Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Rasmiylarga ishonmang! Ona-bolaga qog‘ozda yordam, amalda ularni sarson qilayotganlar...

Rasmiylarga ishonmang! Ona-bolaga qog‘ozda yordam, amalda ularni sarson qilayotganlar...

Birinchi iyun sanasida saytimizda «Bola bo‘lish osonmas», degan sarlavhada maqola e’lon qilgan edik. Maqolaning boshida qahramonlarimdan biri Zilola ismli ayolning ikki bolasi bilan tilanchilik qilayotgani haqida yozgandim. U novvoyxonada ijarada turadi, non yoki suv tashib tirikchilik qilay desa, 2 yoshli qizchasi bilan qiynaladi, ya’ni uni yo‘qotib qo‘yadi va oxirgi chorasi shu tilanchilik...

Maqola saytda e’lon qilingach, juda ko‘pchilik Zilolaga yordam berish uchun shoshdi. Moddiy tomondan, turar-joy va pasportini to‘g‘rilash masalasida. Shu asnoda advokaturaga aloqasi bor bir qiz bilan uchrashtirib qo‘ydim. Zilolaga yordam bermoqchi bo‘lgan yana yaxshi odamlarga uning manzilini berdim.

Ammo savobtalab insonlar Zilolani bozordan topolmaganlarini aytishdi. Orada bir-ikki kun tanaffus bo‘ldi. Yuragimga g‘ulg‘ula tushdi. Bir insonga yordam beraman deb.... nahotki. Miyamga har xil xayol keldi: «Bolalarini olib qo‘yishdimikan?», «Bozordan haydavorishdimikan?», axir u mendan yordam so‘ragan yo‘q edi-ku, o‘zim uni hol-joniga qo‘ymadim, nimadir yordam kerakmi, deb...

Bu yoqda esa xolis ko‘mak bermoqchi bo‘lganlar holi-jonimga qo‘ymayotgandi. Keyin advokaturadagi qizga telefon qildim. U aytdiki, Zilolaga ichki ishlar yordam berayotgan ekan...

Men bozorda uni qidirishda davom etdim va qizchasini ko‘rib qoldim, buvisi bilan ekan. Va nihoyat yengil tin oldim. Buvisi bilan suhbatlashgach: «Ha, Zilolani siz tutib berdingizmi?», degan birinchi savolidan ustimdan muzday suv quyilgandek qoldim. Keyin ma’lum bo‘lishicha, tarqalgan xabarlarda ko‘rib turganingizdek:

«Toshkent shahar IIBB xodimlari ushbu xabarni e’tiborsiz qoldirishmabdi, shu kunning o‘zida Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, Yunusobod va Bektemir tumani mutasaddilari bilan joyiga chiqilib, vaziyat o‘rganilibdi. Qiyin axvolga tushib qolgan Zilolaga yordam ko‘rsatish maqsadida Bektemir tumani Xotin-qizlar katta inspektori podpolkovnik Muborak Oxunxo‘jayeva bilan bog‘lanilibdi. Shuningdek, yo‘qotib qo‘ygan shaxsini tasdiqlovchi hujjat(pasport)ni tiklash uchun Qibray tumani Ichki ishlar bo‘limiga xat orqali murojaat qilinibdi hamda ayolning psixologik ruhiyatini ko‘tarish maqsadida inspektor-psixolog tayinlanibdi. Ayni paytda Zilolaning yashash sharoiti o‘rganilib, novvoyxonaga ishga joylashishida va ushbu xonadonga vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yilishida amaliy yordam ko‘rsatilibdi».

Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, Yunusobod va Bektemir tumani hokimliklari o‘z telegram kanallarida bergan ma’lumotlarda «o‘rganish ishlari natijasida fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjati yo‘qolib qolgani ma’lum bo‘ldi. Ayolga bu borada huquqiy yordam berish ishlari boshlab yuborildi. Shaxsni tasdiqlovchi guvohnoma olinishi bilan ishga joylashtirish ishlari amalga oshiriladi. Bundan tashqari, vaqtinchalik ro‘yxatga olishda ham huquqiy yordam ko‘rsatiladi. Ayolning bundan keyingi oilaviy sharoiti, sog‘ligi, shuningdek, farzandlarining ahvoli Bektemir tumani hokimligi Oila va xotin qizlar bo‘limi va mahalla faoli tomonidan doimiy nazoratga olinadi», deyilgan.

IIBB bergan ma’lumotda «novvoyxonaga ishga joylashishida va ushbu xonadonga vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yilishida amaliy yordam ko‘rsatilibdi». Yunusobod va Bektemir tuman hokimliklari, Toshkent shahar Oila va xotin qizlar boshqarmasi huquqiy yordam endi ko‘rsatiladi deyilmoqda.

Toshkent shahar IIB rasmiy kanali, Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, Yunusobod va Bektemir tumani hokimliklari telegram kanallarida «qo‘lma-qo‘l» bo‘lgan bu «xushxabar»ni eshitib, ochig‘i, ko‘zimga yosh keldi. Kechagina qorayib, tilanib yurgan Zilola bir dumalab malikaga, eng baxtli ayolga aylangandi xayolimda. Ularning hamjihatligiga, bir-birini qo‘llab-quvvatlashiga, bechora Zilolalani uyoqqa o‘tqizib, buyoqqa o‘tqizib rosa suratga olib, oldida girdikapalak bo‘lib suratga tushib tarqatganiga...

Eh-he... Shuncha mutasaddi tashkilotlaru, hokimliklar bor ekan, Zilolaga o‘xshaganlar nega tilanchilik qilib yuribdi, deb ham o‘ylab qo‘yarkansan. Agar Zilolaning pasporti to‘g‘rilanishiga shu paytgacha ozroq jon kuydirilganida bugun jamiyatimizda bitta tilanchi ko‘paymasdi. Men tilanib o‘tirganlarni ishlashni yoqtirmaydiganlar, deb o‘ylardim. Lekin Zilolaning vaziyati butunlay boshqa, uyi, pasporti yo‘q, ishlay desa bolasi kichkina...

Va nihoyat Zilola bilan bog‘lanishga muyassar bo‘ldim. Uning aytishicha, hech qayerda ro‘yxatda yo‘qligi (novvoyxonaga ro‘yxatga qo‘yilgandi IIBB xabarida) muammo tug‘dirayotgan ekan, demak, haliveri pasport ololmaydi. Novvoyxonada bir kun ishlabdi. Aytgancha, o‘zi turgan novvoyxonada, agar Zilolaning ishlash imkoniyati bo‘lganida, so‘zsiz boshqalar aralashuvisiz ham ish topib olardi. Yana qaytarib aytaman, bozorda yuk bilan yurolmaydi, qizchasini yo‘qotib qo‘yishi mumkin. Ikkinchidan, tuman IIB xodimlari unga «Oloy» bozorida boshqa tilanchilik qilmaslikni tayinlagan. Demak, u kun ko‘rishi uchun boshqa joyda tilanchilik qiladi yo bolasini xavf xatarga qo‘yib non-suv sotadi.

Uchinchidan, endi novvoyxonadan ham chiqarib yuborishibdi. To‘g‘ri-da, muammoli, orqasidan to‘dalashib ichki ishlaru, hokimiyatdagilar izlab boradigan ijarachi kimga kerak, og‘rimagan boshini og‘ritib? Xullas, ayni paytdagi vaziyat: kimdir homiylar tomonidan unga bir million pul bergan va bir oyga ijaraga uy topib chiqarib qo‘ygan, ijara pulini ham savobtalab kimdir to‘lagan.

Biz esa umid qilishdan to‘xtamaymiz. Axir qo‘lni qo‘lga berib, qilayotgan «amaliy» ishini bir necha o‘nlab kadrlarga muhrlab qo‘yadigan hamjihat mutasaddi tashkilotu faollar bor-ku!

Lekin baribir o‘sha savol odamni o‘ylantiradi-da. Nega shu paytgacha Zilola sarson-sargordan bo‘lib, pasportini to‘g‘rilay olmagan? Tarqatilayotgan xushxabarlar agar rost bo‘lsa, bu unchalik qiyin ish emasdek. «Ko‘pdan quyon qochib qutulmas» ekan-da, deysiz urchib ketgan xabarlarni ko‘rib.

Biz mutasaddilarga murojaat qilmoqchimiz: Zilola pasport olsa, katta qizini maktabga bermoqchi, yaqinda hujjat qabul qilish boshlanadi. Pasport olsa, ishga kirmoqchi, kichik qizini davlat bog‘chasiga bermoqchi. Xo‘sh, pasportini qachon hal qilib berasizlar? Pasporti hal bo‘lsa, ishga kirsa, ijara pulini ham amallab to‘lab turardi. Doimiy nazoratga olish deganda nimani nazarda tutgansizlar: ko‘chada yurmasliginimi, bozorga chiqmasliginimi? Tirikchilik-chi? Bu yoqda esa orzu qilishga ham haddi sig‘maydigan uysizlik muammosi turibdi...


Tahririyatdan

«Hurmatli fuqarolar, kanaliga «podpischik» ko‘paytirishni maqsad qilgan nopok jamoatchilik vakillarining turli gap-so‘zlari, yolg‘onlari va feyklariga emas, rasmiy xabarlarga ishoning», deyishni har bir gapida kanda qilmaydigan IIV rasmiylarining feyk va yolg‘on axborot tarqatishlarini nima deb ataymiz?!

«Unutmang, bu kabi yolg‘on xabarlarni tarqatish tegishli tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.»

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring