Smartfon batareyasining eng katta «dushmanlari»

Smartfonlar quvvatini eng ko‘p holatlarda messenjerlar hamda ijtimoiy tarmoqlarning mijoz-ilovalari tugatib qo‘yadi, deb yozdi iXBT Live.
Messenjerlar hatto fon rejimida ham yangiliklar tasmasini tinmay yangilab, xabarlarni sinxronlab, batareya quvvatini kamaytirishdan to‘xtamaydi. Ma’lumotlar avtomat yuklanishini o‘chirish, faqat muhim chatlardan xabarlar kelishi sozlansa, quvvat behuda sarflanishining oldi olinadi.
Foydalanuvchining har qadamini tinmay kuzatuvchi xarita-ilovalar ham akkumulyatorning kushandalaridan biri. Keraksiz paytda bu ilovalar uchun geolokatsiya o‘chirib qo‘yilsa, batareya quvvati tejaladi.
Smartfondagi oqimli video va musiqalar uchun mo‘ljallangan ilovalar ko‘p quvvat sarflovchilar sirasiga kiradi. Ularni ham erinmay sozlash, fon rejimida yuklanishlarni o‘chirish, keraksiz paytda ilovada ijro funksiyasini o‘chirish tavsiya etiladi. Video ekrandan surib qo‘yilgan paytda, ya’ni ko‘rilmayotgan paytida ham ilova ma’lumotlarni yuklashda davom etayotgan bo‘lishi mumkin.
Bulutli servislar (Google Drive va «Yandeks.Disk» kabilar) fon rejimida fayllarni faol sinxronlaydi. Avtomat tarzda sinxronlash funksiyasi o‘chirilsa, smartfon quvvati ancha tejaladi.
O‘yinlar, ayniqsa, «og‘ir» o‘yinlar ko‘p quvvat talab qiladi. Foydalanib bo‘lingandan so‘ng bunday ilovalarni to‘liq yopish, ulardan keladigan xabarlarni o‘chirib qo‘yish ortiqcha energiya sarfidan xalos etadi.
Xulosa qilib aytganda, ilovalarning sozlamalariga e’tibor berib, ularning fon rejimidagi faoliyati nazoratga olinsa, smartfon quvvati anchaga yetadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter