Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Issiq kunlarda dori vositalarini qanday saqlash kerak?

Issiq kunlarda dori vositalarini qanday saqlash kerak?

Har bir dori vositasining qo‘llash yo‘riqnomasida ularni to‘g‘ri saqlash qoidalari va shartlari yozilgan bo‘ladi. Masalan, ba’zi preparatlar muzlatkichda, ayrimlari xona haroratida, yana bir turkumi quruq yoki qorong‘u joyda saqlanishi kerak.

Biroq yozning jazirama kunlarida bu talablarga alohida rioya qilish zarur. Chunki issiq havo ularning xususiyatlarini o‘zgartiradi va quyosh nurida qolib ketgan dorilar sog‘lik uchun zararli vositaga aylanishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati «Farmatsevtik mahsulotlar xavfsizligi markazi» davlat muassasasi Farmakologik nazorat bo‘limi boshlig‘i Elvira Svechnikovaning bu haqdagi tavsiyalarini ulashdi.

—  Avvalo, antibakterial preparatlar, surtma va gellar, gormonal dorilar, vitaminlar, plastir hamda tibbiy shamchalarni issiqdan himoya qilish lozim, — deydi mutaxassis. — Misol uchun, kremlar, surtma, shamchalar yuqori haroratda erigach, dorivor moddalarning ichki tarkibida qayta taqsimlanish jarayoni sodir bo‘ladi va hatto keyingi qayta sovitish ham ularni saqlay olmaydi.

Bundan tashqari, avtomashinalardagi birinchi yordam to‘plamlarini esdan chiqarmaslik kerak: ularni issiqda ham, sovuqda ham mashinada qoldirib bo‘lmaydi.

Hamma dori vositasini muzlatkichda saqlash noto‘g‘ri!

Xona harorati deganda, odatda 15°-25° daraja, shuningdek iqlim sharoitiga ko‘ra 30°S gacha bo‘lgan harorat nazarda tutiladi. Bunday paytda dori vositalarini tibbiyot qutichasida jamlab, shkafda saqlashingiz maqsadga muvofiq.

8°dan 15° gradusgacha bo‘lgan salqin muhitda ayrim dori vositalarini muzlatkichda saqlashga ruxsat beriladi.

Bunda 8°S dan past haroratda fizik-kimyoviy xususiyatlari o‘zgarishi mumkin bo‘lgan dori vositalari (damlamalar, suyuq ekstraktlar va boshqalar)ni muzlatkichda saqlash mumkin emas.

Farmatsevtika mahsulotlarini sovuq joyda saqlash deganda 2°C dan 8°S gacha bo‘lgan mikroiqlim muhiti tushuniladi.

Bunda dori-darmonlarni muzlatkichning devoriga yaqin joylashtirib, ularning muzlab qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Odatda, shamchalar (svecha), turli ko‘z tomchilari, linimentlar, in’yeksiya eritmalari, ferment tabletkalari shu tarzda saqlanadi.

Muzlatkichning bir tokchasida dori vositalari va oziq-ovqatlar yonma-yon turishi qat’iyan man etiladi.

Preparatlarni saqlashda yorug‘lik va namlikdan himoya qilish kabi talablarga ham e’tibor berish zarur. Agar ko‘rsatmada «qorong‘u joyda saqlang» deb yozilgan bo‘lsa, unda siz dori qadog‘ini yorug‘likdan to‘liq himoya qilishingiz kerak.

Quruq joyda havo namligi 50 foizdan oshmasligi lozim.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring