Toshkentda kambag‘allikni qisqartirishga doir xalqaro forum bo‘lib o‘tdi
Kecha, 18-may kuni Toshkentda «Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni hayotga tatbiq etish» II Xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.
Forum Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida tashkil etildi.
Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ikkinchi xalqaro forumda 200 dan ortiq delegatlar, shu jumladan, kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha qator nufuzli xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirok etdi.
Forumda ishtirok etgan iqtisod bo‘yicha Nobel nomidagi mukofot sovrindori, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha global tashabbusi J-PAL hammuassisi – Abhidjit Banerdji, jumladan, dunyo tajribasida kambag‘allik bilan kurashishning asosiy tamoyillari haqida to‘xtaldi.
– Eng asosiy masalalardan biri kambag‘allikning kelib chiqish sabablarini to‘g‘ri aniqlay bilishdir. Aniq bir shakl-shamoyil yo‘qki, har bir mamlakat uni qo‘llay olsa, har bir hudud muammoning asosiy ildizidan kelib chiqqan holda turli yo‘llar bilan kambag‘allikka qarshi kurashadi. Qaysi yo‘l muvaffaqiyatli bo‘lishi yoki bo‘lmasligini hech kim ayta olmaydi. Avval kambag‘allik sababini topish, uni o‘rganish lozim. Shundagina unga qarshi kurashishning eng to‘g‘ri yo‘lini aniqlash mumkin, – deydi u.
Bundan tashqari, BMT taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska «Xabar.uz» jurnalisti bilan suhbatda kambag‘allikni qisqatirish omillariga to‘xtalib o‘tib, o‘z kuzatishlarini bayon qildi.
– Biz, BMT Taraqqiyot dasturi O‘zbekiston rahbariyatining kambag‘allikni qisqartirish borasidagi sa’y-harakatlarini islohotlarning markaziga qo‘yayotganini qo‘llab-quvvatlaymiz. Kambag‘allikni qisqartirish davlat barqarorligi va o‘sish bilan chambarchas bog‘liq. Kambag‘allikni qisqartirishning harakatlantiruvchi omillaridan biri – bu inson kapitaliga investitsiya qilish. Ikkinchisi – ish o‘rinlari yaratish, uchinchisi – raqamlashtirish hisoblanadi.
Biz kambag‘allik nafaqat daromad, balki sog‘liq, ta’lim va toza havodan nafas olish kabi ne’matlarga ega bo‘lishdir, degan asosda ish boshlamoqdamiz. Biz hukumatni kambag‘allikni o‘lchash uchun yangi indeks ishlab chiqishini qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqdamiz, Hukumat yaqinda natijalarni taqdim etishga umid qilamiz, – deydi Matilda Dimovska.
Suhbat davomida BMT taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili O‘zbekistondagi demografik o‘sishga to‘xtalib o‘tdi.
– O‘zbekistondagi demografik tendensiyalarni hamma yaxshi biladi. Bu aslida demografik dividend, imkoniyatlar oynasi. Agar undan to‘g‘ri foydalanilmasa, u xavf-xatar oynasiga aylanishi ham mumkin. Bu jarayonda O‘zbekistonning aholi turmush darajasiga qaratayotgan e’tibori nihoyatda muhim. Bundan tashqari, yoshlarni iqtisod va ijtimoiy faoliyatda qo‘llab-quvvatlash juda muhim ro‘l o‘ynaydi, – deydi u.
Matilda Dimovskaning ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi mehnat bozorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoshlarga qaratilgan qator faol chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini e’tirof etish lozim. Shu bilan birga yoshlarga yashil iqtisodiyot bilan shug‘ullanish imkoniyatini ham berish kerak.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter