Xodim bir yilda qancha muddatgacha o‘z hisobidan ta’til olishi mumkin?
Savol: dam olish kuni ham 12 soat ishlagan xodimga necha kun dam olish kuni beriladimi? Agar xodimning ish vaqti 6 soat bo‘lsa-yu, xodim 12 soat ishlasa, u ish vaqtidan tashqari ishlagan deb topiladimi?
Mehnat kodeksining 263-moddasiga ko‘ra, dam olish kunlaridagi yoki ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi.
Dam olish kunidagi yoki ishlanmaydigan bayram kunidagi ish xodimning xohishiga ko‘ra boshqa dam olish kunini berish bilan kompensatsiya qilinishi mumkin. Dam olish kunidagi yoki ishlanmaydigan bayram kunidagi ish boshqa dam olish kunini berish bilan kompensatsiya qilingan taqdirda, bunday ish uchun haq to‘lash kamida bir hissa miqdorida amalga oshiriladi, dam olish kuni uchun esa haq to‘lanmaydi.
MK 190-moddasiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishning davomiyligi xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida to‘rt soatdan (mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan ishlarda — bir kunda ikki soatdan) va yiliga bir yuz yigirma soatdan oshmasligi kerak.
Demak, yuqoridagilardan xulosa qilsak, ish vaqtingiz 6 soat bo‘lsa, yana 6 soat ish vaqtidan tashqari ishlay olmaysiz, chunki ish vaqtidan tashqari ishning davomiyligi xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida 4 soatdan (mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan ishlarda — bir kunda ikki soatdan) oshmasligi kerak. Ya’ni dam olish kuni 6 soat ishlab, yana maksimal 4 soat ish vaqtidan tashqari ishlashingiz mumkin edi. Shunda jami 10 soat bo‘ladi. Bu holatda ish beruvchi mehnat qonunchiligi talablarini buzgan. Lekin Sizga dam olish kuni va ish vaqtidan tashqari ishlaganiz uchun kamida 2 hissa haq to‘lanishi kerak. Yoki istasangiz, boshqa 1 kun dam olish kunini berish bilan kompensatsiya qilinishi mumkin.
Savol: ikki yil ishlagan xodim 2023-yil fevral oyida dekretga, iyun oyida esa mehnat ta’tiliga chiqqan. Lekin unga ishlagan vaqtiga mutanosib 6 oyga 12 kun mehnat ta’tili berilgan.
Xodimga mehnat ta’tili to‘liq 24 kun berilishi kerak emasmi? Va to‘lovi ham shunga munosib bo‘lmaydimi?
MK 228-moddasiga ko‘ra, ikkinchi va keyingi ish yillari uchun har yilgi mehnat ta’tili ish beruvchi va xodim uchun majburiy bo‘lgan ta’tillar jadvali bilan belgilanadigan har yilgi mehnat ta’tillarini berish navbatiga muvofiq beriladi.
Lekin MK 228-moddasi 4-qismiga ko‘ra, ayrim toifa xodimlarga, shu jumladan ayollarga — homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan oldin yoki undan keyin xodimning xohishiga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili unga qulay bo‘lgan vaqtda berilishi kerak. Ya’ni ayollar ta’tillar jadvaliga qaramasdan har yilgi mehnat ta’tilini homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan oldin yoki undan keyin olishlari mumkin. Bu holatda ta’til ham, ta’til puli ham to‘liq beriladi.
Savol: neftgaz sohasida ishlayman. Men o‘z hisobimda 6 oyga ta’til olib chet elga chiqsam bo‘ladimi? Qaytib kelib yana o‘z ishimni davom etira olamanmi ?
MK 241-moddasi 2-qismiga ko‘ra, xodimning yozma arizasiga ko‘ra unga ish haqi saqlanmaydigan ta’til berilishi mumkin bo‘lib, uning davomiyligi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi, lekin u ish haqi saqlanmaydigan oxirgi ta’til berilgan kundan e’tiboran kalendar yil davomida uzluksiz yoki jamlangan holda 3 oydan oshmasligi kerak.
Tasavvur qilaylik, xodim oxirgi 1 yil davomida ish haqi saqlanmagan ta’tilga chiqmagan. Xodim 3 oy muddatga 2023-yilning 1-avgustdan 1-noyabriga qadar ish haqi saqlanmaydigan ta’tildan foydalangan bo‘lsa, garchi yangi kalendar yili ya’ni 2024-yil boshlansada, u 2024-yilning yanvar oyida yana ish haqi saqlanmagan ta’tilga chiqa olmaydi. Chunki ish haqi saqlanmagan ta’til oxirgi berilgan kundan ya’ni 2023-yilning 1-avgustdan e’tiboran kalendar yil davomida uzluksiz yoki jamlangan holda 3 oydan oshmasligi kerak. Endi ish haqi saqlanmaydigan ta’tilga xodim faqat 2024-yilning 1-avgustidan chiqishi mumkin.
E’tibor bering ish haqi saqlanmaydigan ta’til xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi. Ya’ni ish beruvchi xodimni majburan ish haqi saqlanmaydigan ta’tilga chiqara olmaydi, o‘z navbatida esa xodim ham ish beruvchi bilan kelishmasdan ish haqi saqlanmaydigan ta’tilga chiqa olmaydi, MK 242-moddasidagi holatlar bundan mustasno. Agar xodim MK 242-moddasida ko‘rsatilgan toifalardan biriga tushsa, masalan, I va II guruh nogironligi bo‘lsa, xodimning xohishiga ko‘ra majburiy tartibda har yili 14 kalendar kungacha ish haqi saqlanmaydigan ta’til berilishi mumkin.
MK 241-moddasi 3-qismiga ko‘ra, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, karantin choralari amalga oshirilayotgan, favqulodda holat joriy etilgan davrda va butun aholining yoki uning bir qismining hayotiga yoxud normal yashash sharoitlariga tahdid soluvchi boshqa hollarda xodimning yozma arizasiga ko‘ra ish haqi saqlanmaydigan ta’tilning uzluksiz yoki jamlangan davomiyligi ko‘paytirilishi, biroq ko‘pi bilan 6 oygacha ko‘paytirilishi mumkin.
Demak, yuqoridagilardan xulosa qilsak, Siz ish beruvchi bilan kelishgan holatda 3 oyga ish haqi saqlanmaydigan ta’til olishingiz mumkin.
Mehnat huquqiga doir savollaringizni @xabargayoz_bot ’ga jo‘natishingiz mumkin.
Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov
javob bergan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter