Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erkinjon Karimov

Har qanday vaziyatda ham samimiylik muhimdir.

O‘zbekistonda ilmiy daraja berish tizimi: xatolarni tuzatish vaqti kelmadimi?

O‘zbekistonda ilmiy daraja berish tizimi: xatolarni tuzatish vaqti kelmadimi?

Foto: «Unatech»

Ko‘pchilik, ayniqsa, ilm sohasidagilar mamlakatimizda ilm-fan borasida olib borilayotgan islohotlardan yaxshi xabardor. Har qanday sohada bo‘lganidek, tizimning rivoji avvalo undagi mutaxassislarga bevosita bog‘liq. Ilm-fan sohasida ilmiy darajaga ega bo‘lgan kadrlar muhim o‘rin tutadi. Shuning uchun fikrimni aynan ilmiy daraja berish tizimidan boshlasam.

Mamlakatimizdagi ilmiy daraja berish tizimi 2012 va 2017-yillarda keskin o‘zgartirildi. Ikkala holda ham o‘zgarishlar koordinatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasi (OAK) tomonidan amalga oshirildi. Yaqin orada OAK faoliyatiga o‘zgartirish kiritish imkonini beruvchi qaror loyihasi omma e’tiboriga havola etildi.

Amaldagi tizim haqida

Amaldagi ilmiy daraja berishning ikki tabaqali tizimi sobiq ittifoq davrida va mustaqil bo‘lganimizdan to 2012-yilning iyuliga qadar (ozgina o‘zgartirish bilan) amal qilgan tizim bilan deyarli bir xil. Hozirgisida talablar birmuncha kuchaytirilgan, nomlar yevropalashtirilgan, xolos. Tan olib aytish kerakki, shu holida ham 2012-2017-yilda amal qilgan bir tabaqali tizimdan ko‘p tomonlama yaxshi. Lekin bu 5 yil amal qilgan bir tabaqali tizimning mamlakatimiz ilm-fan rivojiga ko‘rsatgan katta salbiy oqibati sababligina undan yaxshiroq ko‘rinadi. Mazkur tizim afzalliklari haqida uning tarafdorlari yozgani ma’qul. Men uning salbiy jihatlariga to‘xtalmoqchiman.

Birinchidan, ikki tabaqali tizim dunyo davlatlarining kam sonli qismida amal qiladi, aksariyati sobiq ittifoq tarkibidagi mamlakatlar. Demak, bizning rivojlangan davlatlar tizimiga integratsiyalashishimiz uchun yana bir keraksiz to‘siq. Bizda beriladigan «Fan doktori» (Doctor of Science) ilmiy darajasi bilan chet elda professor lavozimini egallay olmaysiz. Ularda buning uchun boshqacha talablar bor. Bu ilmiy darajamiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadigan mamlakatlar sanoqli bo‘lib (aytaylik, Rossiya), bizning olimlarimizda u mamlakatlarga borib ishlash istagi va talabi ko‘p emas.

Ikkinchidan, tadqiqotchi fan doktori ilmiy darajasini olish uchun ma’lum bir mavzu ostida birlashtirish mumkin bo‘lgan tadqiqotlar olib borishga majbur bo‘ladi. Bu esa uni yangi yo‘nalishlarni o‘rganishi borasidagi harakatlarini cheklaydi. Ilmda yangi yo‘nalishda qisqa muddatda muvaffaqiyat qozonib, yaxshi ilmiy natijalar olish oson emas. Boz ustiga, ko‘zlayotganimiz ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga ham aks ta’sir etadi. Xalqaro miqyosdagi ilmiy hamkorlik, fanlar kesimidagi qo‘shma ilmiy loyihalar yoki bevosita olingan ilmiy natijalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish borasidagi amaliy loyihalarga qiziqishni kamaytiradi. «Fan doktori» ilmiy darajasiga qo‘yilgan yuqori talablar shuni taqozo qiladi.

Umuman, chet ellik olimlar bilan hamkorlik ikki tomonlama manfaat asosiga quriladi. Shu sababdan, aksariyat hollarda ilmiy tadqiqot olib borayotgan yo‘nalishlarni o‘zgartirib turish kerak bo‘ladi. Tadqiqotchi olim esa «Fan doktori» ilmiy darajasini olmoqchi bo‘lsa, bunday «manyovr»ni cheklashga majbur. Axir u bitta mavzu ostida dissertatsiya yozishi kerak.

Uchinchidan, «Fan doktori» ilmiy darajasiga ega bo‘lgan olimlarning ilmiy kengashlar, ekspertlik guruhlari a’zoligiga qo‘shilish borasidagi alohida imtiyozlari, umuman, ilm-fan sohasidagi turli jarayonlarga ta’sir etish imkoniyatlarining kengayishi, bu ilmiy daraja berishni ma’lum ma’noda «siyosiylashtirib» yubormoqda. Bu yerda endi OAKdan ko‘ra sohada faoliyat ko‘rsatayotgan shaxslarning ta’siri, umuman, inson faktori ko‘proq rol o‘ynayapti desak, to‘g‘riroq bo‘ladi.

Endi bevosita OAKning hozirgi paytdagi faoliyatiga tanqidiy nazar tashlasak.

Nimalar o‘zgarishini xohlardik?

  • Dissertatsiya ishlari mavzusiga oid turli cheklov, to‘siqlarni olib tashlash.
  • Mavzuga texnik talab qo‘yishni bekor qilish. Hozirgi talab bo‘yicha dissertatsiya ishlari mavzusi ma’lum sondagi so‘zlardan oshmasligi belgilangan. Bu cheklov aksariyat hollarda dissertatsiya ishi mavzusini to‘la ochib berishga to‘sqinlik qiladi.
  • Mavzu o‘zgargan holda OAK byulletenida e’lon qilish shartlarini olib tashlash. Umuman olganda, dissertatsiya ishlari mavzulari dissertatsiya ishi yakunlanib, himoyaga chiqayotgan paytda OAK bazasiga qo‘yish uchun berish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ilmiy tadqiqot olib borilayotganda mavzuning o‘zgarib borishi tabiiy jarayon, bunga sun’iy tarzda to‘siq qo‘yish – jarayonga salbiy ta’sir etishi aniq.
  • Dissertatsiya ishi va avtoreferati uchun qo‘yilgan texnik talablarni bekor qilish. Bu hozirgi paytda OAK tomonidan dissertantlarga qo‘yilayotgan eng katta to‘siq hisoblanadi. Hozirgi talablar o‘ta yuqori va ko‘plari keraksizdir. Misol uchun avtoreferatdagi majburiy punktlar va ularga yoziladigan matnlar mazmuni barcha dissertatsiya ishlarini bir xil qolipga solish uchun o‘ylab topilgandek. Ko‘plab hollarda OAK tomonidan avtoreferatga, u qaysi fan yo‘nalishidan bo‘lishidan qat’i nazar O‘zbekistondagi ilm-fan rivojiga yo‘naltirilgan Prezident farmonlari, turli qonun va qarorlarni yozishga majburlash – bu endi sharmandali holatdir. Avtoreferat dissertatsiya ishi kirish qismida to‘liq takrorlanadi, bu talab dissertantga asosiy ish mazmunini yoritishda xalaqit beradi.
  • OAK tomonidan ilmiy daraja olish uchun qo‘yilgan talablarga ilmiy kengash, ekspertlar kengashi tomonidan qo‘shimchalar qo‘shish imkoniyatini to‘xtatish. Bu imkoniyatdan aksariyat hollarda kengash a’zolari, ekspertlar o‘z qarashlarini singdirish uchun foydalanishi ko‘pchilikka ma’lum. Bu yerda inson faktoriga yo‘l qo‘yish g‘oyat xatarli. Hatto ayrim holatlarda korrupsiya uchun yaxshi imkoniyatlar yaratishi mumkin.
  • OAK tomonidan tasdiqlangan ilmiy jurnallar ro‘yxati hozirgi paytda yilda bir marta tasdiqlanadi. Vaholanki, hozirgi tasdiqlangan ro‘yxat qo‘l uchida qilingani yaqqol bilinadi. Chunki, undan dunyo tan olgan ilmiy bazalarga kiritilgan jurnallarning turishi ko‘zlangan maqsadga mutlaqo muvofiq emas.
  • Avtoreferat chop etishga ruxsat berish va himoya haqidagi e’lonni OAK byulletenida e’lon qilish amaliyotini bekor qilish kerak. Yuqorida ta’kidlaganimdek, avtoreferat bilan bog‘liq qog‘ozbozliklar ko‘plab dissertantlarda norozilik uyg‘otishidan tashqari, ayrim hollarda korrupsion harakatlarga sabab bo‘layotgani haqida xabarlar tarqalyapti. OAK nizomida OAK byulletenini o‘z hisobidan chop etish ko‘zda tutilgan. Sarflangan mablag‘larni qoplash uchun OAK bu chop etilgan byulletenlarni ixtiyoriy-majburiy tartibda sotishni yo‘lga qo‘yishga majbur bo‘lmoqda. To‘la axborot bermagan holda dissertantlarga bir necha kvitansiyalar berilib to‘lovni amalga oshirishni so‘rash holatlari, to‘langan bir nechta sondagi byulletenlar o‘rniga bitta sondan bir necha nusxa berish kabi noxush holatlar borligi g‘oyat achinarli.

Bizga qanday OAK kerak?

Yuqorida keltirilgan OAK faoliyati bo‘yicha fikrlarim davomi o‘laroq, o‘z takliflarimni ham berib o‘tsam.

  • OAK dissertatsiya ishlarining mavzularini tasdiqlab, uni koordinatsiya qilishi kerak emas. Dissertatsiya ishlari himoyaga tayyor bo‘lgan holda mavzularning oxirgi versiyasi D.I. bajarilgan tashkilot tomonidan ma’lum rasmiy jarayondan o‘tkazilib, OAKning maxsus bazasiga kiritish uchun berilishi kerak, xolos. Bu baza onlayn tarzda barcha uchun ochiq bo‘lishi shart.
  • OAK dissertatsiya ishi rasmiy himoya qilinmagunga qadar jarayonga aralashmasligi kerak. OAKning ishi dissertatsiya rasmiy himoyasidan keyin, kerakli hujjatlar taqdim etilgan holda uni xalqaro miqyosda ekspertizadan o‘tkazishga kirishsa bo‘ladi. Dissertatsiyani plagiatga tekshirish, ilmiy natijalarning to‘g‘riligi va talab qilinayotgan ilmiy daraja uchun mosligi xalqaro miqyosda anonimlikni ta’minlagan holda amalga oshirilishi lozim. Bunga sarflanadigan mablag‘lar OAK ixtiyorida keraklicha mavjud bo‘lishi nazarda tutiladi. Dissertatsiya ishi OAK tomonidan ekspertizadan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda tegishli diplom, aks holda qonuniy tarzda apellyasiya jarayoni o‘tkazilib, yakuniy qaror salbiy bo‘lsa, tegishli hujjat taqdim etilib, har ikkala holatda ham OAK bazasida dissertatsiya ishi bo‘yicha to‘la ma’lumot kiritilishi ko‘zda tutilishi kerak.
  • OAK ekspertizasidan salbiy natija olgan dissertatsiya ishini taqdim qilgan ilmiy kengashni alohida nazoratga olish, agar bu hol qaytarilsa, bu kengashni yopish vakolati ham OAKda bo‘lishi maqsadga muvofiq.
  • OAK veb-saytida O‘zbekistonda ilmiy daraja, ilmiy unvonlarni olish uchun qo‘yilgan talablar to‘la holda turli asosiy tillarda mavjud bo‘lishi lozim. Ixtiyoriy odam, misol uchun O‘zbekistonda berilgan ilmiy darajani taqdim etgan xodimni ishga oluvchi chet el universiteti mas’uli, OAK saytidan ilmiy darajani olish talablari, daraja egasi, uning dissertatsiya ishi haqida to‘la ma’lumotni shu saytdan topa olishi zarur. Ilmiy darajaning haqiqiyligini tekshirish bo‘yicha qilingan har qanday murojaatga OAK tezkor tartibda javob berishini yo‘lga qo‘yish ham dolzarb masalalardan biri.
  • Bu taklif OAKning ilmiy jurnallar ro‘yxatiga oid bo‘lib, unga aynan xalqaro tan olingan ilmiy bazalarga turli sabablarga ko‘ra kirmagan, lekin OAK qo‘ygan talablarga javob bera oladigan jurnallar ilmiy kengash, sohalar bo‘yicha ekspertlar tomonidan tavsiya qilinib tuzilgan bo‘lishi kerak. Bu ro‘yxat qo‘shish uchun kelgan taklif tegishli tarzda ko‘rib chiqilib, istalgan paytda yangilanishi mumkin bo‘lishi kerak. OAK saytidan bu ro‘yxatdan kerakli jurnal joy olgani, ommalashganini bilish murakkab jarayon emas.
  • Ilmiy daraja berish borasida ilmiy kengashlar vakolatini oshirish, shu bilan birga, inson faktori tufayli qo‘shimcha talablar qo‘yilmasligining oldini olish uchun aniq mexanizm ishlab chiqilishi kerak. Ilmiy kengash faoliyatini ma’lum moliyaviy to‘lovlar asosida jamoatchilik asosida yurgizish. Uni manfaatli tarzda yuritish kengashga berilayotgan vakolat bilan birgalikda, mas’uliyatga ham jiddiy yondashishga sababchi bo‘ladi.
  • Mamlakatda bir tabaqali ilmiy daraja «Falsafa doktori» (PhD) darajasi joriy etilganidan so‘ng, ilmiy kengashlarni ilmiy tadqiqot institutlari, ilmiy markazlar, universitetlarda ochish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Doktoranturaga qabul, undagi ichki jarayonlar har bir muassasaning o‘ziga havola etilishi kerak. Ilmiy kengashlar dissertatsiya ishi tayyor bo‘lgan holda rasmiy murojaat qilingach, taqdim etilgan ish bo‘yicha ekspertiza va yakuniy holda dissertatsiya himoyasini o‘tkazishi ko‘zda tutiladi. Bu jarayon ham imkon qadar qog‘ozbozlik, inson faktoridan yiroq holda, aniq ko‘rsatilgan mexanizm bo‘yicha amalga oshirilishini ta’minlash kerak.
  • OAKga ilmiy xodimlarning ilmiy daraja olgandan keyingi faoliyatini monitoring qilish vakolati berilishi ko‘zda tutilayotganini hisobga olib, bunday ishlar ilm-fan rivoji uchun xizmat qilmasligini ta’kidlamoqchiman. Bunday nazorat bilan ilm-fan rivojlanib qolmaydi. ITI, OTMlar o‘z ilmiy kadrlarini o‘zlari nazorat qilishi, motivatsiya berishi, umuman har qanday faoliyati ikki tomonlama shartnoma asosida bo‘lishi kerak. Mas’uliyat va mustaqillik bizning OTMlarimiz uchun juda zarur. Bu, umuman olganda, ilmiy sohada ham raqobat muhitini yaratishga xizmat qiladi.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring