Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hayot uchun xavfli mahsulotlar

Hayot uchun xavfli mahsulotlar

Foto: «Sözcü»

Amerika sanitariya nazorat boshqarmasi deyarli har kuni iste’mol qilinadigan hayot uchun xatarli mahsulotlar ro‘yxatini tuzib chiqdi. Turkiyaning «Sözcü» gazetasi ro‘yxatdagi har bir mahsulotni izohlab berdi.

Nashrning yozishicha, quyidagi mahsulotlar ro‘yxatga kiritilgan:

Tuxum. Noto‘g‘ri pishirilganda salmonella bakteriyalari chaqirgan infeksiyalar manbaiga aylanishi mumkin. Mutaxassislar tuxumni sovitkichda saqlashni, yaxshilab pishirishni va yangiligiga e’tiborli bo‘lishni maslahat berishadi. Shuningdek, xom tuxum qo‘shilgan taomlarni iste’mol qilmaslikka chaqiradi.

Qo‘ziqorin. Ma’lumki, ayrim qo‘ziqorinlar shu darajada zaharliki, odamni halok qilishi hech gap emas. Zaharlanish yoki o‘lim xavfining oldini olish uchun mahsulotni pishirishdan oldin yana bir bor xavfsizligiga ishonch hosil qilish kerak.

Brokkoli. Organizmga ichak tayoqchasi kabi xavfli bakteriyalar tushishining oldini olish maqsadida yashil sabzavotlar, jumladan, brokkolini ham yaxshilab yuvish tavsiya etiladi. Shuningdek, ko‘kpiyoz, ismaloq va rukkolaga ham e’tiborli bo‘lish kerak. Ushbu yashil bargli sabzavotlar ham infeksiya tashuvchisi bo‘lishi mumkin.

Qahva. Ushbu ichimlikning zarari haqida juda ko‘p gapirilgan — u tishlarning sarg‘ayishiga, tana suvsizlanishiga va uyqu tartibining buzilishiga olib keladi. Bundan tashqari, teriga issiq suyuqlik tushganda uchinchi darajadagi kuyishga sabab bo‘lishi mumkin. Maqola mualliflari qahva kompaniyalarini sudga bergan ayolni misol tariqasida keltirgan. U ustiga qahvani to‘kib qo‘yib, shifoxonaga tushib qolgan. Shundan so‘ng qahva idishlarida «Ehtiyot bo‘ling, issiq qahva» degan yozuv paydo bo‘ldi.

Tunets. Dunyo bo‘yicha eng ko‘p iste’mol qilinadigan baliqlardan biri bo‘lishiga qaramay, ayrim odamlar uchun xavfli hisoblanadi. Jumladan, ushbu baliq ona qornidagi go‘daklar va bolalar uchun xatarlidir: ko‘p miqdorda iste’mol qilingan oq tunets nerv tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Yeryong‘oq. Maqola mualliflari keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, yeryong‘oq oziq-ovqat allergiyasi tufayli kelib chiqqan o‘limning asosiy sababchilaridan biri sanaladi.

Ustritsa. Ushbu mahsulotning ham tayyorlanish jarayonini nazorat qilish kerak. Ustritsa suv havzalari iflosligi tufayli infeksiya tashuvchisiga aylanadi. Ular suv tubida yashab, planktonlar bilan oziqlanadi va bakteriyalarga «to‘yinadi».

Sosiska. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ovqatlanish vaqtida 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida bo‘g‘ilish xurujlarining 20 foizi aynan sosiskalar tufayli kelib chiqadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring