Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi boshlandi

Toshkentda Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi boshlandi

Bugun, 15-aprel kuni Toshkent shahrida «Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi» Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.

2022-yilning 7-sentyabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoz shahrida «Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi – Markaziy Osiyo» Strategik muloqotining birinchi vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi.

Bahrayn, Qatar, Kuvayt, BAA, O‘mon, Saudiya Arabistoni, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari Kengash mamlakatlari va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi siyosat, xavfsizlik, savdo va investitsiya, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, yoshlar va sport sohalaridagi munosabatlarning hozirgi holati hamda istiqbollarini muhokama qildilar.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari bir-birini ishonchli hamkorlar deb biladi. Formatning barcha ishtirokchilari ikki mintaqaning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi amaliy hamkorligini kengaytirishdan manfaatdor.

Ikki mintaqa o‘rtasidagi tarixiy aloqalar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish va faollashtirishning muhim asosi sanaladi. Qadimdan Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari xalqlari o‘rtasida yaqin savdo aloqalari, umumiy qadriyatlar va an’analar mavjud bo‘lgan. Albatta, muqaddas Islom dini xalqlarimizni birlashtiruvchi qudratli omil hisoblanadi.

Format istiqbollarini 2023-yil 19-iyul kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammiti yakunlari tasdiqlaydi. Oliy darajadagi sammitda davlat yetakchilari o‘zaro manfaatli hamkorlikning uzoq muddatli yo‘nalishlarini belgilab beruvchi 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan Qo‘shma harakatlar rejasini tasdiqladilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu sammitda so‘zga chiqib, ulkan iqtisodiy, tabiiy va intellektual resurslarga ega Ko‘rfaz davlatlarining global barqarorlik va energetika xavfsizligini ta’minlashdagi o‘rnini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston yetakchisi ijobiy tajribadan kelib chiqib, ikki mintaqa o‘rtasida siyosat, texnologiya va investitsiya, «yashil» iqtisodiyot, savdo va transport aloqalarini mustahkamlash, ekologiya va iqlim o‘zgarishi, turizm, madaniyat va ta’lim kabi qator muhim yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi. O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslari barcha ishtirokchi mamlakatlar yetakchilari tomonidan yakdil qo‘llab-quvvatlandi.

Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi 1981 yil 25 mayda tashkil etilgan mintaqaviy tashkilot bo‘lib, unga Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Kuvayt, Qatar, O‘mon va Bahrayn kiradi. Ushbu davlatlar uglevodorodlar yetkazib beruvchi yetakchi mintaqa va nufuzli jahon moliya markazi hisoblanadi.

Tashkilotning asosiy maqsadi – siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik va integratsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish, ya’ni iqtisodiy va moliyaviy masalalar, ta’lim va madaniyat, ijtimoiy va sog‘liqni saqlash, ommaviy axborot vositalari va turizm, qonunchilik va boshqaruv muammolari kabi sohalarni tartibga solishdan iborat. Kengash, shuningdek, sanoat, qishloq xo‘jaligi va suv resurslarini muhofaza qilish sohalarida ilmiy va texnologik taraqqiyotni rag‘batlantiradi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning Ko‘rfaz arab davlatlari bilan aloqalari yangi pog‘onaga ko‘tarildi. O‘zaro manfaatli hamkorlik barcha sohalarda faol rivojlanmoqda. Oliy va yuqori darajadagi tashriflar almashilyapti. Ushbu tuzulmaga a’zo mamlakatlar bilan o‘zaro tovar ayirboshlash, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar soni izchil ortib borayotir. Ular orasida «ACWA Power», «Masdar», «Mubadala», «TACA», «Nebras Power» kabi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikda umumiy quvvati 15 gigavattdan ortiq quyosh va shamol elektr stansiyalarini hamda energiya saqlash inshootlarini qurish kabi muhim loyihalar amalga oshirilayotganini alohida qayd etish joiz.

Bo‘lajak Toshkent uchrashuvidan tomonlarning bir-birining salohiyati to‘liq ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi navbatdagi qadami bo‘lishi, jadal rivojlanayotgan ikki mintaqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro tushunish, ishonchli muloqot va teng huquqli sheriklik platformasini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

«Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi» Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvini O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ochib berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring