Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xodim mehnat ta’tilidan chaqirib olinganda qoldiq kunlar uchun to‘lov qanday bo‘ladi?

Xodim mehnat ta’tilidan chaqirib olinganda qoldiq kunlar uchun to‘lov qanday bo‘ladi?

Savol: daromad solig‘idan boshqa a’zolik badali uchun ushlab qolinadigan tashkilotlar a’zoligidan chiqish mumkinmi? Bu qanday tartibda amalga oshiriladi?

Mehnat kodeksining 269-moddasiga ko‘ra, umumiy qoidaga ko‘ra xodimning yozma roziligi bilan, xodimning roziligi bo‘lmagan taqdirda esa ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq ish haqidan ushlab qolinishi mumkin. Ya’ni kasaba uyushmasi, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va boshqa turli tashkilotlar uchun pul ushlab qolishga sizning roziligingiz shart.

Konstitutsiyaning 73-moddasiga ko‘ra, kasaba uyushmalariga a’zo bo‘lish ixtiyoriydir. Bundan tashqari, «Kasaba uyushmalari to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasiga ko‘ra, fuqarolar o‘z qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun o‘z tanloviga ko‘ra ixtiyoriy ravishda kasaba uyushmalarini tuzish, ularga a’zo bo‘lish, kasaba uyushmasi faoliyati bilan shug‘ullanish va kasaba uyushmalariga a’zolikdan chiqish huquqiga ega.

Shuningdek, MKning 4-moddasiga ko‘ra, har kim kasaba uyushmasiga a’zo yoki a’zo emasligidan qat’i nazar mehnat huquqlarini amalga oshirish va himoya qilishda teng imkoniyatlarga ega. Ya’ni xodim kasaba uyushmasidan chiqib ketgan taqdirda ham uni mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Demak, kasaba uyushmalariga a’zo bo‘lish ixtiyoriydir va xodim kasaba uyushmalariga a’zolikdan chiqish huquqiga ega.

Agar bu kabi tashkilotlardan chiqib ketmoqchi bo‘lsangiz, a’zolikdan chiqish haqida ariza to‘ldiriladi.

Savol: qizim o‘qituvchi bo‘lib  ishlaydi. Bola parvarishidan oilaviy sharoiti sababli muddatidan avval qaytmoqchi edi. Ammo bosh hisobchi qizimga sentyabr oyidan qaytishi mumkinligini aytib qarshilik qilyapti. Bu holatda bosh hisobchi haqmi?

MK 405-moddasiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin, ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lguniga qadar bolani parvarishlash ta’tili berilib, bu davr uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda nafaqa to‘lanadi.

Ayolga uning xohishiga ko‘ra, bolasi uch yoshga to‘lguniga qadar uni parvarishlash uchun ish haqi saqlanmagan holda qo‘shimcha ta’til ham beriladi.

E’tibor bering, ayolning xohishiga ko‘ra deyilmoqda. Ayol istalgan vaqtda bola parvarish ta’tilidan ishga chiqishi mumkin, masalan, 3 yoshgacha bola parvarishga ariza yozib, 3 kundan so‘ng ham ishga qaytishi mumkin. Bu qoida o‘qituvchilar uchun ham taalluqli.

Savol: xodimga 41 kunlik mehnat ta’tili va bu uchun ta’til pullari ham to‘lab berildi. Ammo ish beruvchi xodimni 35 kundan so‘ng mehnat ta’tilidan chaqirib oldi. Bunda xodimning 6 kunlik foydalanilmagan mehnat ta’tili uchun pullik kompensatsiya to‘lanadimi yoki qolgan 6 kuniga tabel bo‘yicha ish haqi to‘lanadimi?

Yillik mehnat ta’tili vaqtida saqlanib qolinadigan o‘rtacha ish haqi miqdorini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnoma 21-bandiga ko‘ra, xodim ta’tildan chaqirib olinsa va ta’tilning qolgan qismi boshqa muddatga ko‘chirilsa, ta’tilning ko‘chirilgan kunlariga to‘g‘ri keladigan to‘langan o‘rtacha ish haqi summasi bajarilgan ish yoki ishlangan vaqt uchun oylik ish haqi hisobiga yoziladi. Ta’tilning foydalanilmagan qismi kunlariga haq to‘lash uchun o‘rtacha ish haqi belgilangan tartibda hisoblab chiqiladi.

Ta’til qismlarga bo‘linganda saqlab qolinayotgan o‘rtacha ish haqi ushbu Yo‘riqnomada belgilangan tartibda har bir qism uchun alohida hisoblab chiqiladi.

Savollaringizni @xabargayoz_bot ’ga jo‘natishingiz mumkin.

Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov
javob bergan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring