Karantin vaqtida stressni yengish yo‘llari
Bugungi pandemiya sharoitida ko‘pgina insonlarda stress, xavotir yoki qo‘rquv kabi salbiy holatlar kuzatilayotgan bo‘lishi tabiiy. Bunday shaxslarga psixologik yordam ko‘rsatish hozirgi vaziyatda dolzarb ahamiyatga ega masala hisoblanadi. Psixologik tadqiqotlar ushbu muammo bilan bog‘liq bo‘lgan his-tuyg‘ularni qanday yengish haqida ba’zi ma’lumotlarni taklif qilishadi. Hozir biz karantin davrida o‘zimizda yuzaga keladigan stress holatlarini yengish bo‘yicha psixologik tavsiyalar bilan tanishamiz.
- Faol bo‘lishga harakat qiling.
Kundalik amalga oshiriladigan ishlar rejasini yoki kun tartibini tuzib oling, uni o‘zingiz va boshqalar ko‘rishi mumkin bo‘lgan joyga joylashtiring, chunki bu bizning unga rioya qilishimiz ehtimolini oshiradi. Amalga oshiriladigan ishlar, bo‘sh vaqt, jismoniy mashqlar, o‘qish va hokazolarda xilma-xillikni ta’minlang, sizning ichki g‘ayratingiz va qiziqishingizni uyg‘otadigan biron bir yangi narsa — loyiha bilan shug‘ullanishga e’tibor bering. Kayfiyatimiz va his-tuyg‘ularimizni o‘zimiz boshqarishimiz mumkin, shuning uchun nimani his qilayotganingizni bilishga harakat qiling va nega bu hissiyotlarni boshdan kechirayotganingizni tushunish uni boshqarishning birinchi qadamidir.
- Aloqada bo‘ling.
Ekstrovert yoki introvert bo‘lishingizdan qat’i nazar, barchamiz uchun do‘stlar va oila a’zolari bilan muloqotda bo‘lish bizga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Matnli xabar, video muloqot, ijtimoiy tarmoqlar yoki telefon orqali aloqada bo‘lish bizning boshqalar diqqat markazida bo‘lishimizga xizmat qiladi. Xususan, his qilgan tuyg‘ularingizni ular bilan baham ko‘rish yaxshi natija beradi. Garchi birgalikda muammo hal etilmasa ham, ishongan insonlar bilan suhbatlashishning ijobiy psixologik tomonlari borligi bir qator tadqiqotlar tomonidan ochib berilgan.
- O‘z sog‘lig‘ingizga e’tibor qarating.
Ma’lumki, biz ba’zida sog‘lig‘imizni yetarlicha nazorat qila olmaymiz. Karantin va izolyasiya paytidagi stress va stressli holat bizning immunitetimizni zaiflashtiradi, shu sababli sog‘liqni saqlash uchun faol bo‘lish yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Tarkibida xilma-xil ozuqa moddalari bo‘lgan ovqatlarni iste’mol qilishga odatlaning hamda ozgina va tartibsiz ovqatlanishdan saqlaning. Ba’zida xavotirlanish hissi bemalol ovqatlanishga xalal berishi mumkin, shuning uchun biz bu omillarni nazorat qilishimiz kerak. Kundalik mashqlar uyquni tartibga solishga yordam beradi, bularning barchasi psixologik salomatlikni yaxshilaydi. Ta’kidlash lozimi, alkogol va giyohvand moddalarni iste’mol qilish stressni yengib o‘tishda yordam bermaydi.
- Ommaviy axborot vositalaridan foydalanishni nazoratga oling.
2016-yilda Zika virusi inqirozi paytida «Twitter» kabi ijtimoiy tarmoq ma’lumotlariga tayanuvchi foydalanuvchilarda oddiy yangiliklarni kuzatib boruvchilarga qaraganda yuqori darajadagi stress va xavotirlar qayd etilganligi aniqlandi. Aslida, inqirozli vaziyatda juda ko‘p ommaviy axborot vositalaridan foydalanish stress darajasining ortishiga olib keladi. Yangiliklarni kuzatishni cheklang va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni kamaytiring. Ishonchli ma’lumotlarni beruvchi an’anaviy milliy ommaviy axborot vositalarini kuzating.
Agar siz karantinga yoki izolyasiyaga olingan bo‘lsangiz, bularni nafaqat o‘zingiz, balki yaqinlaringiz uchun ham qilayotganingizni esda saqlang. Bu altruizmning asosiy belgisidir. Sizni xalqimizning oddiy qahramonlaridan biri deb ta’kidlash mumkin. Buning uchun biz sizdan minnatdormiz!
Xalilova Nargiza Ikromaliyevna
Nizomiy nomidagi TDPU psixol.f.n.dotsent
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter