Xalqaro kuzatuvchilarning saylovlar shaffofligini ta’minlashdagi o‘rni qanday?
Saylovlarda xalqaro kuzatuvchilarlarning ishtiroki va o‘rni, albatta, muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki aynan xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki saylovlarning ochiq-oshkora, demokratik tamoyillar asosida o‘tganini belgilaydigan muhim omildir. Shu bois amaldagi qonunlarda bu borada muhim qoidalar belgilab qo‘yilgan. Xususan, Saylov kodeksining 6-bobida, qolaversa, Markaziy saylov komissiyasining Qarori asosida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi saylovlarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar to‘g‘risida”gi Nizomda xalqaro kuzatuvchilarning saylov jarayonidagi ishtiroki aniq tartibga solingan.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: xo‘sh, xalqaro kuzatuvchilar saylov jarayoniga qanday tartibda taklif etiladi? Bunga javoban shuni aytish kerakki, saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingach, MSK xorijiy davlatlar saylov organlari va xalqaro tashkilotlarga Tashqi ishlar vazirligi orqali taklifnoma yuboradi. Shuningdek, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar ham saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish istagini bildirib, Tashqi ishlar vazirligiga murojaat etishi mumkin. E’tiborlisi, manfaatdor tashkilotlar o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida saylov komissiyalariga saylovdan kamida o‘n kun oldin ariza bilan murojaat qilishlari lozim.
Xalqaro saylov standartlarida kuzatuv faoliyatini amalga oshiradigan va tartibga soladigan bir qancha hujjatlar ham qabul qilingan. Xususan, BMTning 2005-yil 27-oktyabrdagi “Saylovlarni xalqaro kuzatish prinsiplari to‘g‘risida”gi Deklaratsiyasi, YeXHTning Insoniylik mezonlari bo‘yicha Kopengagen hujjati, “Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi kuzatuvchilari missiyasi to‘g‘risida”gi Nizomi, “Shanxay hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilari missiyasi to‘g‘risida”gi Nizomi kabi bir qator xujjatlarda kuzatuvchilar maqomi huquqiy jihatdan tartibga solingan.
Shu o‘rinda yana bir tabiiy savol tug‘iladi: xo‘sh, xalqaro kuzatuvchilar huquq va majburiyatlar nimalardan iborat?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etadigan kuzatuvchilarni ikki xil toifaga bo‘lish mumkin. Birinchisi, xalqaro kuzatuvchilar; ikkinchisi, mahalliy kuzatuvchilar. Kuzatuvchilar instituti saylovlarning ochiq, shaffof, adolatli tarzda o‘tishini kafolatlovchi mexanizm hisoblanadi. MSK akkreditatsiya qilingan xalqaro kuzatuvchiga mandat beradi, mandat esa, xalqaro kuzatuvchi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun huquqiy asos hisoblanadi.
Saylov qonunchiligiga ko‘ra, xalqaro kuzatuvchilar quyidagi huquqlarga ega: saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo‘lish; nomzodlar ko‘rsatishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish; ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda hozir bo‘lish; saylov natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini so‘rash va olish kabi bir qator huquqlardan foydalanishi mumkin.
Shuningdek, xalqaro kuzatuvchilarga quyidagi majburiyatlar yuklatiladi: o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga, jumladan, O‘zbekistonda bo‘lish qoidalariga, saylovni tashkil etish va o‘tkazish borasidagi xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan normalariga amal qilish, barcha darajadagi saylov komissiyalariga, davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga hamda boshqa tashkilotlarga kirganida MSK tomonidan berilgan mandatni shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan birgalikda ko‘rsatish hamda o‘z xulosalarini o‘tkazilgan kuzatuv va haqiqiy materiallar bilan asoslantirish.
Bundan tashqari qonunchilikda xalqaro kuzatuvchilarga saylovchi saylov byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida bo‘lish; fuqarolarga ta’sir o‘tkazish, biron-bir tashviqot materialini yoki adabiyotni tarqatish; saylovchilardan ular qanday ovoz berganligini surishtirish yoki saylovchilarga saylov byulleteniga belgi qo‘yishda biron-bir tarzda yordam ko‘rsatish; saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan, saylov qutilarini muhrlashga, ularni ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashish ta’qiqlanishi belgilab qo‘yilgan.
Shu o‘rinda tahliliy ma’lumotlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2021-yil 24-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti saylovida, MSK tomonidan dunyoning turli davlatlarining nufuzli xalqaro tashkilotlari va xorijiy davlatlar saylov organlaridan jami 971 nafar kuzatuvchi akkreditatsiya qilingan. Shuningdek, YeXHTning jami 355 nafar kuzatuvchisi 14 ta saylov okrugida kuzatuvni olib borgan. Mazkur jarayonda MDH va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi kabi 10 ga yaqin xalqaro tashkilotlardan, 50 ga yaqin xorijiy mamlakatlar saylov organlaridan xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etgan.
Muxtasar aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda xalqaro kuzatuvchilar o‘zlariga yuklatilgan vazifa va vakolatlarini, o‘z huquq va majburiyatlarini qonun doirasida, yuksak mas’uliyat hamda vijdonan bajarishi lozim. Bu esa, saylovlarning demokratik asosda ochiq-oshkora o‘tganini xalqaro e’tirofi sanaladi.
Sherzod Zulfiqorov,
Jamoat xavfsizligi universiteti professori,
ekspert guruhi a’zosi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter