Rulda ko‘rinmas hududni kamaytirish uchun nima qilish kerak?
Avtomobil ko‘rinmas hududi deb haydovchining o‘z o‘rnidan mashina atrofini ko‘rolmaydigan joyga aytiladi. Buni ba’zilar «o‘lik hudud» ham deyishadi («mertvaya zona», «slepaya zona»). «Merkur» yozishicha, bunday hudud avtomobilning orqa, yon va hatto old tarafida ham bor. Ba’zan yonimizdan o‘tayotgan transport vositasini na orqa va na yon tomondagi ko‘zgu orqali ham ko‘rmay qolamiz. Aynan shuning uchun ham ko‘rinmas hudud — haydovchilar, ayniqsa, o‘rganuvchilar oldida turgan eng katta xavotirlardan. Buning chorasi bormi o‘zi?
Ko‘zguni to‘g‘rilaymiz
Asosiy qoida: ko‘zgu qanchalik yaxshi sozlansa — ko‘rinmas hudud shunchalik kamayadi. Chap tomonni ko‘rsatuvchi yon ko‘zguni to‘g‘rilash uchun haydovchi o‘rindig‘iga o‘tirib, boshni chap tarafga buramiz. Oynaga qarab avtomobil orqa qanotining kattagina qismi ko‘ringunga qadar ko‘zguni buramiz.
O‘ng ko‘zguni ham xuddi shu tariqa to‘g‘rilaymiz, faqat sal o‘rtaroqqa engashib, boshni o‘ng tarafga buramiz. Salondagi ko‘zguga kelsak, u orqa oyna o‘rtasini ko‘rsatishi zarur.
Ko‘zgu to‘g‘ri sozlanganini tekshirish uchun u-bu kimdan taxminan ikki metr masofada avtomobil atrofini aylanib chiqishini so‘raymiz. Agar odamning aksi ko‘zgulardan biridan yo‘qolishi bilan shu zahoti ikkinchisida paydo bo‘lsa, to‘g‘ri sozlangan bo‘ladi.
Burilayotganda yon tomonlarga qarashni unutmaymiz
Ko‘pincha ko‘rinmas hududga velosipedchilar tushib qoladi. Bu, ayniqsa, avtomobilni o‘ng tomonga burayotganda yuz beradi. Shu bois burilayotganda haydovchiga nafaqat ko‘zguga, balki yon tomonlarga qarash ham tavsiya etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter