JSST pandemiya davrida jismoniy faollik bo‘yicha yangi tavsiyalarni ishlab chiqdi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) koronavirus pandemiyasini hisobga olgan holda jismoniy faollik me’yorlari bo‘yicha tavsiyalariga tuzatish kiritdi va muntazam faollikning kattalar va bolalar uchun ahamiyatini eslatib qo‘ydi.
JSSTning ta’kidlashicha, agar dunyo aholisi faolroq bo‘lganida edi yiliga 5 milliontagacha o‘lim holatining oldini olgan bo‘lardi.
Tashkilot xabariga ko‘ra, bugungi kunda COVID-19 tufayli ko‘pchilik uyda qolishga majbur bo‘layotganligi sababli JSST jismoniy faollik bo‘yicha yangi qo‘llanma ishlab chiqdi. Unga ko‘ra har qanday yoshdagi va har xil qobiliyatlarga ega barcha odamlar jismoniy faol bo‘lishi kerakligi, harakatning barcha turlari muhimligi ta’kidlanadi.
JSST yangi ko‘rsatmalariga muvofiq, katta yoshdagilar, jumladan, surunkali kasallikdan qiynalayotganlar yoki nogironlarga haftasiga o‘rtacha tezlikda 150-300 daqiqa jismoniy faollik tavsiya etiladi. Bolalar va o‘smirlarga kuniga o‘rtacha 60 daqiqa o‘rtacha yoki yuqori tezlikda aerob mashqlarini bajarish maslahat beriladi.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, keksalarga (65 yosh va undan kattalar) yiqilishning oldini olish hamda salomatlikni yaxshilash maqsadida muvozanat va koordinatsiyani yaxshilashga, shuningdek, mushaklarni mustahkamlashga yordam beradigan faollik turlarini qo‘shish ko‘zda tutiladi.
JSSTning ta’kidlashicha, muntazam jismoniy faollik yurak-qon tomir kasalliklari, saraton va ikkinchi tur diabetni davolashga ko‘maklashish va oldini olishda, shuningdek, vahima va depressiya alomatlarini kamaytirishda, kognitiv qobiliyatlarning pasayishini sekinlashtirishda, xotirani yaxshilashda hamda miya salomatligini mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesusning so‘zlariga ko‘ra, jismoniy faollik salomatlik va farovonlik uchun nihoyatda muhimdir — u umrni uzaytirib, hayot sifatini yaxshilashga yordam beradi.
«Ayniqsa, hozir COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar sharoitida yashayotganda har qanday harakat muhim. Hammamiz har kuni harakat qilishimiz kerak», — deydi JSST raisi.
Tashkilotda qayd etishlaricha, har turli jismoniy faollik foydali. Ularni ish paytida, dam olayotganda, sport bilan shug‘ullanganda yoki biror joyga ketayotganda (piyoda yurish, velosiped minish), raqs, seharakatlar o‘yinlar yoki kundalik uy yumushlari (uy yig‘ishtirish, bog‘dagi ishlar) orqali amalga oshirish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter