«Bog‘ibaland»ga turizm mahallasi maqomi berildi: bu anjirzorni muammolardan qutqara oladimi?
Boqqa kirib boraverar ekansiz, anjir hidi dimoqni qitiqlaydi. Anjirzor orasidagi ulkan o‘rik soyasida ko‘rpachalar solingan chorpoya, saranjom stol-stullar. To‘rqovoqlarda bedanalar tinmay sayrayveradi.
Tepangda ipga tizilgan anjir qoqi. Parda orqasida o‘choqqa o‘t qalashayapti. O‘choq yonida samovar. Bu yerdan nari borsa 100-200 metr naridagi g‘iz-g‘iz avtomobil qatnab turgan katta yo‘l, uning atrofidagi g‘ala-g‘uvurli dunyoni bir dam unutasan kishi. Zero, shahar shovqinini daraxtlar butkul yutgan. «Sharof bobo chaylasi» degan yo‘l ko‘rsatkichi orqali topib kelgan maskanimdagi manzara edi bu.
Bu mo‘’jaz bog‘ Siyob bozoridan Samarqand Xalqaro ayeroportiga tomon bor-yo‘g‘i to‘rt bekatlik yo‘lda. Bog‘ibaland Temuriylar bog‘laridan biri sifatida ta’kidlanadi. Bugundagi Bog‘ibaland yarim, bir gektarlik alohida-alohida bog‘lar (jami 40 gektar bog‘) va ularga tutashgan hovli-joylardan iborat mahalla. Ha, shahar ichidagi plantatsiya. Samarqandda «Anjir sayli» deyilganda shu joyni tushunishadi.
Kuni kecha «Bog‘ibaland» mahalla fuqarolar yig‘iniga «Turizm mahallasi» maqomi berildi. Bu nom zamirida tabiiyki anjirchilik turibdi.
...Tadbirdan bir haftalar muqaddam Bog‘ibaland mahallasida bo‘ldik. Avvalo Sharofiddin bobo Asliyev bog‘ida samimiy, xokisor inson bilan maza qilib suhbatlashdik. Keyin O‘ktam bobo bog‘iga o‘tdik. Bilimdon inson ekanlar. So‘ngida Rustam aka Muinovni topdik. Xullas, yaxshi an’analar, xotiralarni aytishdi. Lekin anjirchilik kelajagiga bo‘lgan xavotirlar e’tiborimizni tortdi.
Anjirzorni yoshlar nega tark qilmoqda?
Sharofiddin Asliyev (Sharof bobo) 75 yoshda. «Esimni tanibmankim, bog‘ ichidaman. Lekin o‘z hovlimizda ham 20 tacha anjir daraxti bor edi. 70-yillar boshlarida dadam kolxoz tarkibida shu bog‘ni oldilar. Bog‘ning mana bu tomondagi daraxtlarini, 73 yilda, armiyadan qaytib kelgan paytimda o‘zim ekkanman. Chorpoya orqasidagi tomonda esa 150-200 yoshli daraxtlar bor», deya yarim gektarlik bog‘i bilan obdon tanishtiradi ota.
2006 yilda fermer xo‘jaliklariga o‘tilganda, xuddi shu joy Sharof otaga qolgan. Aniqrog‘i, mahalladagi 40 gektar yer 4 ta fermerga berilgan va har bir fermerga bir necha bog‘bon rasmiylashtirilgan. Shunday bo‘lsa ham bog‘bonlar o‘zlaricha ishlaydi. O‘zlari sug‘oradi, o‘zlari dorilaydi, hosilni o‘zlari sotadi, hech kimga hisob bermaydi, hech kim ularni tergamaydi.
— Anjirning ishi og‘ir, butun oila band bo‘lamiz. Kamiga yordamchilar ham yollaymiz. Parvarishdagi xarajatlar yildan yilga ortib borayapti. Lekin, dadamning mehnatlari singgan daraxtlar bular... — sokin gapiradi ota.
70 yoshli O‘ktam Rofeyevning bog‘i esa bir gektar. O‘ktam bobo ham bog‘ining azizligini otasi xotirasi bilan bog‘laydi:
— Bu bog‘ garchi fermer xo‘jaligi tarkibidagi joy bo‘lsa ham, dadamdan meros deb bilaman. Dadam umrlari mana shu anjirzorda o‘tgan. Keksa anjirlarda dadamni qo‘llari izlari bor. Dadamning ruhlari qaqshamasin deb ulardan ham ziyoda qarashga harakat qilamiz.
Sharof bobo, O‘ktam bobo kabi yoshi ulug‘ bog‘bonlarning har biri ehtimol shu gapni aytar. Ammo, ular hozirda yoshlar anjirzorda ishlashni istamayotganini ham bir ovozdan ta’kidlashadi.
Sharofiddin ota o‘g‘li Shahobidinni so‘nggi yillardagina yoniga olganini aytadi.
— Bir necha yil avval ishi og‘ir va puli kam, bog‘da ishlamayman deb Rossiyaga ketib qoldi. Tushuntirdim. Bog‘ni kimgadir bersak, sovuq urdiradi yoki issiqda quritadi, qarolmay qoladi dedim, ajdodlarimiz o‘tgan joy, ruhlari qaqshaydi dedim.
Shahobiddin stomatolog mutaxassisligiga ham ega. Bog‘da ishi ko‘pligidan suhbatga chorlolmadim. Shahobiddinning o‘g‘li Samarqand davlat tibbiyot universitetida o‘qiydi. Telefon kavlashtirib o‘tirgan yigitchaga «kelajakda sen bog‘ni boshqara olasanmi?» dedim. U hayratlanib «Yo‘g‘-e» deb o‘rnidan turib ketdi...
Sharof bobo o‘g‘li «oilaviy shuncha ishlab, katta xarajat bilan hosil ko‘targanga yarasha yilda 2-3 ming dollar daromad olsak edi» deyishini eslatadi.
O‘ktam bobodan Bog‘ibaland anjirchiligi va yoshlar haqida fikrini so‘raganimizda «Doimo o‘ylaydigan gapimni aytayapsiz-da» deydi. «Bugungi yoshlar mana shuncha kishi bo‘lib shuncha ishlayapman, mana buncha xarajat bo‘layapti. Hosil qancha foyda berayapti deb hisoblab ko‘radi. Narx-navo bilan daromad o‘rtasida balans bo‘lishi kerak» deydi bog‘bon.
O‘ktam boboning ham xuddi Sharof bobo kabi yolg‘iz o‘g‘li va ikki qizi bor. Bu oilada ham ikki qiz chiqarilgan, ularning bog‘ ishlariga aloqasi yo‘q. Boboning o‘g‘li Ziyodullo Samarqand Davlat chet tillar institutidan keyin Sankt-Piterburgda aviatsiya oliygohida ta’lim olgan. Hozirda Samarqand Xalqaro ayeroportida yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish agenti. Ammo anjir terimi mavsumida o‘zi ham, shifoxonada bosh hamshira bo‘lib ishlayotgan ayoli ham mehnat ta’tiliga chiqishgan. «Qiyin ish bo‘lsa ham bobomdan meros bu» — O‘ktam bobo ohangida gapiradi u.
Biroq, anjirzor ishidan ketayotgan yoshlar kam emasligi fakt. «Bog‘ibaland anjirlari» fermer xo‘jaligi boshlig‘i Rustam Muhinov aniq raqamlar ustida to‘xtaladi. «Har yili 4-5 ta yoshlarimiz ishini topshirayapti. Mana shu yil ham 4 nafar yigitimiz bog‘idan voz kechdi» deydi Rustam aka.
Xo‘sh, nega? Bu yili bozorning old anjiri kilosi 25-30 ming sotilayapti. Arzon emas! Anjir shu narxda keraklicha daromad bermaydimi?
Ziyodulloning aytishicha, eng og‘ir mehnat va katta xarajat hosil yig‘ib olinganidan so‘ng boshlanadi. «Avvalo yerga yaxlit suv beriladi. Mardikor ishlatasiz. Keyin daraxtlarni ko‘mish uchun maxsus xas – lux sotib olinadi. Kattagina pulga tushasiz. 100-200 yillik daraxtlarning ulkan shoxlarini egib ko‘mish uchun kamida 10-15 kishi kerak. Yana mardikor ishlatasiz, kuniga har biriga kamida 200 mingdan bo‘ladi. Ularning yeb-ichishini ta’minlaysiz. Bir kunga 10 nafar mardikor ishlatsangiz qancha bo‘ladi? 5 kun, 10 kunda-chi? Har yili soliq oshayapti. Anjir sotilganidan tushgan pulning 60-70 foizi o‘zining xarajatlariga ketadi»
Lux, uning ustidan tortilgan bir mashina tuproq...
Lux — asosan baliqlar boqiladigan suvda o‘sadigan o‘simlik. Baliqchilik xo‘jaliklarida hovuzdan lux o‘rib olib chiqilib, bog‘-bog‘ qilib sotiladi. Anjir boshqa mevalarga qaraganda nozik, sovuqqa chidamsiz, deyishdi. Oktyabr oyida anjirni ko‘mish sovuqdan asrashga qaratilgan tadbir ekan. Bog‘dagi daraxtlarga e’tibor berib qarasangiz, shoxlarni ayri ko‘tarib turibdi. Sharof bobo hikoyasidan: «Kuzda ana shu ayrilarni olib ostiga arqon tashlaymiz. Bu ishda 15 kishi bo‘lishi kerak, odam kam bo‘lsa uddalash qiyin. 6, 7 kishi ikki tomondan ulkan shoxlarni (ularning ba’zilari yerga yotadi, ba’zilari yotmaydi) to‘plab arqonda qisib tortadi. Shunda shoxlar ixchamlashadi. Keyin ularni yerga yotqizib, boyagi ayri shoxlar uning ustidan teriladi. Qisish jarayonida singan, zaralangan shoxlarni ham qo‘shib qo‘yamiz. Shundan keyin uning ustiga lux degan xas yoyiladi. Jizzax tomonlardan, Payariqdagi baliqchilik xo‘jaligidan olib kelamiz».
Rustam Muinov avvallari yaqingina joydan lux tashilganini ta’kidlaydi. «Shu lux degan narsani Zarafshon daryosi atrofidan aravadami, boshqa ulovdami olib kelishgan. Hozir Zarafshon daryosining suvi kamaygan. Lux o‘smay qo‘ygan. Chelakdagi baliqchilik xo‘jaligida esa lux bor. Bizlardan 52 kilometr uzoqlikda. Uni olib kelish uchun transport ham qimmatlashib ketgan».
Har bir anjirga uning katta-kichikligiga ko‘ra, 20, 25 yoki 30 bog‘ lux ketarkan. Yarim gektarlik bog‘da 60 tupdan 80 tupgacha anjir daraxti bo‘lishi mumkin. Deylik, eng kam holatda 60 tup daraxti bor bog‘bon o‘rtacha hisobda lux ishlatganda ham bir yarim ming bog‘ kerak bo‘ladi. O‘tgan yili luxning bir bog‘ini 4 ming so‘mdan olishgan. «Bu yil yana qimmatlasa kerak», bashorat qilishdi bog‘bonlar.
Lux kam to‘shalganda anjirni ko‘mishning foydasi bo‘lmas ekan. Undan keyin bir tup anjirning ustiga bir mashina tuproq bosilar ekan. «Kuzda shu bir moshin tuproq tortiladi, bahorda shu bir moshinni yana ustidan ko‘tarasiz. Bir gektar yerda 120-150 tup anjir bor. Boringki, 100 moshin tuproq deng. Hammasi qo‘l mehnati bilan. Texnika bilan bir sinov o‘tkazdik. Ekskovator ustiga birdan ko‘p tuproq tashladi, anjir sinib ketdi. Anjirning ustida tuproqni asta-asta tashlash kerak» aniqlik kiritadi Rustam Muinov.
Ziyodulloning hisobi bilan aytganda, kuniga 10 mardikorga 2 mln (15 tasiga 3 mln) ketsa, ular haftalab ishlasa, luxdan ham ko‘ra mardikorga xarajat katta bo‘larkan.
O‘tgan kuzda luxni kam qo‘yishganmi yoki tuproqni yetarlicha tortishmaganmi, ko‘klamda Bog‘ibalandda anchayin anjir daraxtini sovuq urgani ma’lum bo‘ldi. O‘ktam bobo anjir savatlarini mashinaga ortib bozorga jo‘nab ketgach, ularning ayoli Mehri aya Ibrohimova bilan suhbatda ana shu gap ustida to‘xtaldik.
— Shu qish 16 ta bog‘ni sovuq urib ketdi. O‘rtacha 50 tup daraxti bo‘lsa ham, hisoblang qancha bo‘ladi bu. 1000 tupdan ko‘p daraxtni sovuq urdi, — kuyinib gapirdi aya.
Boshqa bog‘larda ham ayrim shoxlari yoki daraxtlarning o‘zi to‘laligicha zarar ko‘rgani ma’lum. Rustam Muinov esa qishlar iliq kelganidan ayrimlar daraxtni ko‘mmay qo‘yishga odatlangani, sovuq urgan holatlarning bir qismi ana shunday anjirlari umuman ko‘milmagan bog‘lar bilan bog‘liq, deydi.
Suv muammosi
Anjirzorning yana bir dardi — suv. O‘tgan yili ayni saratonda Obirahmat arig‘idan suv kelmay qolganidagi ahvolni Bog‘ibaland ahli yaxshi eslashadi. O‘shanda jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayevning mavzuga oid maqolasidan keyingina ariqqa suv keldi.
Jurnalist so‘ng «Anjirzorga suv kelgan, Obirahmat arig‘i to‘lib oqmoqda. Ammo bu qancha vaqt davom etadi?» degan savolni o‘rtaga tashladi. Vaholanki, maqola ortidan Samarqand eshkak eshish kanali hududida «Samarqand turistik markazi» qurilishi davomida Obirahmat arig‘ining o‘zani o‘zgartirilgani ma’lum bo‘ldi. «Endi suv kanal to‘lib bo‘lgach, Obirahmat arig‘iga o‘tadi. Kanaldan tabiiy ravishda suv chiqmagan paytda uni nasoslar bilan ariqqa oqizish lozim bo‘ladi» deb davom etadi jurnalist. Yoshlar ham, qariyalar ham o‘sha nasoslar bir kuni ishdan chiqmasligiga kafolat bormi, degan mulohazani o‘ylashi tabiiy.
Qolaversa, bu yil ham suv tanqisligi ozmi-ko‘pmi sezildi. Rustam Muinov Obirahmat tarixiy arig‘i aholi tomonidan sun’iy ravishda kichraytirilayotganidan afsusda. «Hozir ariqning ikki tomoniga uy qurib ariqni yopib olishgan. Ariq ayrim hovlilardan o‘tganida uni betonlab kichkina ariqcha shakliga keltirib qo‘yishgan yoki ustini butkul yopishgan. Kirib tozalagani, kavlagani ham qo‘yishmaydi. Yuqoridan suvni ochib kelsak, uyini suv bosayapti. 2 ta motor qo‘yib suv chiqarishdi, baribir kam».
Ziyodullo ham Rustam akaning fikrlarini quvvatladi, anjir tugib bo‘lganidan keyin osti imkon qadar nam bo‘lishi kerakligini uqtirdi.
Eksport qilib bo‘lmaydi, qayta ishlash korxonalari yo‘q
Anjirni eksport qilib bo‘lmaydi. Tezda buzila meva bu. «Tursa 8 soat turadi» deyishdi. Anjirni boshqa mevalar kabi ulkan sovitkichlarda ham saqlab bo‘lmaydi. Baribir achiydi. Mehri aya dubaylik oila ikki kilo sariq va ikki kilo qora anjir olib ketganini hikoya qildi. «Qorasi yaxshi boribdi, sarig‘i esa aynib qolibdi. Oqshomda, yangi terilganini olib ketgandi. Tongda uchgan» deydi aya.
Aynan sariq anjir Bog‘ibaland brendi hisoblanadi va Samarqandda qora anjirga talab juda kam. Bir vaqtlar viloyatda konserva zavodi ishlab turganda, tonna-tonnalab anjir murabboga topshirilgan. Hozir esa Bog‘ibaland anjirini murabbo uchun yirik hajmda oladigan birorta kichik korxona bo‘lsin, sex bo‘lsin — yo‘q.
Bog‘ibaland fermerlari mahsulotni davlatga topshirmaydi, balki ma’lum miqdorda pul o‘tkazadi. Bog‘bon hosilini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zi bozorga chiqarishi bir tomondan ularga qulaylik. Lekin ayni bir oylik yig‘im mavsumida bog‘bon oilasi uchun eng tig‘iz payt. Pishgani darrov terib olinmasa to‘kilib ketaveradi, yordamchilarni nazorat qilish kerak. Terilganlarni navlarga ajratish lozim. Anjirxo‘rlikka kelgan mehmonlarni kutib olish, kuzatish ham muhim. Shundan, aksariyat hosilni savdogarlarga berishadi. Hosil ikki idishga ajratiladi. Murabboga yaraydigan anjir narxi dasturxonga tortiladigan anjirdan ikki-uch baravar past yuradi. To‘g‘ri, unisini ham, bunisini ham olishadi, qolmaydi. «Lekin, qandaydir korxona murabboligini katta miqdorda peshma-pesh olaversa, bizga ancha yordam bo‘lardi», deydi Sharofiddin bobo.
Rustam aka esa to‘rt-besh yilcha avval o‘tkazgan bir tajribasini gapirib berdi.
— Ichki bozorni o‘rganish uchun 2 ming banka murabbo yoptirdim. Uy sharoitida, toza-ozoda, sanitariya talablari asosida tayyorlangan murabbo. O‘sha paytda yarim litrlik bankasi 3600 so‘m narx bilan chiqdi. Men mana shu mahsulotni Samarqandning hamma zavodlariga olib bordim. Har bir bankaga mehnat haqini qo‘shib 4000 so‘mdan taklif qildim. Bu o‘shanda ham juda past narx edi. Istagan labaratoriya tekshiruvi o‘tkazinglar, talabga javob bersa, olinglar dedim. Yo‘q, hech tekshiruv o‘tkazmay, rad qilaverishdi. Shundan keyin ancha ovoragarchilik bilan kichik-kichik do‘konlarga tarqatdim.
Bu yil ham Rustam aka bog‘ida anjir murabbo pishirilayapti. Bir litrlik banka 50 ming so‘m, yarim litrligi 30 ming so‘m. Mehmonlar so‘rashar ekan. Shunda men supermarketlarimizda Qozog‘istonda tayyorlangan, 400 grammlik idishdagi xilma-xil (anjirlisi ham bor) murabbolarni 40 ming so‘mdan sotilishini esladim. Hamma uchun ham cho‘ntakbop bo‘lmagan Xitoydan import qilinayotgan turli meva qoqilari ko‘z oldimga keldi. (Ozroq sutga 7-8 dona anjir qoqisi solib qaynatib ichilganda, qishda yo‘talga qarshi eng yaxshi dori).
«Qishloq xo‘jaligi mahsuloti uchun yer solig‘ini shaharchasiga to‘laymiz»
Yuqorida ishora qilindi, Bog‘ibaland Samarqandning mashhur lokatsiyalaridan biri — Siyob bozoridan 4-5 kilometrcha masofadan boshlanadi. Bu joy yaqinlargacha Samarqand tumaniga qarashli edi. Anjirzor 2011 yilda Samarqand shahar tasarrufiga o‘tkazildi. Endi unga qishloq emas, mahalla degan sifat ishlatilsa ham, anjirchilik aholining asosiy faoliyat turi bo‘lib qolaverdi. Fermer xo‘jaligi tarkibidagi 72 oila o‘z bog‘larida odatdagidek ishlayverdilar. Bugunda O‘zbekistonda shaharga qarashli hududda qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiradigan yagona mahalla — shu Bog‘ibaland. Hozirga qadar bu holatning bog‘bonlarga og‘irligi bo‘lmagan. Lekin...
— Shu paytgacha yer solig‘ini tumanga berib kelganmiz. 2023 yili shahar, yer bizniki bo‘lsa, soliqni bizga berasiz deyapti. Shaharda esa yer solig‘i qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan tumanlardan farq qiladi — qimmat. «Ilgari yer solig‘i uchun tumanga bir so‘m bergan bo‘lsak, shaharga ikki so‘m to‘lashimizga to‘g‘ri kelayapti», deydi Rustam Muinov.
Shusiz ham qariyalar o‘tganlar ruhi, yoshlar ota-onalarining so‘zidan o‘tolmay ishlayotganini aytib turishibdi. Yanvardan boshlab yer solig‘i ikki baravar oshganini ko‘pchilik yil oxirida sarhisobda bilishadi...
Daraxtlar ataylab quritiladimi?
Mavsum davomida «anjir sayli» deyilmasa ham har kuni, har bir boqqa mehmon keladi. Odatda anjirxo‘rlik ertalab, nonushtaga mo‘ljallanadi. Sharof otaning bog‘ida mehmonlarning o‘zaro suhbati diqqatimni tortdi. Anavi o‘rtada o‘tirgan kishi anjirzorga Brejnevu Xrushyov, Sharof Rashidov kelganini esladi. Uning aytishicha, general Do‘stum va Burhoniddin Rabboniy ham shu yerlarda mehmon bo‘lgan ekan.
A’lam Burhonov mustaqillikkacha va undan keyin ham Bog‘ibalandda uchastka inspektori bo‘lib ishlagan ekan. Mehmonlarni kutib olishda qatnashganini aytdi. A’lam aka keyin yana bir og‘riqli jihatni tilga oldi.
— Bir vaqtlar anjirzor 80 gektarli bog‘ edi. Hozir 40 gektar chiqyapti. Bizlar o‘tgan asrning 78-yilida maktabni bitirganda, mana bu avtovokzal, restoranlarning o‘rinlari – hammasi anjirzor edi. Orada ikkita moshin o‘tadigan tor yo‘l bor edi xolos, qolgani anjirzor edi. Bog‘ning to‘rt tomonidan uchastka quraverib, qisqartirib kelishayapti. Shuni endi joyiga qo‘yish kerak. Misol uchun, uy-joy kerak bo‘lsa hokimiyatga ariza bersa, ana Cho‘ponotadan yer beryapti, Samarqand tumani hududidan yer beryapti. Lekin bu bog‘ni buzib tashlash mumkin emas-da. Bu – tarix!
2006 yilda, dehqon fermer xo‘jaligiga o‘tilganiga qadar Samarqand tumani «Zarafshon» kolxozi tarkibida anjirzorda brigada boshlig‘i bo‘lgan Rustam Muinov 90-yillardan boshlab hech kimga uy-joy uchun yer berilmaganini aytadi. Lekin, istisno tariqasida kimlargadir berilgan ekan. A’lam Burhonov esa «Quriyotgan, aniqrog‘i, quritilayotgan bog‘lar, bu yangi uchastkalar uchun tayyorlanayotgan yerlardir» degan gapni tilga oldi.
— Ataylab qishda anjirni ko‘mmayotganlar haqidagi gaplar quloqqa chalinadi. Nazorat o‘rnatish kerakmikan? — deydi A’lam aka.
Bog‘ibalanddan viloyatning boshqa hududlariga ham anjir ko‘chatlari olib borib ekilayapti. Lekin ularning mevasi ta’mi ham, rangi ham Bog‘ibaland anjirichalik emas. A’lam aka gapirayotganda ana shu ma’lumot yodga kelaverdi...
Yuqoridagilar anjirzorda to‘plagan ma’lumotlarning yarmi ham emas. Aytilmagan gaplar hali ko‘p. Kashf qilganlarim ham. Anjir gulini ko‘rgan odam yo‘q ekan. Anjir yiliga ikki marta hosil beradi. Anjirni – jannat mevasi, deyishlari bejiz bo‘lmasa kerak.
Har holda Temuriylar davridan meros Bog‘ibalandga «Turizm mahallasi» maqomi berilgani quvonarli. Shu bahonada mahallada infrastruktura ob’yektlari va xizmat ko‘rsatish joylari tashkil qilindi, turli qulayliklar yaratildi. Endi sayyohlar ko‘proq kelishi kutiladi. Bularning hammasi yaxshilikka, albatta.
Lekin, mehmonlar ko‘payishi yoshlarni bog‘dorchilikka qaytarishga yetarli omil bo‘la oladimi? Masalaning qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi vazirliklari, soliq qo‘mitasi, mahalliy hokimliklarga aloqador joylarini Turizm qo‘mitasi uddalay olmaydi, degan xavotirdamiz.
Mustahkam Tangriyorova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter