Toshkentda ta’limga doir xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi
Bugun, 5-iyul kuni Toshkent shahrida «O‘zbekiston – sog‘lom va bilimli jamiyat» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
«Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat» mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda qator xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning ta’lim sohasi vakillari ishtirok etdi.
Haftalik doirasida o‘tkazilayotgan mazkur tadbirdan Yangi O‘zbekistonda inson kapitali, uning shakllanishi va rivojlanishida ta’lim-tarbiya hamda ilm-fanning o‘rni va rolini muhokama qilish, ta’lim tizimini isloh qilishning zamonaviy tendensiyalari, jahon tajribasini o‘rgangan holda ularni amaliyotga tatbiq etish, keng jamoatchilikni mamlakatda ta’lim, ilm-fan sohasida olib borilayotgan islohotlar bilan tanishtirish masalalari maqsad qilingan.
Bugungi muloqot tadbirlarida respublikada olib borilayotgan maktabgacha va maktab ta’limiga doir islohotlar mazmuni va so‘nggi yillardagi sohadagi keng o‘zgarishlar tahliliga ham atroflicha to‘xtalib o‘tildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova esa nutq so‘zlar ekan, mamlakatda qabul qilingan «Ta’lim — 2030» konsepsiyasi haqida to‘xtaldi.
«2030-yilga qadar ta’lim tizimida qanday ishlar amalga oshirilishi xususida «Ta’lim — 2030» konsepsiyasida aniq belgilab olingan. Ushbu konsepsiya doirasida hozirga qadar sohada ko‘plab natijalar qayd etildi.
Maktabgacha ta’lim tizimini kengaytirish mamlakatda muhim masala sifatida belgilanib, oxirgi 5 yilda bolalar qamrovi 27 foizdan 72 foizga yetdi. 2030 yilga bu ko‘rsatkich 100 foizga chiqariladi.
Oxirgi 5 yil davomida 261 ta yangi maktab qurilishi, 2,5 mingta maktabni kengaytirish hisobidan, qo‘shimcha 700 mingta o‘quvchi o‘rni yaratildi»,– deydi vazir.
Hilola Umarova, shuningdek, ushbu yig‘inda ishtirok etayotganlardan erishilgan natijalar va yutuqlar bo‘yicha taklif va tavsiyalarini so‘radi.
«O‘zbekiston bugun tarix chorrahasida, ta’lim rivojida yangi marralarni zabt etishga intilmoqda. O‘zbekiston hukumati xalqning barqaror rivojlanishi va farovonligi uchun sifatli ta’lim muhimligini anglagan holda, ta’lim sohasida islohotlarni amalga oshirish uchun katta sa’y-harakatlarni amalga oshirdi. Biroq, bu islohotlar xalqaro tashkilotlarning mustahkam hamkorlik va ko‘magini talab qiladi va biz bu islohotlarni amalga oshirishda ishtirok etayotganimizdan mamnunmiz», – deydi YuNISEF O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.
Ta’lim bo‘yicha xalqaro ekspert, 2023–2026-yillarda O‘zbekiston ta’lim tizimini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish ishchi guruhi a’zosi Metyu Goldi-Skott esa horzirgi O‘zbekiston ta’limning yuqori darajasiga erishish uchun islohot va o‘zgarishlarni amalga oshirishda bardavom ekanini qayd etdi.
«O‘qitishning zamonaviy uslublarini joriy etish, o‘quv dasturlarini yangilash, sifatli o‘quv materiallarini ishlab chiqish va ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash sifatli ta’limning ajralmas tarkibiy qismidir.
O‘zbekiston allaqachon ta’lim va ilm-fan sohasida sezilarli yutuqlarga erishdi. Biroq ta’limning qulayligini oshirish, o‘qitish sifatini oshirish va barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishimiz kerak», – deydi u.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter