Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vaqtinchalik foydalanishga yer olgan edik, «bolalar puli»ni uzib qo‘yishdi. Shu to‘g‘rimi?

Vaqtinchalik foydalanishga yer olgan edik, «bolalar puli»ni uzib qo‘yishdi. Shu to‘g‘rimi?

Savol: bank tizimida 2003–2015-yillar oralig‘ida turli lavozimlarda ishladim. Keyin 2018-yilgacha «sug‘urta»da ishladim. 2018-yildan beri oilaviy sharoit va sog‘ligim tufayli ishlay olmadim. Endi ishga qaytay desam, orada 4,5 yil uzilish bor deb, ishga olishmayapti. Haqiqatan ham uzilish bo‘lsa, bank tizimiga ishga kirib bo‘lmaydimi?

Mehnat kodeksining 123-modasiga ko‘ra, ishga qabul qilish chog‘ida ishga kirayotgan shaxs oldindan (mehnat shartnomasi imzolanguniga qadar):

  • ish beruvchiga ushbu Kodeksning 124-moddasi birinchi qismida sanab o‘tilgan, ishga qabul qilish chog‘ida talab etiladigan hujjatlarni taqdim etishi;
  • ish beruvchi tomonidan o‘tkaziladigan suhbatda ishtirok etishi;
  • ishga qabul qilish chog‘ida o‘tkaziladigan tanlovda ishtirok etishi shart.

Ish beruvchi tanlov o‘tkaziladigan sana haqida tegishli ishga (lavozimga) kirayotgan shaxsga kamida bir hafta oldin xabar qiladi.

Siz suhbat va tanlovdan o‘tsangiz ishga kirishingiz mumkin. Bunga ish stajidagi uzilishning dahli yo‘q.

Faqatgina qonunchilikda ayrim istisnolar mavjud. Masalan, Mehnat kodeksining 502-moddasiga ko‘ra, agar shifokorning mutaxassisligi bo‘yicha ish stajida uch yil yoki undan ortiq tanaffus mavjud bo‘lsa (ijtimoiy ta’tillar, tibbiyotga ixtisoslashmagan mutaxassislikda ishlash, uzoq davom etgan kasallik, nogironlik va boshqalar), shifokor o‘z kasbiy faoliyatini qayta boshlashdan oldin avvalgi yillarda olinganligi to‘g‘risida hujjat bilan tasdiqlangan mavjud bazaviy, asosiy yoki qo‘shimcha mutaxassislikka muvofiq ixtisoslashuv kurslaridan o‘tishi shart. Ixtisoslashuv kurslaridan o‘tish tartibi qonunchilikda belgilanadi.

Savol: menga iyul oyida bolalar puli uzildi.Erimning nomida aprel oyida 50 sotix yerni dehqon xo‘jalik qilib olgan edik.Mahallaga chiqqanimizda «shu yer sababli sizlarga bola puli berilmaydi», deyishdi. Shunday bo‘lishi mumkinmi?

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-oktyabrdagi 654-son qaroriga 1-ilova «Kam ta’minlangan oilalarni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 23-bandiga ko‘ra, tomorqa yer va/yoki dehqon xo‘jaligini yuritishdan olingan daromad bir oylik o‘rtacha jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan oilaning jami daromadiga kiritiladi. Nizomning 27-bandiga ko‘ra, tomorqa yer va/yoki dehqon xo‘jaligini yuritishdan olinadigan bir oylik o‘rtacha normativ daromad tomorqa yer va/yoki dehqon xo‘jaligini yuritish uchun foydalanilayotgan sotixlar maydonini jami daromad aniqlanayotgan davrda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 0,035 baravariga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi.

Savol: men ishxonamda oylik maoshimga qo‘shimcha 20 foiz ustama olaman. Ushbu ustama mehnat ta’tilimda ham hisoblanadimi?

Mehnat kodeksining 233-moddasiga ko‘ra, har yilgi mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqti uchun xodimga ushbu Kodeksning 257-moddasiga muvofiq hisoblab chiqariladigan o‘rtacha ish haqining saqlanishi kafolatlanadi.

MK 257-moddasi 2-qismiga ko‘ra esa, o‘rtacha ish haqini hisoblab chiqarish uchun xodimga hisoblangan ish haqining tarkibiga soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan, soliq solinishi lozim bo‘lgan, ish beruvchi tomonidan haqiqatda amalga oshirilgan to‘lovlarning barcha turlari kiritiladi.

Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov
javob bergan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring