Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xodimga “bolnichniy puli” qaysi kundan boshlab hisoblanadi? – mutaxassis javobi

Xodimga “bolnichniy puli” qaysi kundan boshlab hisoblanadi? – mutaxassis javobi

Savol: O‘tgan yildan qolib ketgan mehnat ta’tilini bu yilgisiga qo‘shib olish mumkinmi?

Savol mavhumroq, ya’ni ta’tilning to‘liq qisminimi yoki 14 kalendar kundan ortiq bo‘lgan qismini nazarda tutyapsizmi? Agar ta’tilning 14 kalendar kundan ortiq bo‘lgan qismi nazarda tutilayotgan bo‘lsa, u holda MK 230-moddasi 2-qismiga ko‘ra, ishlab chiqarish xususiyatiga ega sabablarga ko‘ra joriy yilda har yilgi mehnat ta’tilini to‘liq berish imkoni bo‘lmagan alohida hollarda xodimning roziligi bilan ta’tilning 14 kalendar kundan ortiq bo‘lgan qismi keyingi ish yiliga ko‘chirilishi mumkin bo‘lib, ushbu yil davomida undan foydalanilishi shart.

Agar ta’tilning foydanilmagan to‘liq qismini nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, aslida siz ish yili tugagunga qadar ta’tilga chiqishingiz kerak edi, ta’tilning barcha qismini butunlay keyingi yilga ko‘chirib yuborilishi mehnat qonunchiligining buzilishi hisoblanadi. Buning uchun mansabdor shaxsga  MJtK 49-moddasiga ko‘ra, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha (3 mln 300 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solinishi mumkin.

Chunki, MK 230-moddasi 1-qismiga ko‘ra, har yilgi mehnat ta’tili har yili, ushbu ta’til berilayotgan ish yili tugaguniga qadar berilishi kerak.

Foydanilmagan ta’tillar “kuyib” ketmaydi. MK 234-moddasi 1-qismiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari uchun pulli kompensatsiya to‘lanadi.

O‘tgan yoki avvalgi yillardan qolib ketgan foydanilmagan ta’tillarni ish beruvchi bilan kelishgan holda bu yilgi ta’tilga qo‘shib olish mumkin. Bu borada qonunchilikda cheklov yo‘q.

Savol: teatrda kadr bo‘lib ishlayman. Teatrda har yili iyul oyida butun bir jamoa yillik ta’tilga chiqadi.  Vazirlik 11 iyuldan tatilga chiqarish to‘g‘risida xat jo‘natdi. Endi yangi MK bo‘yicha har bir xodimga ta’til hisoblasam, ishga chiqish sanalari har xil bo‘lyapti.

Nega vazirlik aynan 11-chidan tatil berishni nazarda tutgan?

21 kalendar kun ta’til berib, 1-avgustdan ish kuni desam, MKdagi 220 va 401-moddalar nima bo‘ladi. Jamoa shartnomasidagi qo‘shimcha kunlarchi?

MK 217-moddasiga ko‘ra, har yilgi asosiy eng kam mehnat ta’tilining davomiyligi 21 kalendar kunni tashkil etadi.

MK 218-moddasiga ko‘ra, ayrim toifa xodimlarga yoshi va sog‘lig‘ining holati hisobga olingan holda har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’til beriladi. Masalan, I yoki II guruh nogironligi borlarga 30 kalendar kun har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’til beriladi.

MK 219-moddasiga ko‘ra xodimga qonunchilikda, jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan boshqa hollarda har yilgi qo‘shimcha ta’tillar berilish mumkin.

Bundan tashqari, MK 401-moddasiga ko‘ra, 12 yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolaning yoki 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsga) har yili davomiyligi kamida to‘rt kalendar kun bo‘lgan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi.

Demak, yuqoridagilardan xulosa qilsak, xodimlarning ta’til davomiyligi har xil bo‘lishi mumkin hamda ishga chiqish sanalari ham turlicha bo‘ladi.

Savol: “bolnichniy”ga umumiy mehnat daftarchasi ochilgan kundan ish staji hisoblanadimi yoki oxirgi uzluksiz staj hisoblanadimi?

“Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida” Nizom 31-bandiga ko‘ra, nafaqa miqdori vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik boshlangan kungacha, mehnat daftarchasi yoki uning o‘rniga berilgan boshqa hujjat, shuningdek ijtimoiy ta’minot bo‘limlari tomonidan berilgan ma’lumotnoma asosida hisoblangan umumiy ish stajiga muvofiq aniqlanadi. 32-bandga ko‘ra, umumiy ish staji belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan mehnat daftarchasi yoki uning o‘rniga berilgan boshqa hujjat asosida aniqlanadi.

Demak, sodda qilib aytganda “bolnichniy puli” xodimning oxirgi uzluksiz stajiga qarab emas, balki mehnat daftarchasi yoki uning o‘rniga berilgan boshqa hujjatdagi umumiy mehnat stajiga qarab hisoblanar ekan.

Savollaringizni @xabargayoz_bot ga jo‘natishingiz mumkin.

Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov
javob bergan

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring