Toshkentda ikki xorijlik 23,5 kilo «opiy» bilan qo‘lga tushdi (video)
Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi joylarda qator tadbirlar o‘tkazildi.
Jumladan, Toshkent shahrining Chilonzor tumani hududida «Matiz» rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan 2 nafar xorijiy fuqaroga tegishli 23 kg. 52 gr. «opiy» va 30 kg. 122 gr. «gashish» giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu giyohvand moddalar afg‘onistonlik narkokurerlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan mamlakatimizga o‘tkazilgan.
Boshqa bir holatda esa muqaddam xorijda og‘ir jinoyat sodir etganligi uchun qamoq jazosini o‘tagan, Denov tumanida yashovchi, 1966-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi «Lacetti» rusumli avtomashina Termiz shahrida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada, unda ham afg‘onistonlik narkosavdogarlar tomonidan yuborilgan 39 kg. 520 gr. «gashish» moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.
Uchinchi holatda esa Denov shahrida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan, 1967-yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining yashash xonadonida 2 kg. 396 gr. «opiy» moddasini kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlandi hamda o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olindi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 25 kg. 448 gr. «opiy» va 69 kg. 642 gr. «gashish» giyohvandlik vositalari musodara qilindi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter