Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Diyetologlar eng foydali desertni aniqlashdi

Diyetologlar eng foydali desertni aniqlashdi

Foto: «Globallookpress»

Muzqaymoq dunyodagi eng ommalashgan desertlardan biri. Diyetologlarning aytishicha, u hatto shokoladdan ham foydaliroq.

Ko‘pchilik uchun muzqaymoq — nafaqat jaziramada salqinlik beruvchi, balki har qanday ob-havoda yomon kayfiyatdan qutqaruvchi mahsulot hamdir. U bu borada shokolad bilan bahs boylasha oladi.

Muzqaymoqni qanday tanlash va iste’mol qilish kerak?

Muzqaymoq depressiyada hissiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki kayfiyatni ko‘taradi. Tabiiy mahsulotlar: sut, qaymoq qo‘shib tayyorlangan asl muzqaymoq tarkibida triptofan aminokislotasi mavjud. U baxt gormoni hisoblanmish serotonin sintezi uchun zarur.

Agar tort yoki shokolad bilan taqqoslaganda, muzqaymoqni tanlagan ma’qul. Yoqimli his-tuyg‘ular kam bo‘lmaydi, foydasi esa ko‘proq. Tana vaznini nazorat qiluvchilar va bir-bir ko‘ngli desertni tusab qoluvchilar, yaxshisi, muzqaymoqni tanlaganlari ma’qul. Muzqaymoqning turiga qarab kaloriyasi ham har xil bo‘ladi. Qand miqdori bo‘yicha odatda sezilarli tafovut yo‘q. Yog‘ miqdoriga ko‘ra esa farq qilishi mumkin. Chunki sutli muzqaymoq tarkibida taxminan 10 gramm yog‘, qaymoqli yoki plombirlisida 15—20 gramm (15—20 foiz) atrofida bo‘lishi mumkin. Tort yoki pirojniy bo‘lagida taxminan 25—30 gramm yog‘ mavjud. Bu sutli muzqaymoqdan ko‘ra uch baravar ko‘p degani. Shunga ko‘ra, kaloriyasi ham 3 baravar ko‘payadi.

Desert chindan ham foydali bo‘lishi uchun uning tarkibiga e’tibor bering. Tabiiy mahsulotlar qo‘shilgan muzqaymoqni tanlang. Bundayining tarkibida sut yoki qaymoq bo‘lishi, ozgina sariyog‘, shubhasiz, shakar qo‘shilishiga ruxsat etiladi. Bu asosiy tarkibiy qismlar. Agar muzqaymoq mevali bo‘lsa — meva sharbatlari ham qo‘shiladi. O‘simlik yog‘i, quyuqlashtiruvchilar, emulgatorlar kabi qo‘shimchalar bo‘lmagani ma’qul (bunday muzqaymoqlar arzon turadi). Tarkibiy qismlar ro‘yxati qancha ko‘p bo‘lsa, tabiiy mahsulot degan nomdan shuncha uzoqlashadi.

Kuniga bir porsiya, ya’ni bir stakanchadan ortiq muzqaymoq yeyish tavsiya etilmaydi. U shokoladsiz, murabbosiz, quyultirilgan sutsiz va boshqa qo‘shimchalarsiz bo‘lgani ma’qul. Chunki ular mahsulot kaloriyasini oshiradi.

Tana vaznini nazorat qiluvchilar mevali muz va sorbetlarni ham tanlashi mumkin. Faqat bu endi muzqaymoq bo‘lmaydi. Lekin oddiy shirinliklar o‘rnini bemalol bosishi mumkin. Ularni uyda o‘zingiz ham tayyorlay olasiz. Mevalarni blenderda maydalab, qolipchalar quyasiz va muzlatkichga joylaysiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring