Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Bola bo‘lish oson(mas) yoki bolalar bilan tasodifiy suhbat

Bola bo‘lish oson(mas) yoki bolalar bilan tasodifiy suhbat

Foto: «Xabar.uz»

«Sizning uyingiz bormi, pasportingiz bormi?»

Men bu qizaloqni onasi bilan bozorda uchratib qoldim. Tilanib yurgan ekan. Millatdoshimiz. Yetti yoshli qizaloqning onasini gapga tutdim, uysizligini, pasporti yo‘qolganini, bolasining tibbiyot kartasi yo‘qligini gapirdi. «Menga rostdan yordam berolsangiz pasport olishga yordam bering», dedi ayol. Qizaloq esa meni savolga tutdi: «uyingiz bormi, pasportingiz-chi?»

Men ayol bilan gaplashayotganimda qizaloq qo‘lidan salfetkalarni sotish uchun bozor oralab ketdi. «Qo‘rqmaysanmi, bir o‘zing» deyman, unga...

— Yo‘q deydi u, chiroyli ko‘zchalari bilan menga «jilmayib»:

— Men shu bozorda katta bo‘lganman, hamma kishilarni taniyman.

— Bolaligingdan eng esda qoladigan voqealarni aytib berolasanmi?

— Qizcha menga biroz tikilib turadi va gapni boshqa yoqqa buradi. «Men tayyorlov kurslarida ko‘p besh olayapman, agar yaxshi o‘qisam, ayamning aytishicha, prezident maktabiga borarkanman, faqat maktabga chiqishim uchun ayam pasportini to‘g‘rilashi kerak, unga tezroq pul yig‘ishimiz kerak».

Yana ikki yashar qizalog‘i onasining ko‘ksiga talpinadi.

— Emadimi?

— Ha, endi ikkiga kiradi.

—E rtalab biron narsa yedilaringizmi?

— Tarvuz bilan non berishdi novvoylar.

Men ularga bulochka uzataman, qizlarning kattasi oyisiga qarab boshini silkitadi, «qornim to‘q».

Bollarimni maktabga, bog‘chaga berib, bu ishimni yig‘ishtirishim kerak. Lekin hujjatim yo‘qligi uchun ularni qimmat bog‘chagagina bera olaman. Menda esa unaqa pul yo‘q. Bu yerda esa bolalar yonimda.

«Otamni yomon ko‘raman»

— Mansur (ismi o‘zgartirilgan) tez-tez dazmol qil, keyin yenglar ko‘payib ketdi, tikib tashlashing kerak.

— Mansur otang Rossiyaga ketibdi, sog‘indingmi?

 Mansur bosh chayqaydi:

— Yo‘q. O‘shayoqlarda yuraversin.

— Qo‘ysangizchi opa, — deydi uning onasi. Bolalarimga endi ozodlik tegdi. Otasi ichib, bizning topgan pulimizni sovurib qarzga botirib tashladi. Yana kelaman deyapti, men kelmay ishlab yuravering bu yerda ish yo‘q deyapman, aslida o‘zimiz ham yaxshi pul topamiz, mana shu o‘g‘lim yoshligidan menga tikishga yordam berib, o‘rganibam ketdi, faqat otasining to‘polonidan bezormiz.

Mansur bizga yalt etib qaraydi.

— Dadam bilan gaplashganimda hali bormayman dediku.

Shu gaplarni aytarkan, yuzida xavotir aks etadi.

— Hali veri kelmaydi, lekin otangning qaroriga ishonch yo‘q...

Qo‘zichoqlarini boqib o‘tirgan Jalolga (ismi o‘zgartirilgan) yaqinlashaman?

— Oying qani?

— Oyimning yuzlari shishib ketgan, otam kecha yana ichib keldi. Men kattarsam oyimni olib chiqib ketaman, Salimaniyam (singlisini aytayapti).

— Otangning bir o‘zini tashlab ketasanmi?

— Otam ichaversa, ichib bizni uydan quvlasa, kechasi bilan biz qo‘rqib chiqsak, onam yashirinib yursa, albatta bir kuni ketamizda.

Bola asabiy qo‘yning boshiga xivich bilan tushiradi.

— Urmagin, hayvonning joni og‘riydi...

— Otam o‘lib qolsa yaxshi bo‘lardi, deydi u yerdan ko‘zini uzmay....

 «Bola bo‘lish osonmas»

— Tarvuzning kilosi besh ming, —deydi yuzlarida tangaday oq dog‘chalari bor qoramag‘iz bola.

— Necha yoshsan?

— 14 yosh.

— Bugun bayramlaring, Xalqaro bolalar kuni, nima qilmoqchisan?

— Ha men mana bu o‘rtog‘im bilan tarvuz sotaylik, keyin kechqurun bayram qilamiz.

— Umuman o‘zi bolalik yaxshimi, bola bo‘lish osonmi sizlarningcha?

— Bilmadim. Mana shu bola gapiradi, — deydi qoramag‘iz bola.

— Qani aytchi, ota-onang senga do‘stmi?

— Ular do‘stmas, kattaku.

— Kim bo‘lmoqchisan?

— Do‘xtir.

— Orzularingni, ichingdagilarni ayta oladigan odam bormi?

— Bor.

— Senda hammasi yaxshi deb o‘ylaysanmi?

— Yaxshi.

— Maktabingni, o‘qituvchilaringni yaxshi ko‘rasanmi?

— Hammasi yaxshi.

— Sen men bilan gaplashishni xohlamayapsanmi?

— Qarang, — deydi uning o‘rtog‘i, qoramag‘iz bola gapimizni bo‘lib, — bizdan ikki marta chek olayapti, o‘zi bir marta chek olishi kerak...

— Uni, muni qo‘y, sen uchun bolalik osonmi?, — deb savol beraman yigitchaga.

14 yoshli bola javob berishga ulgurmadi, xaridorga yuzlandi:

— Tarvuzning kilosi 5 ming, 4 mingdan ham qilib beraman.

Men bozordan uzoqlashayotganimda, savollarimga qisqa javob bergan bola oldimga chopib keldi.

Boyagi savolingizni o‘ylab ko‘rdim:

— Bola bo‘lish qiyin...

Men yo‘lda davom etaman, yelim idish ko‘tarib ketayotgan oq-sariq bolakaydan so‘rayman:

— Baklashka qancha?

— Donasi 200 so‘m.

— Bugun bayramga borasanmi?

—B ilmadim, deb yelka qisadi bolakay.

— Seningcha bolalik yaxshimi?

U ko‘zlarini katta-katta ochadi.

— Hov bolakay baklashkalaringni qanchadan berasan...

Bolakay mendan uzoqlashadi...

Bugun birinchi iyun. Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni. Qayerga qaramang, bolalarini yetaklagan onalar, tadbirlar... Men bugun baxtli bolalik haqida yozmoqchi edim, yo‘l-yo‘lakay kecha boshlagan baxtli bolalar haqidagi maqolani tugatib qo‘yish haqida o‘yladim.

Ammo bolalar bilan tasodifan qilingan suhbat tufayli maqola o‘zani boshqa yoqqa burildi. Chunki oramizda bolaligini eslasa otasining ichganini, otasining urganini, onasining yig‘laganini, yozning issig‘ida tarvuz sotganini eslab, eslashni istamaydiganlar ham ko‘pchilikni tashkil qilarkan.

Kim bilsin, bu bolalar o‘z bolaliklaridan norozi emasdir, norozi bo‘lgani bilan katta bo‘lib qolishning iloji yo‘q. Ammo kattalar bola bo‘lishi, ularga baxtli bolalikni hadya qilishi mumkin. Buning iloji bor, faqat xohish, istak bo‘lsa bas. Ha aytgancha, sizning bolaligingiz qanday o‘tgan? Baxtli bolalik haqidagi maqola-chi deysizmi, keyingi safar...

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring