Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Toshkentda yo‘qolgan chol-kampir (hajviya)

Toshkentda yo‘qolgan chol-kampir (hajviya)

Ichki ishlar bo‘limiga kirib kelgan Juma ota birinchi duch kelgan militsiya xodimiga murojaat qildi:

– Ulim, kampirim yo‘qolib qoldi, tez topish kerak.

Militsiya xodimi unga hayron bo‘lib qaradi. So‘ng Juma otani bir xonaga olib kirdi:

– Murodov, mana bu otaxonning arizasini rasmiylashtiring.

– Assalomu alaykum, keling, – dedi leytenant Murodov. – Arizangiz...

– Hurmatli Murodip ulim, – uning gapini bo‘ldi Juma ota. – Poytaxtga keluvdik, kampirim yo‘qolib qolsa bo‘lama!

Murodov qog‘ozga engashdi:

– Hozir yozib olay. Xo‘sh, qanday holatda yo‘qoldi? Ism-sharifingizni ham ayting.

– Men, Murodip ulim, Choriyev Juma bo‘laman. Bugun ertalab yo‘lga chiqib edik. Poytaxtga eson-omon keldik, Xudog‘a shukr. Keyin yana bir aptavuzga mindik. Ulimdi yo‘qlab kelib edik-da! Aptavuzda ko‘zim ilinib qopti. Ko‘zimni ochsam, yonimda o‘tirgan kapirim yo‘q. Shopirdan so‘rasam, «bilmayman», deydi. Tavba, sadag‘ang ketay, aptavuzingga ming‘andan keyin bilishing kerak-ku, qanday odamsan?..

– Qaysi avtobusga minuvdingiz, ota?

– Yashil aptavuz edi. Yonida kir sovundi riklom qilib yozib qo‘yg‘an. Bir artist ayol riklom qiladi-ku, tilvizirg‘a chiqib turadigan.

Murodov boshini qashladi:

– Yashil avtobus, deng? Yashil avtobus ko‘p bo‘lsa!.. Siz uxlab qoluvmidingiz?

– Ha... Ko‘p uxlag‘anim yo‘q, shunday ko‘zim ilindi. Aptavuz silkinganda ko‘zimni ochsam, kampir yo‘q-da! Menga aytmay, indamay tushib ketgan bo‘lsa kerak!

– Hm-m... Unda kampiringiz emas, siz yo‘qolibsiz-da, ota!

– Menga qara, ulim, – ovozini pasaytirdi Juma ota. – Bu... poytaxtdi boboylari sho‘x emasma ishqib? Bitta-ikkitasi moshinig‘a mindirib olg‘an bo‘lsa-ya!

Murodov kuldi:

– Ja rashkchi ekansiz-ku, otaxon!

– Ha, endi ko‘z ochib topg‘anim-da, Murodip ulim!

– Poytaxtdagi o‘g‘lingiz shaharning qayerida yashaydi?

– Panjini so‘rayapsanma? E, katta do‘mda yashaydi u. Oilasi minan! Sariq rangga bo‘yalg‘an do‘mda! Do‘mdi tomida ko‘-o‘-o‘-p antinnalar bor.

– Nechanchi dom? Qaysi ko‘cha? Kvartalini ham ayting.

– Avval kvartirag‘a yashardi, keyin chol-kampir pul jiyib, uy olib berganmiz. O‘sha kvartirasi yaxshi edi, oson topardim... Yangisini aniq adrisini bilmayman... Kampir biladi-da! Menga aytib edi, eslab qolmag‘anman.

– Telefoni bormi?

– Ha, bor, no‘mirini eslab qolarmidim, Murodip ulim? Tezlashtir, menga avval kampirimni topib ber! Keyin uning o‘zi ulimdi uyiga olib boradi. Ammo lekin yetmishdan oshgan bo‘lsayam, topadi kampirim, balo u!

– O‘g‘lingiz qayerda ishlaydi, ota?

– Institutda.

– Qaysi institutda?

– Qaysida bo‘lardi, istudentlar o‘qiydig‘an institutda-da! Dars beradi. O‘zi kampirimga aytdim, «buncha shoshasan, otpuskag‘a chiqsa, ulingdi o‘zi bolalari bilan keladi qishloqqa», dedim. Quloq solmadi-da! «Nebaralarimdi sog‘indim», deydi. Nima, men sog‘inmaymanma? Menam sog‘inaman. «Bir o‘zim borib-kelaman», deb turib oldi. Ko‘zim qiymay, birga kelib edim-da, Murodip ulim.

– Tak, tak, tak, – dedi leytenant Murodip yana boshini qashlab.

– Murodip ulim, takillamay tezroq topsang-chi!

– Kampiringizning ism-familiyasi?

– Norchuchuk! Familiyasini o‘ziyam bilmaydi!

– Yuz ko‘rinishini ayting.

– Yuz ko‘rinishima? Shu... betini ajin bosib, bujmayib-burishib ketg‘an. Bilagida oshqovoqday nori bor. Og‘zida bittayam tishi qolmag‘an, lekin tili bir qarich.

Leytanant Murodov nima qilarini bilmay, o‘zining ham yuzi burishib ketdi. So‘ng boshliqning huzuriga kirib, Juma bobo haqida xabar qildi.

* * *

Sabohat qaynonasini quchoq ochib kutib oldi. Dasturxon yozdi. Biroz gaplashib o‘tirgach, qaynotasi ham birga kelgani, ammo qayerdadir g‘oyib bo‘lganini eshitib, og‘zi Teshkitoshning g‘oriday ochildi-qoldi. So‘ng tezda eriga qo‘ng‘iroq qildi.

Hayal o‘tmay, uyga Panji kirib keldi. Onasi bilan quchoqlashib ko‘rishdi:

– Xush kepsiz, ena? Tinchmisiz? Bardammisiz? Nega bir og‘iz aytmay kelyapsizlar? O‘zim kutib olardim.

Norchuchuk momo qo‘l siltadi:

– E, otang qo‘ymadi. «Surpiris qilib boramiz», dedi. Mana endi o‘zi surpiris bo‘p yo‘g‘alib qoldi.

Panji ishonqiramay so‘radi:

– Rostdan ham otam bilan keluvmidingiz, ena?

– Ha, astanovkag‘a yetg‘andan keyin, «Chol, keldik», deb turtdim. Aptavuz yurib ketmasin, deb tezg‘ina tushib, ancha yerga borg‘ach, qarasam, otang yo‘q. Yo astanovkada yo‘qolg‘an, yo aptavuzda ketib qog‘an.

– Bu nima deganingiz, ena? – qizishdi Panji. – Shaharga olib kelgandan keyin bunday qo‘llaridan ushlab yurish kerak edi-da!

– A?.. Qishloqda ushlamag‘an shaharg‘a kep, qo‘lini ushlaymanma? Qiziq gaplarni gapirasan. Senlar u, hammaning oldida padrushka qip ketadig‘an.

– Poytaxt katta bo‘lsa, endi otamni qayerdan izlaymiz?

– E, otangdi bo‘ri yeb ketarmidi? Topiladi!

Sabohat so‘radi:

– Qaysi avtobusga minuvdilaring, ena?

– Yashil aptavuzg‘a! Lekin burnog‘i safar do‘mlaringdi yonig‘a to‘xtab edi, endi uchta ko‘cha narida tushirib ketdi. O‘zim ham adashib qolib, zo‘rg‘a topdim, kelin.

– Qo‘llarida telefon bormi?

– E, chol odam tilponni tushunama?.. Menimcha, u aptavuzda uxlab qog‘an-ov! Uydayam karis seriali boshlang‘andan uxlab qolardi, keyin tugaganda uyg‘onardi. «Nima bo‘ldi, aytib ber», deb boshimni qotirib, nervimg‘a tegardi.

Panji oshxonaga o‘tdi, so‘ng tomoq qirib, xotinini chaqirgan bo‘ldi. Sabohat dik o‘tib o‘rnidan turdi-da, erining oldiga shoshildi.

– Nima qilamiz? – dedi asabiylashib Panji. – Shaharda bularga balo bormidi, a? Pensiyasini olib, indamay o‘tirmaydimi?

Sabohat ko‘rsatkich barmog‘ini labiga bosdi:

– Hoy, sekinroq, enangiz eshitib qoladi!

– E, enam ham... Bu... otam telefon raqamimizni bilmasa kerak-a?

Sabohat bosh chayqadi:

– So‘radim. Enam ming marta aytibdi, oxirigacha aytguncha boshidagi raqamlar esidan chiqib ketaveribdi. Enam qog‘ozga ham yozib beribdi. «Qaynotang‘iz kesak topolmay, ishlatib jubarg‘an», deydi.

– Men militsiyaga ketdim, Sanobar!

Kampirning ovozi keldi:

– E, buncha xavotirlanasizlar? Topiladi shu chol! Yo‘g‘alsa, shu paytg‘acha tuzuk-quruq yo‘g‘alardi-da! Undan ko‘ra, bog‘chadan nebaralarimdi opkelinglar. Ularg‘a qurut apkeg‘anman.

Oshxonada u yoqdan-bu yoqqa yurayotgan Panji bu gapdan yanada jig‘ibiyron bo‘ldi. Bu kampirning eri yo‘qolib o‘tiribdi-yu, qurut deydi!

Kech tushib borar, Panji esa militsiya bo‘linmasiga nima deb murojaat qilishni o‘ylab, boshi qotgan edi. Bu orada Sabohat bog‘chaga borib, ikki o‘g‘lini olib keldi.

– Dada, bobom yo‘qoyib qoptiyaymi? – deb so‘radi Fazliddin ko‘zlarini katta-katta ochib. – Kattayay ham yo‘qoyadimi?

Panji bu gapdan battar siqilib, onasi o‘tirgan xonaga kirdi:

– Ena, avtobusdan tushgan bekatingiz qaysi tomonda edi?

– Maro‘jniy sotadig‘an astanopka edi. Bir shir yalang‘och uyotsiz o‘ris ayol apcharka kuchugi bilan turib edi... Senam kallamdi qotirding-da. Topiladi shu otang, dedim-ku!

– Uch ko‘cha narida, dedingizmi? Bu atrofda bekat ko‘p, qayerdan topamiz?! Ayting-da tuzuk...

– Bo‘ldi, jag‘imdi og‘ritib yubarding, – tumtaydi kampir. – Otang kerak bo‘lsa, o‘zing topib ol!..

* * *

Mayor Zayniddinov Juma otaning uzundan-uzoq gapini erinmay eshitdi. So‘ng Murodovga o‘xshab boshini emas, iyagini qashladi. Shu asnoda Juma otaga tikilib turdi.

– Bu yerda iyak qashlab o‘tirg‘andan foyda yo‘q, kampirimdi topish kerak, – dedi Juma ota sabri chidamay.

Zayniddinov diqqat bo‘ldi:

– Poytaxtda qancha odam yashashini bilasizmi, ota? Yana qancha kishi kirib-chiqadi.

– Mening kampirim hammasidan ajralib turadi, Zayniddinip ulim.

– Kampiringiz allaqachon o‘g‘lingizning uyida bo‘lsa kerak. Kim, dedingiz, Panjimi? O‘zi izlab qolar, a? Qaysi tumanda yashaydi?

– Toshkentda, dedim-ku!

– O-ta-xon? Chilonzormi, Sebzormi, Mirobodmi?

– Sen o‘zi rosa ezma ekansan-da! So‘rayverasan, so‘rayverasan. Sariq domda yashaydi. Padyezdini ko‘kka bo‘yab qo‘yg‘an. Uchinchi etajida lampichkasi kuyg‘an edi, hozir almashtirganma-yo‘qma, bilmayman.

– Otaxon, nega jahl qilasiz? O‘g‘lingiz ishlaydigan joyni aniq bilmasangiz! Uy keliningizning nomiga olingan ekan! «O‘g‘lim paspirtini almashtirib edi», dedingiz. Keliningizning otini so‘rasam, «o‘rtancha kelin», desangiz.

– O‘rtancha kelindi o‘rtancha, deydi-da! Otini boshingga urasanma? Sen menga kampirimdi topib ber, kelin bilan ishing bo‘lmasin.

– Qanday topib beraman? Tuzilishini ayting-da bunday!

– Obbo, sadag‘ang ketay, buncha ezma bu?

– Otaxon, bir daqiqa, – Zayniddinov shunday deb yon tomondagi turnaqator telefonlardan birining go‘shagini ko‘tardi: – Alyo, navbatchi Qo‘ldoshev... Eshityapsanmi, hamma hududlarga xabar yubor, yetmish yoshli kampir qishloqdan kelib, yo‘qolib qolgan... Norchuchuk moma, degin... Familiyasini bilmayman... A?.. Sen yetkazaver, bor ma’lumot shu!.. Aytganday, Qo‘ldoshev, shahar transport boshqarmasiga ham...

– Zayniddinip ulim, – dedi Juma ota o‘rnidan turib.

– Ha, ularga ham murojaat qilishsin. Nima?.. Navbatchisi o‘tiradi-ku baribir! – Zayniddinov go‘shakni qo‘yib, Juma otaga yuzlandi: – Gapiring, ota, yana nima gap? Yo birorta tafsilot esingizga tushdimi?

Juma ota yon-atrofga qarab oldi-da, sekin so‘radi:

– Zayniddinip ulim, bu... tuvalitlaring qayerda? Zahar tanglik qip qoldi.

Mayor o‘rnidan turdi va «yuring» ishorasini qilib, Juma otani ortidan ergashtirgancha xonadan chiqdi. Otaxon u yerda uzoq qolib ketishini qayerdan bilsin! Zayniddinov navbatchiga tayinlay, desa, cholga nisbatan hurmatsizlik bo‘ladi. Kutib turaverdi.

Nihoyat Juma ota chiqdi. Keyin yaqin orada choyxona bor-yo‘qligini so‘radi.

– Choyxonani nima qilasiz? – qoshini chimirib so‘radi Zayniddinov. – Qo‘ying, yana yo‘qolib qolasiz!

– Zerikib ketdim, nos chakib, oyoqni cho‘zishgayam mundayroq joy yo‘q, – dedi Juma ota. – Attang, Toyir jo‘ramdi opkemabman-da, gurunglashib o‘tirardik... Aytganday, kampirim topilmadima?

Zayniddinov tishini tishiga bosdi:

– Topiladi, otaxon, topiladi.

– Sening xotining yo‘qolmag‘an-da, tushunmaysan! Bu yerda qaqqayib turguncha, borib qidirsang bo‘maydima?

– E, qiziq odam ekansiz, – dedi Zayniddinov, so‘ng qo‘li bilan tashqariga ishora qildi. –  Sizga choyxona kerakmi?.. Hozir chiqib, to‘g‘riga yurasiz, keyin chap tomonga o‘tasiz. Choyxona o‘sha yerda. Birorta chorpoyaga chiqib, dam olib turing. Moma topilsa, o‘zim oldingizga olib boraman.

– Tezroq top! – Juma ota shunday deb, hassasini do‘qillatgancha ko‘chaga chiqib ketdi.

Zayniddinov uning orqasidan qarab qolarkan, yana iyagini qashladi. Biroz turdi-da, o‘zining ham chapaniligi tutib, «ukkag‘ar chol bopladi», dedi va xonasiga yo‘l oldi.

* * *

Panji militsiyaga murojaat qilishdan ko‘ra, bekatga borishni mo‘ljalladi. Ammo qaysi bekatga borishni bilmasdi. To‘rt tomonda to‘rtta bekat bor-da!

– Enamga otam kerak emas, – dedi bo‘g‘ilib u. – «Bu yerning kampirlari yomon, chollarni olib qochib ketadi», desam ham pinagini buzmaydi. «Otangdi ko‘rsa, ulardi o‘zi qochib ketadi», emish! «Otang kerak bo‘lsa, o‘zing qidirib top», – degani-chi!

G‘ira-shirada ikki kishining sharpasi ko‘rinib, hassaning do‘qillayotganini eshitgan Panji quvonib ketdi. Ha, kimdir otasini boshlab kelyapti. Panji o‘sha tomonga yugurib bordi:

– Ota, qayerlarda yuribsiz?

Ikkala sharpa to‘xtadi. Panji ularga yanada yaqin kelib, yuzlariga razm soldi:

– Ota, sizmisiz, men – Panjiman.

– E, bu mening otam, – dedi cholning yonidagi yigit. – Ota, o‘zingiz ayting.

– Ha, ha, – shosha-pisha javob berdi chol, – mening Panji degan o‘g‘lim yo‘q.

Yigit ming‘irladi:

– Qorong‘ida duch kelganni ota deyaverarkan-da!

Panji uzr so‘rab, ulardan uzoqlashdi. Bekatga tomonga oshiqdi. «Nega otamning familiyasini bilmayman? – dedi o‘zidan yozg‘irib. – Nahotki esimdan chiqib ketgan bo‘lsa? E, enam bilmaydi-yu, men qayerdan bilardim? Odamning ishi tushmasa, familiya-mamiliya bilan qiziqmaskan-da!.. Ota, otajon, qayerdasiz?»

Bekat o‘rinidig‘ining tagida kimdir uzala tushib yotgan ekan. Panji yana yugurdi.

– Ota, ota...

Uzalab tushib yotgan odam qimirlab qo‘ydi:

– Hiq... quy, ellik quy...

Panji qolgan uchala bekatniyam ko‘rib chiqdi, Juma ota yo‘q edi. Bir-ikkita yo‘lovchidan so‘radi, ular yelka qisishdi.

«Endi militsiyaga murojaat qilmasam bo‘lmaydi, – o‘yladi u. – To‘xta, avval Hamroqulga telefon qilay, balki otam qishloqqa qaytib borgandir...»

Ukasiga telefon qildi:

– Alyo, Hamroqul, salom, yaxshimisan? Otam...

– Aka, sizma? – dedi Hamroqul. – Chol-kampir eson-omon yetib borishdima? E, bular tinch yurmaydi-da...

– Menga qara, otam bormadimi qaytib?

– Shu yoshda asal oyiga pishirib qo‘yibdima, deng? Xi-xi-xi!

– Hamroqul, men sendan otam qishloqqa qaytmadimi, deb so‘rayapman.

– Iya! Nega qaytadi? Tinchlikma? Shuytib gapirmang-da!

Panji o‘pkasi to‘lib yig‘lab yubordi:

– Otam yo‘qolib qoldi, Hamroqul! Hech qayerda yo‘q.

– Nimalar deyapsiz, hazillashmang. Otam yo‘qoladigan odam emas-yey!..

– Sen xotining bilan hiring-hiring qilguncha menga telefon qilib qo‘ysang o‘larmiding? O‘zim kutib olardim-ku!

– Otam, «ularga aytma, ovora qip qo‘yamiz», dedi-da! Yopiray, qayerga yo‘qoladi? Otam... enam bilan ketgan edi-ku! Enam qayerda?

– Enam uyda, – hiqilladi Panji, – otam yo‘q!

– Yopiray, arazlashib qolishiptima? Men ming marta aytdim, «ota, ena, shu yerda tinchgina o‘tiringlar», dedim. «Sen, tirrancha, menga qayerda o‘tirishdi o‘rgatma», deb otam hassasini ko‘tarib quvdi. Yo‘qolishini bilganimda tayoq yeb bo‘lsayam olib qolardim, aka! Men qayerdan bilay! O‘zi hammasiga siz sababchisiz! Shaharda qolib, balo bormidi? Qishloqqa qaytish kerak edi. Toshkandda qolmaganingizda otam ham yo‘qolmasdi.

Panji telefonini o‘chirdi. So‘ng tevarak-atrofga razm soldi: «militsiya bo‘linmasi qayerda edi?..»

Ko‘zi tushmadi. Duch kelgan yo‘lovchi mashinaga qo‘l ko‘tarib, yaqin oradagi melisaxonaga eltib qo‘yishni so‘radi...

– Xo‘sh, nima gap? – so‘radi navbatchi militsiya xodimi.

– Bir kishini yo‘qotib qo‘ydim, – hovliqdi Panji. – Tez topishim kerak.

Navbatchi ariza yozish kerakligini aytdi. Panji shoshganidan g‘adir-budir qilib yozib tashladi. Navbatchi qog‘ozga ko‘z yugurtirib, hech nimani tushunmadi.

– Ehe, terapevt do‘xtirlarning retseptiga o‘xshab qolibdi-ku! – dedi u. – Mana bu yerda nima degansiz? «Juma kuni yo‘qolgan»mi?

– Yo‘q, otamning ismini yozganman. Yo‘qolgan kishi otam bo‘ladi. Juma ota!

– Familiyasini yozmagansiz, shekilli?

– Choriyev, – dedi Panji endi esiga tushib. – Ha, Choriyev Juma.

– O‘zingizning ism-sharifingiz?

– Jumayev Panji... Surxondaryoda shunday... Tezlashtiraylik, komandir, iltimos.

Navbatchi telefon go‘shagini ko‘tarib, kimlar bilandir gaplashdi. Bosh irg‘ab turdi. Keyin chehrasi yorishib, «rahmat», dedi-da, go‘shakni qo‘yib, Panjiga yuzlandi:

– To‘rtinchi bo‘linmaga choping. Ikki chaqirimcha keladi. Stomatologiya shifoxonasining yonida.

Panji qiyqirib yubordi:

– Baraka toping, aka!

Juma ota to‘rtinchi bo‘linmada ham yo‘q edi. Navbatchi kulimsirab dedi:

– Ha, sizning otangizmi? U kishi choyxonada! Hamkasblarimning hammasini qo‘yarda-qo‘ymay chaqirib oldi...

Panji choyxona tomonga uchdi. Choyxonaga yetar-yetmas, otasining ovozi qulog‘iga chalindi:

– Keyin boynag‘ini jag‘idan shuytib ushladim-da, bitta soldim. Ariqqa do‘malab tushdi. Qo‘ymichig‘a ekki tepdim. «Sen, – dedim, – qishlog‘imizdi molini o‘g‘irlaydig‘an bo‘ldingma?» – dedim. Melisaxonag‘acha tepib bordim.

– Ota, – baqirib yubordi Panji.

Bir tovoq osh qo‘yilgan chorpoyadagi dasturxon atrofida militsiya xodimlarini og‘ziga qaratib o‘tirgan Juma ota «yalt» etib qaradi. O‘g‘li bilan ko‘risharkan, «mana shu oshdi yeb, keyin ketamiz», dedi. Keyin hamma bilan tanishtirdi. Miliya xodimlari turishga ruxsat so‘rashganida qo‘ymadi:

– Yana yarim soat o‘tirsalaring, hech nima qilmaydi. Yurtimiz tinch, Xudog‘a shukr!

Hamroqul sim qoqib qoldi:

– Aka, men hamma qarindoshlarg‘a aytib chiqdim. Hozir bir avtobus bo‘lib yo‘lg‘a chig‘ayappiz. Ertalabg‘acha bo‘lsayam topamiz otamni.

– Otam yonimda, – dedi Panji kulib. – Biz osh yeyapmiz...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring