Muallaq turuvchi darvesh bilan suhbat (foto)
Buxoroning eski shahar qismida muallaq turuvchi darvesh qisqa fursatda mashhur bo‘ldi. Ko‘plab sayyohlaru mehmonlar bunga katta qiziqish bildirdilar, uning yonida rasmga tushdilar. Fotosuratlar OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketdi. Quyida ushbu darvesh qiyofasidagi aktyor bilan uyushtirgan suhbatimizni havola etamiz.
— Baxtiyor Ashurovman. 1990 -yili Buxoro viloyati Jondor tumanida tug‘ilganman. 2008-yili Buxoro san’at kollejini tugatdim. O‘sha yilning sentyabr oyida viloyat teatriga ishga qabul qilindim. Ayni kunda rejissyor assistenti va aktyor bo‘lib faoliyat ko‘rsatyapman.
— Darvesh qiyofasi sizga qanday nasib etdi? Kimdir tavsiya qildimi yoki tanlov asosida qabul qilindingizmi?
— Bilasizmi, mening ishga bir-ikki soat oldin keladigan odatim bor. Ertaroq kelaman-u kitob o‘qib o‘tiraman. O‘sha kuni, ya’ni muallaq turuvchi darvesh sinovdan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan paytda ham ishxonada o‘zim edim. Shuning uchun bu rol mening chekimga tushdi. Viloyat madaniyat boshqarmasidan qo‘ng‘iroq qilishgach, shoshib qoldim. Grimdan xabarim bor, tezda darvesh qiyofasiga kirib, liboslarni egnimga kiyib, o‘sha yoqqa oshiqdim.
— «Joyingiz»ni egallashingiz qiyinchilik tug‘dirmadimi? Qancha vaqt «muallaq» o‘tira olasiz?
— Ikki-uch soat o‘tiraman. Qiyinchilik tug‘dirmaydi. O‘zimni noqulay sezmayman. Ikki-uch soatdan oshib ketsa, oyoqlarim uvishib qoladi. Shu paytgacha uch marta shu tarzda o‘tirdim. Sinov arafasida meni ustalar bilan tanishtirishdi, biz birgalikda darvesh «uskuna»sini yaxshilab sinovdan o‘tkazdik.
— Sayyohlar bilan uchrashuv qanday bo‘ldi?
— Dastlab hayajonlandim. Indamay o‘tiraverdim. Savollar berishdi. Nega bunaqa o‘tiribsiz, qanday qilib muallaq holda chordona qurib olgansiz, deyishdi. Bir-ikkita savollariga javob berdim, keyin o‘rtog‘im ularga yuzlandi. Chet eldan kelgan mehmonlar ham qiziqib qolishdi. Suratga tushirishdi. «Muallaq» o‘tirganimni Prezidentimiz ham Buxoroga kelganda ko‘rdi, men bilan suhbatlashdi.
— Ammo bugun sizning «hududingiz» bo‘sh? Ko‘pchilikni darveshning maydondan g‘oyib bo‘lish sabablari hayron qoldirmoqda.
— Men ishli odamman. Ishimni tashlab ketolmayman. Bu haqda avvalboshdan mutasaddilarga aytdim. Ammo muhim ahamiyatga molik tadbirlar, sayyohlarni yurtimizga jalb etish yuzasidan yordamim kerak bo‘lsa, bunga hamisha tayyorman. Men bu ishni pul uchun qilmayman, aslo! Kasbim sifatida yaxshi ko‘rganim uchun ham ijro etyapman va tobora o‘zimga yoqyapti. Darvesh bahonasida qalandarlar tarixi bilan qiziqib qoldim, manbalarni topib o‘qib chiqdim. Ularning hayoti menda chuqur taassurot qoldirdi.
— Buxoroda ijara uyda turar ekansiz.
— Ha, ijara uyda oila a’zolarim bilan yashayman. Xudoga shukr, uch nafar qizim bor, xotinim — uy bekasi. Ota-onam qishloqda istiqomat qilishadi. Ular nafaqaxo‘r. Buxoro va Jondor tumani orasi 45 kilometrlik yo‘l. Tez-tez borib turaman. Ota-onamning duolarini olaman.
Mavzuga doir:
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter