayyorlanishi kerak bo‘lgan tahlilning oylab sudralishi va tizim ishi mutanosibligi savol ostida qoldi.

Surtma sovutkichda 40 kungacha saqlanganda mohiyati yo‘qotmaydi, deb aytishdi. Lekin, Samarqandda ham elektr ta’minotida muammolar kam emas. Bu birinchidan. Ikkinchidan, hatto elektr o‘chmagan deb faraz qilganda ham javobi 2, 3 oydan keyin kelgan namunalarning tahlilga kirguncha o‘zligini saqlab qolgani savol paydo qilmaydimi?

Rejani bajarish kerak, lekin...

Loyihada ishlash uchun maxsus tayyorlangan 1-oilaviy poliklinikasidan faoliyat boshlanganidan bir oy o‘tar-o‘tmas, berilgan sovitkich, noutbuk va boshqa buyumlar ko‘p tarmoqli shahar markaziy poliklinikasiga o‘tkazilgan. Qandaydir vaqtdan keyin bu buyumlar markaziy poliklinikadan ham olingan va 8-oilaviy poliklinikada paydo bo‘lgan. Gap bu yerda buyum haqida emas. Besh oy davomida loyiha doirasidagi vazifa uchta muassasaga yuklatilgan va yana qaytib olingan.

Samarqanddagi 1-oilaviy poliklinikasi ginekologiya bo‘limi mudiri Dilorom Nasriddinova KOFIH bilan hamkorlik dasturi bo‘yicha maxsus o‘qitilgan shifokorlardan biri.

– Tumanlarga chiqib, ommaviy ravishda surtma olish talabi qo‘yildi. Chunki, hududimiz bo‘yicha poliklinikaga kelib surtma topshiruvchilar soni bilan loyiha rejasini to‘ldirolmas edik. Xo‘p, biz tumanga boramiz. Sovutkichni birga olib borolmaymiz-ku. Borgan yerimizda tahlil uchun sovutkich bor-yo‘qligini bilmaymiz. Yo‘lovchi mashinada quti-quti ginekologik to‘plamlar, anjomlarni, idishlarni birga oldik ham, deylik. Masalan, 100 ayoldan namuna olguncha va ikki soatlik yo‘lda qaytguncha, sumkamizdagi namunalar asliyatini yo‘qotmaydimi? Bu issiq havoli senyabr oyidagi gap. Lekin tumanlardan o‘zlari kelishsa, navbatsiz qabul qilamiz, deb bildirdik, ayollarimiz tumanlardan ataylab shuning uchun kelishmaydi, – deydi Dilorom.

Samarqand shahar ko‘p tarmoqli shifoxona ginekologi Klara Jalilova:

– Loyihani bizdan nega olishganini bilmayman. Lekin, tumanlarga chiqolmadim. Tumanga chiqsam, bu yerda ma’lum vaqtda kelishi shart deb aytilgan bemorlarim, homiladorlarim kelsayu, men bo‘lmasam, ishonchni yo‘qotaman.

8-oilaviy poliklinakasi ginekologiya bo‘limi mudiri Lola Maqsudova:

– Faqat sovitkich qoldi, shuni tashish muammo bo‘lib turibdi, boshqa hamma narsa qaytarildi. Bitta vrachim bor, o‘zi ham homilador, tumanga chiqolmaydi, hududimiz bo‘yicha mumkin qadar ko‘proq ayollarni jalb qilishga harakat qildik, baribir loyihadan chiqib ketdik.

3-oilaviy poliklinika ginekolog shifokori Shahnoza Ubaydullayeva rejani bajarayotganlardan. U ham bir necha marta tumanga chiqqan ekan. Turmush o‘rtog‘i mashinasida olib borgan.

– Tahlil topshiruvchilar haftasiga 50 nafardan kam bo‘lmasin, deyishdi. Lekin 15-20 nafar ayol kelardi. Tumanlar esa har borganimizda 100-150 nafardan odam yig‘ib berishardi, hozir borsak ham yig‘ib berishadi. Lekin 3-4 oydan beri tumanga chiqmayapmiz. Chunki, bizning poliklinikaning Zarafshon, Qorasuv, Motrid, Bog‘ibaland kabi filiallari bor. Ana shu filiallarga chiqayapmiz.

Shahnozaning aytishicha, u 2300 nafardan ortiq ayoldan namuna olib topshirgan.

9-oilaviy poliklinika hamshirasi Manzura Qanoatovaga ko‘ra, loyiha faoliyati boshlanishidan buyon ularda tahlil olingan ayollar soni 2035 nafar (17 fevral sanasi ma’lumoti).

Rasmiy ma’lumotda aytilishicha, 2022 yilning avgust oyidan 2023 yil yanvar oyigacha viloyatda 6385 nafar fertil yoshidagi ayoldan OPViga tahlil olinib tekshirishdan o‘tkazilgan.

Loyihada ikki yilda 10 mingta, bir yilda 5 mingda ayolda tekshiruv o‘tkazish rejalashtirilgan. Reja ortig‘i bilan bajarilganiga men ham ishongim keladi. Lekin buning uchun, deylik, 2035 nafar ayol tekshirgani aytilgan shifokor, bo‘lmaganda oyida 400, haftasiga 100 atrofidagi ayoldan namuna olishi kerak. Bunday raqam faqat tumanga chiqilgan vaqtlarda yuzaga kelgan. Tumanga esa har hafta chiqilmagan. 9-poliklinikada, deylik, noyabr oyida haftasiga 15-25 nafar atrofidagi ayoldan surtma olingani qayd qilingan (Masalan, 31 okt.- 5 noyabrda 12 nafar, 12 noyabr – 18 noyabrda 25 nafar). Surtma solingan idishchalar soni 60 ta bo‘lmaguncha olib borib topshirilmagani aytiladi. Tahlillar javobi kechikishining birinchi sababi shu deb ko‘rsatiladi.

Keyingi bosqichda ham tahlil idishlari soni ahamiyatli bo‘lib chiqayapti. Har qanday tahlil uskunalari 36 talik, 42 talik va 96 talik katakka ega. Boshqacha aytganda, masalan, PSR da 36 talikda 35 ta tahlil idishi va ularning yonida bitta reaktiv qo‘yilib tahlil natijasi olinsa, bunda reaktiv eng tejalgan usul hisoblanadi. Agarda 96 ta viala qo‘yiladigan uskunaga 20 ta qo‘yib, bitta reaktiv ishlatilsa, moddiy yo‘qotish ko‘payishi aytiladi. Uskuna to‘lishi uchun esa tahlil qilingan ayollar soni hisobotda emas, amalda oshishi kerak.

Loyihani takomillashtirsa bo‘ladimi?

Yuqorida qancha kamchiliklar aytilmasin (aytilmaganlari hali bor), bular loyihani to‘xtatishga emas, balki mukammallashtirilishiga xizmat qilishi kerak. Men Shahnoza Ubaydullayevaning «Ginekologik kresloga chiqishidan oldin ayolga bir martalik to‘plamni o‘z puliga olib kelishini aytishga xijolat bo‘lardim. Ko‘rikka kelgan ayolga loyiha bergan to‘shama, oyna, qo‘lqop va hokazolarni ishlatamiz. Ham surtma olinadi, ham ko‘rik qilinadi. Undan keyin bu tahlil xususiy klinikalarda o‘ziga yarasha narxda. Sharoiti qiyinroqlar kam emas. Imkoni borlari ham hafsala qilib boravermaydi. Virusni aniqlaymiz deb, saratonning ilk belgilari topilgan holat ham bo‘ldi» deganini unutolmadim. 

Shahnoza Ubaydullayeva

Bulung‘urlik Yayra o‘zi OPVga tasodifan namuna topshirib, ovsinlari uyda bexabar qolganidan xijolatda. Tuman shifoxonadagilari o‘z tanish-bilishlarini chaqirishgan deb aytadi soddalik bilan. «Opamning «matka»si og‘rib yuradi. Chaqirtirdim. To kelguncha ketib qolishibdi. Bunaqa tekshiruvlarni tanlanma emas, balki qishloq-qishloq qilib javlik qamrovda o‘tkazish kerak» deydi Yayra.

Kattaqo‘rg‘onlik Sayyora katta bo‘lib ketayotgan miomasi masalasida kelganda, biryo‘la Samarqand «onkologiya»siga yo‘llanma bermaysizlarmi? Surtma javobini ikki oy kuta-kuta bugun Toshkentdagi onkologlar huzurida yuribdi.

Firuza Orifova «Avvallari bu kasallik 45-50 yoshdan oshganlarda aniqlanardi. Hozirda 25-30 yoshlarda ham bachadon bo‘yni saratoni uchrayapti» deydi. Shifokor kasallikning oldini olish, aniqlanganda, vaqtida davolanishini ta’minlash borasida davlat miqyosida qilinayotgan ishlar ham salmoqli ekanini aytar ekan, ayrim hollarda ayollarimizning o‘zi beparvo qolayotganini eslatadi: «Yillab ayollar doktoriga ko‘rinmagan xotin-qizlarimiz bor».

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, mamlakatda bachadon bo‘yni saratoni 2012 yilda 1323 holatda aniqlangan bo‘lsa, 2022 yilda bu raqam 1851 taga o‘sgan. Aynan shu kasallik ortidan o‘lim holati esa 2012 yilda 736 tani, 2022 yilda 969 tani tashkil qilgan.

Mustahkam Tangiyorova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring