Urush va bolalar
«To‘xtang janob yoqmang urush olovin, dunyoga to‘ymagan hali ko‘zlarim»...
O‘shanda maktab o‘quvchisi edim. Radio orqali eshittirishlarda, maktabdagi tadbirlarda bu she’rni o‘quvchilar butun vujudi bilan o‘qir edi. Hozir qaysidir davlatda urush bo‘layotgani haqida eshitsam, o‘sha tovushlar qulog‘im ostida jaranglaydi: dunyoga to‘ymagan hali ko‘zlarim...
1983 yilga kelib sobiq SSSR va Amerika kabi qudratli davlatlar qurollanish poygasining yangi bosqichiga kirishgan. O‘sha paytlari maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda bolalarning aksariyati yadro urushi boshlanishi ehtimolidan xavotirda bo‘lgan. Sovetlar RSD-10 raketalarini joylashtirishga javoban, Amerika prezidenti Reygan Yevropaga Pershing-2 raketalarini joylashtirgandi.
Sovet qo‘shinlari Afg‘onistonda uch yildan beri urush olib borayotgan edi. Amerika Qo‘shma Shtatlari Sovet qo‘shinlarining ushbu mamlakatga kirishiga qarshi norozilik sifatida 1980 yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarini boykot qildi, SSSR bunga javoban 1984 yilda Los-Anjelesdagi o‘yinlarni boykot qilgan.
Bunday kelishmovchiliklar o‘sha payti hatto kattalar tugul bolalarni ham tashvishga solgandi. 1972 yilda tug‘ilgan 10 yoshli amerikalik qizaloq Samanta Rid Smit 1982 yil noyabr oyida Yuriy Andropovga AQSh va SSSR munosabatlari nima uchun bunchalik keskinligini bilish uchun maktub yozadi.
«Hurmatli janob Andropov, mening ismim Samanta Smit. Men o‘n yoshdaman. Rossiya va AQSh o‘rtasida yadro urushi ortidan juda tashvishdaman. Urush uchun ovoz bermoqchimisiz yoki yo‘qmi? Agar siz urushga qarshi bo‘lsangiz, ayting-chi, urushning oldini olish uchun nima qilmoqchisiz? Albatta, siz mening savolimga javob berishga majbur emassiz, lekin men javob olishni xohlayman. Nima uchun butun dunyoni zabt etishni xohlaysiz? Xudo dunyoni biz tinch yashashimiz va unga g‘amxo‘rlik qilishimiz uchun yaratdi. Iltimos, keling biz uning aytganini qilaylik va bundan hamma xursand bo‘ladi».
Maktub 1982 yil noyabrda yuborilgan va 1983 yil aprel oyida maktubning bir qismi «Pravda» gazetasida e’lon qilingan. Qizaloq 1983 yil 26 aprelda Andropovdan xat oladi. Andropov xatida urushga hayrixoh emasligini, agar qizaloq istasa yozgi oromgoh — Artekka kelishini va bu yerdagi hayotni ko‘rib ketishini yozadi.
O‘sha paytlari Samantaning maktubi va Andropovning javob xati xalqaro miqyosda diqqat markazida bo‘ldi: bu vaqt ichida Samantaga yuzlab xatlar keldi. Qizning Bosh kotib bilan yozishmalari haqidagi yangiliklar Amerika va Sovet televideniyesida paydo bo‘ldi. Samanta Amerika teledasturlarida ishtirok etishga taklif qilindi, unga Fransiya, Angliya, Avstraliya, Bolgariya, Germaniya va Yaponiyadan kelgan muxbirlar qo‘ng‘iroq qilishdi…
Tinchlik farzandi
Tinchlik ramziga aylangan yana bir qizaloq yaponiyalik Sadako Sasaki 1943 yil yilda tug‘ilgan. 1945 yil 6 avgustda Xirosima atom bombasi portlashi paytida u portlash markazidan atigi bir yarim kilometr uzoqlikda edi. Portlash to‘lqini uni derazadan tashqariga uloqtirib yuborgan bo‘lsada, qiz tirik qoldi. Onasi uni topgach, qizidagi jarohatlarni sezmagan. 1954 yilgacha Sadako hamma qatori edi, hatto sport musobaqalarida ham ishtirok etdi. 1954 yil noyabr oyida unda kasallikning birinchi belgilari — bo‘ynida va quloqlari orqasida shish paydo bo‘ldi. Bir yildan so‘ng oyoqlarida shish kuzatildi va 20 fevralda qiz leykemiya tashxisi bilan kasalxonaga yotqizildi. Bu vaqtga kelib, uning qonidagi oq qon hujayralari darajasi oddiy bolaning o‘rtacha darajasidan olti baravar yuqori edi.
Kasalxonada otasi unga turnalar haqidagi afsonani aytib beradi — unga ko‘ra minglab qog‘oz turnalar yasagan odamning albatta orzulari amalga oshadi. Afsona Sadakoni hayratda qoldirdi va u boshqa ko‘plab bemorlar singari qo‘liga tushgan har qanday qog‘oz parchalaridan turnalar yasashni boshladi.
Ammo uning tuzalish orzusi amalga oshmaydi, 12 yoshida leykemiyadan vafot etdi. Sadako mingta qog‘oz turna bilan birga ko‘milgan. Biroq, Xirosima tinchlik memorial muzeyida Sadakoga bag‘ishlangan ko‘rgazmada qiz 1300 ga yaqin qog‘oz turnalarni yasashga muvaffaq bo‘lgani haqida ma’lumot mavjud.
1958 yilda Xirosima shahridagi Tinchlik bog‘ida qo‘lida qog‘oz turna bilan Sadako tasvirlangan haykal o‘rnatildi. AQShning Sietl shahridagi Tinchlik bog‘ida ham Sadako haykali bor. Haykalda qo‘lida qog‘oz turna bo‘lgan qiz ham tasvirlangan. Poydevorda shunday yozilgan: «Sadako Sasaki. Tinchlik farzandi. U bizga dunyo tinchligiga umidimizni bildiruvchi qog‘oz turna sovg‘a qildi».
Anna Frankning kundaligi
«Nemislar har bir eshik qo‘ng‘irog‘ini chalib, uyda yahudiylar bor-yo‘qligini tekshirishadi. Kechqurun, qorong‘i tushganda, hovlida ko‘p odamlar, yig‘layotgan bolalar, qariyalar, chaqaloqlar, homilador ayollar, kasallarni ko‘raman».
Avvaliga Anna faqat o‘zi uchun kundalik yuritgan. Anna 10 yoshga to‘lganda, nemislar Polshaga bostirib kiradi — ikkinchi jahon urushi boshlanadi. Ko‘p o‘tmay, 1940 yil 10 mayda nemislar Niderlandiyani bosib oldilar. Gollandiya armiyasi besh kun ichida taslim bo‘ladi. Bosqinchilar yahudiylarning hayotini qiyinlashtiradigan ko‘plab qonun va qoidalarni qabul qiladilar. Xususan, yahudiylarga parklar, kinoteatrlar va do‘konlarga borish taqiqlangan.
Anna otasi tashkil qilgan boshpanaga yashirinadi. Boshpana juda gavjum, Anna o‘sha yerda kundalik yozishni boshlaydi. Ikki yil davomida u boshpanadagi barcha voqealarni, shuningdek, his-tuyg‘ulari va fikrlarini yozib boradi. Ammo ularni boshpanadan quvg‘in qilishadi. U Osvensimga —o‘lim lageriga yuboriladi. Anna va uning singlisi tif bilan kasal bo‘lib, 1945 yil fevral oyida vafot etadi.
Iltimos, urushni to‘xtating!
Ukraina sog‘liqni saqlash vaziri Viktor Lyashko 24 fevraldan boshlab urush natijasida Ukrainada 16 bola halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Ukrainaning turli burchaklaridan kelgan futbol jamoalarining yosh futbolchilari urushni tugatishga chaqiruvchi videoga tushishdi. Sportchilarning aytishicha, ular tinch mamlakatda futbol o‘ynashni, o‘z shahrida baxtli bo‘lishni, Ukraina tarixini o‘rganishni, o‘z uylarida yashashni, odamlar tabassum qiladigan joyda vaqt o‘tkazishni xohlashadi. Video bir shior bilan tugaydi: «Ukraina bolalari urushga qarshi».
Ukrainalik o‘rta maktab o‘quvchilari olti tilda dunyodan urushni to‘xtatishni so‘rashmoqda. Bolalar sirena chalinayotganda videoni yozib olishdi. Ular o‘z murojaatlarini ukrain, rus, ingliz, nemis, fransuz, ispan tillarida aytishdi.
«Biz o‘qishni va tinch yashashni xohlaymiz! Biz qo‘rquvlar ichida yashamoqchi emasmiz iltimos, urushni to‘xtating!» — deyiladi murojaatda.
Yana bir 6 yoshli qizaloq Vladimir Putinga qo‘shinlarini olib chiqib ketish uchun murojaat yozdi. Video 2 kun ichida 11 000 marta ko‘rildi.
Facebook ijtimoiy tarmog‘ining «Maslahat» guruhida 2-sinf o‘quvchisining Putinga yozgan xati muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xatning mazmuni quyidagicha: «Assalomu alaykum Putin. Mening ismim Mubina, 2-sinf o‘qiuvchisiman. Men sizdan urushni to‘xtatishingizni iltimos qilib so‘rayman. U yerda ham menga o‘xshagan bolalar bor. Ularni o‘ldirmang, iltimos. Urushni kinolarda ko‘rganman, urushni yomon ko‘raman, biz bolalar urushni xohlamaymiz».
Urushda jabr ko‘radiganlar bolalar. Ular dushman tomonga qarata hujumga o‘tolmaydigan, lekin o‘limga tik qaraydigan chorasiz begunohlardir. Ular ko‘zlari dunyoga to‘ymagan, hayotni boricha qabul qiladigan, hali orzulari bir olam farishtalardir... Biz bola bo‘lganimizda, mana shunday boshlanadigan she’rni axir siz ham eshitib katta bo‘lgansiz: «To‘xtang janob yoqmang, urush olovin, dunyoga to‘ymagan hali ko‘zlarim...»
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter