COVID-19ga qarshi 19 tavsiya yoxud uy sharoitida davolanish uchun yo‘riqnoma
COVID-19 bilan og‘rigan bemorlar uchun uy sharoitida davolanish bo‘yicha ushbu yo‘riqnoma @rashidusmonovlivechat shifokor-tabiblari tomonidan uzoq muddatli izlanishlar, tajribalar hamda o‘zaro maslahat va mulohazalar asosida tuzilib, siz azizlarga taqdim qilinmoqda.
Tavsiyalar avvalo tabobatning oltin qoidasi — 6 zaruriy omil (sittai zaruriya) asosida tartiblandi:
1) Toza havo.
Archali, tog‘li xududda bo‘lsangiz, buning foydasi katta. Hech bo‘lmasa, uyingiz, hovlingizdagi archa oldida nafas olish, favvora, kichik suv purkagich (fontancha) yonida o‘tirib nafas olish o‘pka uchun foydali.
- erta tongda turib, o‘pkadagi balg‘amlarni tuflab tashlab, atirguldan nafas olish hatto o‘pka saratonini oldini oladi.
- Isiriq (xazorispand, garmala) tutatilganda uning tarkibidagi ko‘plab alkaloid moddalar havodagi va inson nafas yo‘llaridagi viruslarni nobud qilishi isbotlangan. Shu sabab isiriqni tez-tez tutatib obdon hidlash va xonalarga tutatish tavsiya etiladi.
- huddi shunday kust al-hindiyni ham tutatib hidlash mumkin.
2) Yeyish va ichish.
Taom qonni suyultiruvchi va o‘pka uchun foydali bo‘lishi kerak. Bular quyidagilar:
- No‘xati ko‘p solingan tovuq sho‘rva (tovuq iloji boricha xonadonniki), ilitilgan tuxum, qari xo‘roz go‘shtidan sho‘rva tavsiya etiladi. Isitma bor vaqtda taom yeyilmaydi (agar bemor go‘dak bo‘lsa, harorat tushguncha emizilmay turiladi). Chunki harorat yuqorilab ketishi mumkin. Bunday vaqtda faqat suyuqlik, qorin juda ochib ketsa qoqirim (1 piyola qatiqqa 1 piyola qaynoq suv, ozgina tuz qo‘shib) ichish.
- Mastava, moshxo‘rda kabi taomlarga qatiq, murch, ho‘l kashnich qo‘shib ichish foydali bo‘ladi.
- Qonni suyultirish va darmondori (vitamin)larga bo‘lgan ehtiyojlarni qondirish maqsadida na’matak damlamasini shirinliksiz damlab ichish (ayniqsa, quloq va tomoq og‘riqlari uchun), anjir qoqisini damlab ichish o‘pka va jigar tiqilmalarini ochish, o‘pkadagi balg‘amlarni ko‘chirish uchun tavsiya etiladi.
- Olcha qoqisining qaynatmasini issiq-issiq holatda isitma vaqtida ichish, haroratni tushirish va zaharlarni ter va peshob orqali chiqib ketishi uchun sinalgan davo.
- Qora choyga novvot qo‘shib iste’mol qilish yo‘talda foydali.
3) Uyqu va uyg‘oqlik.
Kuniga 7-9 soatlik uyqu – organizmni tez tiklash va immun tizimini ko‘tarishning eng arzon va oddiy usullaridan hisoblanadi. Uyquning yetarli bo‘lmasligi tabiiy quvvat (immunitet)ning tushishiga olib keladi.
4) Harakat va sukun (to‘xtash, tin olish).
O‘pkani himoya qiluvchi nafas mashqlari, arg‘imchoq uchish o‘pka faoliyati uchun juda foydali hisoblanadi («Tib qonunlari»ning 1-kitobi «Badantarbiya» faslidan).
5) Ushlanib qolish va tanani tozalash (ixtibos va istifrog‘).
O‘pka qon tomirlari va to‘qimalariga quyuq xiltlar, xossatan quyuq balg‘am va buzuq qon tiqilishi mumkin. Bunday holatda nafas olish qiyinligi, nafas qisishi kuzatilishi mumkin. Bunda, tib qoidasi bo‘yicha, o‘sha suyuqlik (xilt)larni o‘pkadan boshqa tomonga tortish yo‘li bilan bartaraf etiladi. Bunda qon olishning quyidagi ikki usuli foyda beradi:
- ikkala bilak venasidan taxminan 100 ml miqdorda qon oldirib tashlash.
- ikki kurak orasi (paravertebral) sohasining 7-8 joyiga, ayniqsa og‘riq boy joylarini tilib qortiq (banka) qo‘yib, qon olish (hijomai boshart). Bu tadbir Alixonto‘ra Sog‘uniyning «Shifoul-ilal» asarida ham ta’kidlangan.
Eslatma: qon oldirishdan avval bemorning qon bosimi o‘lchanadi. Bir bo‘lak nonni anor suviga botirib yeb olinadi. Qon oldirgach, anor suvi yoki ozgina uzum sirkasi iste’mol qilish, g‘alayonga kelgan qonni tinchlantirib, toza qon hosil bo‘lishiga yordam beradi.
6) Ruhiyatga ta’sir qiluvchi omillar (avorizi nafsoniya).
G‘am-qayg‘u, ruhan cho‘kishlik, tushkunlik, ayniqsa vahima kabi holatlar ichki quvvat (immunitet)ni keskin tushib ketishiga sabab bo‘ladi. Tibbiy manbalarda vahimaga tushgan kishining qon tarkibi o‘zgarib, organizmni zaharlanishiga olib kelishi mumkin, deyiladi. Shuning uchun, ruhiyatni ko‘tarib, tuzalishga aniq ishonch bilan, ixlos bilan kasallikni yengishga kirishish kerak.
Dori-darmonlar:
- Qust al-hindiy («Tibbun-nabaviy» asarida ta’kidlangan). Kapsula ko‘rinishidagi dorini 2 kapsuladan 3 mahal, 5 kun, kukun holatdagisini 1 choy qoshiqdan 3 mahal, 5 kun ichish. Davolash davomiyligi kasallikka qarab yana uzaytirilishi mumkin. Ushbu dori sog‘lom kishilarda ham ichki quvvat (immunitet)ni oshirib, virusli kasallikka chalinmaslikka sabab bo‘ladi.
-
- Qora sedana yog‘i. Tilchaning shishib ketishi, faringit, tomoqdagi yoqimsiz tuyg‘uni yo‘qotish uchun burunga 2-3 tomchidan 3 mahal tomizish («Tibbun Nabaviy» asarida ta’kidlangan). Yog‘ halqum (tomoqqa) oqib tushishining havfli joyi yo‘q. Isitma ko‘tarilsa, vaqtincha tomizmay turiladi (chunki isitma vaqtida yog‘ni ichga qabul qilish ham, tashqi tomondan teriga surtish ham tana haroratining oshishiga olib kelishi mumkin).
- Gulqand. Bu tabobatda ichki quvvat (immunitet)ni oshirish uchun o‘ta samarali doridir. Uni yaqin-yaqin vaqtgacha deyarli barcha xonadonlarda tayyorlab kelishgan. Ota-bobolarimiz bu haqida yaxshi eslashadi. Uni qizilgul va shakarni teng miqdorda olib, yaxshilab ezib, iloji bo‘lsa sopol idishda 40 kun davomida yoz chillasida oftobga qo‘yib tayyorlanadi (buni oftobi gulqand deyiladi). Tayyorlashning iloji bo‘lmaganda, oftobga qo‘yib o‘tirmay, tezroq bemorga berilaveradi.
- Qashqarbeda (donnik), tol po‘sti, limon, malina, na’matak kabilar qonni suyultirish uchun tavsiya qilinadi.
- Zufo (issop), chuchukmiya (koren solodki), dolchin, andiz (devyasil), gulxayri ildizi (koren alteyki) damlab ichish o‘pka faoliyati (funksiyasi)ni yaxshilaydi.
- Yalpiz qaynatmasi (myata perechnaya), ozuqa sodali suvda ingalyasiya qilish va tomoqni tez-tez chayib turish.
- Sachratqi (Sikoriy) damlamasini yuqori isitmada ichish tavsiya etiladi (1 choy qoshiq sachratqidan tayyorlangan 100 ml damlamani 2 mahal 15 kun davomida qabul qilish). Sachratqining mizoji sovuq bo‘lgani uchun 1/2 ch.q. asal qo‘shish mumkin.
- Arpa suvi (kashkob, yachmenniy otvar) yuqori isitmalarni normallashtirish va balg‘amlarni ko‘chirish xususiyatlariga ega. Buning uchun 1 piyola arpani yaxshilab yuvib, 3 litr suvga solib, 1 litr qolguncha miltillatib qaynatiladi, so‘ng suzib olinib bemorga ichiriladi.
- Sano (sanoi Makkiy, Aleksandrovskiy list). Sanoning 1/6 nisbati miqdorida qizilgul, topilmasa, atirgul bargi qo‘shib damlanadi. Damlamani tayyorlash uchun 1 choy qoshiqdan 1 osh qoshiqqacha bo‘lgan miqdorda sano barglari olinadi, damlanadi va tindirilib yotishdan oldin 50 ml ichiladi. Yoki dorixonalarda tayyor holdagi sano o‘simligidan olingan senadeksin dorisidan ichni yurgizish maqsadida yotishdan oldin kattalar uchun 1 tabletka, bolalar uchun 1/2 tabletka yetarli miqdorda suv bilan ichiladi. Bu tadbir isitmaga sabab bo‘lgan g‘ayritabiiy xiltlarni surishga yordam beradi.
- Ko‘krak qafasi sohasini 1 piyola suvga 1 choy qoshiq osh (chaynaya) sodasini solib eritilgan iliq suvda sochiqni ho‘llab terini qizartirib, ishqalab artish.
- Muhitni ishqorlashtirish: 1 piyola natriy bikarbonati (osh sodasi)ni vannaga solib, iliq suvda butun gavdani ko‘mib 10-15 daqiqa davomida yotish. 1 litr suvga 1 qoshiq osh (chaynaya) sodasi solib huqna (klizma) qilish. Bu ikki usul o‘pkada qon aylanishini kuchaytiradi, muhitni ishqorlaydi. Bu usullar Ibn Sinoda astma kasalligini davolashda kelgan, amaliyotda esa pnevmoniya va bronxitlarni davolashda ham samarasini ko‘rsatgan.
Qo‘shimcha ahamiyatli mahsulotlar:
- Brokkoli o‘simligi tarkibida beta-karotin, selen, A, S, Ye vitaminlari, kaliy, rux (sink), oltingugurt va ko‘plab aminokislotalar bo‘lgani sabab tanadagi zaharlarni (toksinlarni), erkin radikallarni chiqaruvchi (detoksikant) hisoblanadi.
- Zarchava (kurkuma) infeksion intoksikatsiyada zaharlarni (toksinlarni) organizmdan chiqarib yuborishga yordam beradi.
Barcha kasalliklar uchun tavsiya qilinadigan ushbu beshtalik (top 5) virusli kasalliklarda ham qo‘l keladi («Tibbun-Nabaviy»dan):
- Parxez (shifoning boshi);
- Sedana yog‘i (saratondan boshqaga shifo);
- Asal (ikkita katta shifolardan biri);
- Qon oldirish (hijoma, fasd, zuluk qo‘yish).
- ILOHIY DAVOLAR: sadaqa, istig‘for, ruqiya, silai rahm.
Keling, endi barcha tavsiyalarimizni tartiblab jamlaylik:
- Barcha o‘tkir respirator virusli kasalliklardagi kabi ushbu koronavirus kasalligida ham bemorlarga ko‘p miqdorda suyuqlik ichish tavsiya etiladi: mineral suvlar, limon, malina, na’matak damlamasi, choylar, yalpiz, anjir damlama va kompotlar. Imkon qadar oz-ozdan toza suv va asal, navvot solingan damlama choylarni kun davomida galma-gal ichish tavsiya qilinadi. Suyuqlik ichishning imkoni bo‘lmagan hollardagina bemorlarga vena qon tomiriga 5% glyukoza 200 ml va 5% askorbin kislotasi 4 ml yuboriladi. Intoksikatsiya (zaharlanish) yuqori bo‘lgan hollarda, bemor suyuqlik qabul qilolmagan hollarda venaga reosorbilakt 200 ml yoki L-lizina essinat 5 ml tomchilab yuborish tavsiya etiladi. Albatta, ushbu virusli kasallikda o‘pka shishini oldini olish uchun qon tomirga ko‘p suyuqlik yuborish tavsiya etilmaydi. Biroq ba’zi bemorlarda kuchli intoksikatsiya hisobiga ishtahaning bug‘ilishi kuchayib, suyuqlik ichishga ham holi bo‘lmay qolganda qon tomirga oz miqdorda bo‘lsa ham qonni suyultiruvchi, tanaga quvvat beruvchi, zaharlarni ketkizuvchi kerakli dori-darmonlarni yuborib turish kerak bo‘ladi.
- Qora sedana, xoh urug‘ini asalga qorishtirib, xoh yog‘ini yoki kapsulasini asal suvi bilan har taomlanishdan yarim soat oldin iste’mol qiling. Qora sedana ko‘plab patogen mikroorganizmlarga, jumladan viruslarga halokatli ta’sir ko‘rsatish xususiyatiga ega. U immun tizimini kuchli rag‘batlantirish evaziga organizmning kasallikka qarshi chidamligini tabiiy yo‘l bilan kuchayishiga sabab bo‘ladi. Zamonaviy tibbiyotda bu kasallikka qarshi maxsus antivirus dori vositalari tavsiya etiladi, biroq ushbu virusni butunlay yo‘q qiluvchi samarasi tasdiqlangan dori ishlab chiqarilmagan. Ta’siri tasdiqlangan preparatlar esa hozirda juda tanqis bo‘lib turibdi. Bilamizki, ushbu virusli kasallikda qo‘shimcha patogen bakterial infeksiya qo‘shilishi evaziga og‘ir turdagi pnevmoniya va boshqa asoratlar kuzatilmoqda. Ushbu qo‘shimcha infeksiyaga qarshi azitromitsin va boshqa ma’lum antibakterial preparatlar samarali qo‘llanmoqda. Biroq uy sharoitida davolanishda biz tabiiy va havfsizroq hamda samarali bo‘lgan qora sedana bilan davolanishni tavsiya qilamiz. Kasallik og‘ir kechgandagina shifokor tavsiyasi va nazorati bilan azitramitsin kabi antibiotiklarni qabul qilishni tavsiya qilamiz.
- Asal va propolis kabi asalari mahsulotlaridan unumli foydalanish lozim. Bunda toza tog‘ asalini yuqorida aytib o‘tilgan suyuqliklar, damlama va choylarga qo‘shib kun davomida oz-ozdan ichish tavsiya etiladi.
- Kust al-hindiy kukuni yoki tayyor kapsulalaridan 2-3 hafta (kasallik) davomida, kuniga 1-2 tadan 2-3 mahalgacha (holatga qarab) ovqatdan yarim soat oldin ichish tavsiya etiladi. Kust al-hindiy tomoq og‘riqlarida, turli shamollashlarda, xossatan plevrit va pnevmoniyada samarali ta’sirga ega ("Tibbun-Nabaviy" asarida kelgan).
- Zanjabil, qalampirmunchoq, zarchava (kurkuma)dan foydalanish. Zarchava (kurkuma)ni 1/3 choy qoshiqdan kuniga ikki mahal ovqatdan oldin 200 ml qaynagan iliq suv bilan iching. Bu tanani turli xil zaharlardan tozalaydi.
- Yerqalampir (xren) ildizi, shalg‘om, turp, murch, sarimsoqpiyoz va shu kabi ishtahani va dimog‘larni ochuvchi, balg‘am ko‘chiruvchi hamda tanani qizdirib, terlatuvchi tabiiy va sodda dorilarni me’yorida iste’mol qilish virus bilan kurashishda sizga katta yordam berishi mumkin.
- Vitamin S darmondorisini yuqori miqdorda tabletka, in’yeksiya yoki tabiiy mahsulotlar ko‘rinishida qabul qiling. Ushbu vitamin antioksidant (tanamizda hosil bo‘ladigan erkin radikallar va boshqa chiqindi moddalarning oksidlovchi ta’sirini neytrallovchi – zararsizlantiruvchi) hisoblanadi va organizmning infeksiyaga qarshi kurashishida yordam beradi.
- Magniy mikroelementi ham kuchli sitokin reaksiyasini pasaytirishda va tushkunlikka tushishni oldini olishda ahamiyatli hisoblanadi. Ushbu kimyoviy unsur (element)ni tabletka yoki in’yeksiya ko‘rinishida qabul qilishingiz mumkin yoki magniyga boy mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qiling. Magniy undirilgan bug‘doyda, qora bug‘doy (grechka), bodom kabi mahsulotlarda yuqori miqdorda bo‘lishi aniqlangan.
- Hozirda tanada D darmondorisi miqdori qancha kam bo‘lsa shunchalik kasallik og‘ir kechishi isbotlangan. Vitamin D ni kapsula, tabletka, tomchi ko‘rinishida bir sutkada kattalar uchun 1000-3000 ME (qariyalar va homiladorlar uchun ham), bolalar uchun esa 500-1500 ME gacha qabul qilish mumkin. Quyosh nuridan ham foydalanishni unutmang!
- Oqsilga boy (go‘shtli, dukkakli) taomlar immun hujayralar va ularning aksiltanachalari, immunoglobulin va boshqa hayot uchun muhim moddalar ishlab chiqarilishida kerakli homashyo bo‘lib xizmat qiladi. Biroq ko‘plab kasalliklarda tanamizdagi quvvat asosan, kasallikni yengishga sarflanadi. Taomni hazm qilish uchun ham quvvat zarur. Shu sabab quvvatni tejash maqsadida kasallikda ishtahamiz bo‘g‘ilishi tabiiy hol, bunda hazmi qiyin bo‘lgan taomlar, ayniqsa palov, go‘sht va yog‘li taomlarni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.
- Tomoq va burun moychechak (ramashka) damlamasi, tuzli suv, isiriq qaynatmasi, furatsillin eritmasi va boshqa antiseptiklar bilan kun davomida tez-tez chayib turilsa virusli infeksiyaning kirish yo‘llari, infeksiya o‘choqlari yuvib sanatsiya (tozalagan) qilingan bo‘ladi.
- Kuchli diurez, ya’ni tez-tez peshob chiqarish orqali tanadan chiqindi va toksinlarni chiqarib yuborishga harakat qilish kerak.
- Ko‘p terlash orqali tanadagi toksinlar chiqarib yuboriladi, yuqori harorat tufayli tanamizdagi viruslarni nobud bo‘lishiga erishamiz hamda terlagandan so‘ng, tanamiz issiqlikni chiqarib yuborib, o‘z haroratini me’yorga keltiradi.
- Misvok bilan tishlarni tozalash va misvokdan so‘lakka ajralgan moddalarni so‘lakka qo‘shib ozroq qismini yutib yuborish ham foydali. Chunki misvok tarkibida ko‘plab antiseptik moddalar mavjud. Qolaversa misvok oshqozon-ichak uchun ham foydalidir. Bu borada misvokni mayda qilib to‘g‘rab, suvda qaynatib ichish ham tavsiya etiladi.
- To‘yib uxlash immun tizimini, qolaversa butun organizmni tiklanishi uchun qulay fursat hisoblanadi, shu sabab tanamiz uyquga tortyaptimi, demak yaxshilab uxlab olish kerak.
- Nafas olish mashqlari tanamizni kislorodga to‘yintiradi, bu degani a’zolarimiz kerakli maromda yaxshi ishlashi uchun yetarli miqdorda kislorod bilan ta’minlangan bo‘ladi. Chuqur nafas olib, chuqur nafas chiqarish uchun maxsus “Buteyko” nafas mashqlarini bajarishni yoki ko‘proq Qur’on o‘qishni tavsiya qilamiz.
- Yuqumli (infeksion) isitma vaqtida jismoniy harakatlarni kamaytirish, zo‘riqishlarni oldini olish kerak bo‘ladi. Chunki jismoniy zo‘riqishda qon aylanishi tezlashadi va infeksiya, shu jumladan viruslar, qon orqali butun tana a’zolariga tarqalishi mumkin. Shuning uchun, yuqori harorat bilan kechayotgan intoksikatsiya davrida yotoq tartibi (rejimi)ni lozim tutish kerak. Albatta, bunda to‘shakka butunlay “mixlanib” qolmaslik kerak. Vaqt-vaqti bilan o‘rindan turib yengil gimnastik harakatlarni bajarib turish tavsiya etiladi.
- Tanada, ko‘krak qafasi, bel va oyoqlarda og‘riqlar paydo bo‘lishi asosan mushaklarda yig‘ilib qolgan zaharlar (toksinlar) hisobiga bo‘ladi. Tabobat qoidasi bo‘yicha, tananing qaysi xududida shamollash (nevrit, mialgiya va b.) bo‘lsa, isitma vaqtida o‘sha yerda og‘riq bo‘ladi. Bu holatda hijomada qo‘llanadigan bankalardan foydalanib qortiqli uqalash (“banochniy massaj”) o‘tkazish mumkin. Barcha og‘riqli sohalarga sedana yog‘ini surib (isitma yo‘q vaqtida!), bankali massaj o‘tkazilganda tez orada badanda rohat paydo bo‘ladi, badanni qisib turgan "zanjirli qafas"lardan shu yo‘sinda qutilsa bo‘ladi. Shuningdek, tanadagi og‘riqlarni ketkazish (hamda isitmani tushirish, qonni suyultirish) maqsadida zamonaviy tibbiyotda nosteroid yallig‘lanishga qarshi dori vositalari (atsetilsalitsil kislotasi, nimesulid, diklofenak kabilar) tabletka, qiyom, shamcha, kukun, in’yeksiya shaklida qo‘llaniladi. Biroq bemorning umumiy ahvoli qoniqarli bo‘lganda isitmani tushirishga urinmaslikni tavsiya qilamiz, zarur holdagina ushbu dori vositalaridan foydalanishingiz mumkin.
- Qur’oni Karim tilovati. Alloh taolo O‘z Kalomida Qur’onni shifo ekanligini uchta oyatda takrorlagan. Shu sababli, Allohdan Qur’on ila shifo berishini qattiq so‘rang va niyat qiling. Namozlaringizdan tashqari kun davomida imkon qadar Qur’oni Karimni tajvid bilan, shoshmasdan chuqur nafas olib-chiqarishlar bilan o‘qishga harakat qiling. Bunda uzun oyatlarni, jumladan Oyat al-Kursi, Baqara surasi, Yasin surasi yoki o‘zingiz ko‘p o‘qib yurgan suralaringizni kun davomida takror-takror o‘qishingiz maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shunday qilib, Allohning Kalomiga muhabbat qo‘yish bilan birga, Qur’on tilovatida chuqur nafas olib, chuqur nafas chiqarishlar, arab harflarini o‘z mahrajidan chiqarishda paydo bo‘ladigan shifobaxsh xosiyatlar orqali o‘pkalaringiz tiriklik (havo) sig‘imini oshirishga, ruhiy quvvat orqali immun tizimingizni virusga qarshi zarba berish quvvatini kuchaytirishga erishishingiz mumkin bo‘ladi.
Alloh dardingizga shifoi komil ato etsin!
Yo‘riqnomani tayyorlashda o‘z hissasini qo‘shgan barcha mutaxassislar haqqiga duo qilishlariningizni so‘rab qolamiz.
Unutmang, kasallikni oldini olish uni davolashdan ko‘ra osonroqdir! O‘zingizni va yaqinlaringizni asrang!
Har dardning davosi bor. Bemor bo‘lganingizda albatta shifosini izlang va davolaning. Davolanishni qancha erta boshlasangiz shuncha tez va asoratsiz tuzalishingiz mumkin.
Insonlarga ko‘p manfaatli bo‘lishi uchun ushbu yo‘riqnomani barcha yaqinlaringizga ulashing, Allohning izni ila shifo topishsin!
©Yo‘riqnomani tuzuvchilar:
- Shuhrat Ibrohim o‘g‘li (Shernazarov) - jarroh shifokor, umumiy amaliyot shifokori, manual terapevt, tabobatshunos.
- Nodir Abdusamad (Alimov) - quloq, tomoq va burun kasalliklari shifokori.
- Alijon Isroiljon o‘g‘li (Sattorov) - shifokor kardiolog, Ibn Sino xalqaro jamg‘armasining a’zosi, tabib.
- Mirabbos Ravshan o‘g‘li (Hamidov) - O‘zbekiston tibbiy-ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar Tabobat Akademiyasining a’zosi, tabib.
- Rashid Rajab o‘g‘li (Usmonov) - sog‘lom hayot va sport targ‘ibotchisi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter