Toshkent ko‘chalarida pullik «parkovka»lar bilan kim shug‘ullanishi aniq bo‘ldi

Toshkent shahar hokimi 2022-yil 29-dekabrda poytaxtning 10 ta markaziy ko‘chasida avtomatlashtirilgan yo‘l bo‘yi pullik avtoturargohlar tashkil etish to‘g‘risidagi qarorini imzolagan.
Mazkur qarorga ko‘ra, poytaxt ko‘chalarida pullik avtoturargohlarni tashkil qilish davlat-xususiy sheriklik shartnomasi asosida Kasy Park kompaniyasiga topshirilgan. Hujjatga muvofiq davlat-xususiy sheriklik o‘tgan yilning avgustidayoq imzolangan va 22-avgust kuni tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Shartnomaga ko‘ra, xususiy sherik parkomat va elektromobillarni zaryadlovchi qurilmalarini istisno qilgan holda mazkur hududlarda biror,jumladan, kapital, yengil turdagi bino-inshootlarini qurish va boshqa turdagi yordamchi qurilmalarini o‘rnatmaslik shartlariga rioya qiladi.
Avtomatlashtirilgan to‘xtash joylari Kasy Park kompaniyasiga 10 yilga – davlat-xususiy sheriklik shartnomasining amal qilish muddatiga qadar ijaraga beriladi.
Mazkur bitim qiymati 891 mln so‘mni tashkil etadi.
Orginfo ma’lumtlariga ko‘ra, «Kasy Park» MChJ OLDFOLK kompaniyasi (40 foiz) va Fazilov Mirodil Nigmatdjan o‘g‘li (60 foiz) muassisligida 2018 yil 7 martda ro‘yxatga olingan bo‘lib, asosiy faoliyat turi – yog‘och, qurilish materiallari va sanitariya-texnik vositalarning ulgurji savdosi hisoblanadi.
Kompaniyaning asosiy egasi bo‘lgan Mirodil Fazilov, jumladan, Oazis Lux Investments’da (50 foiz), Royal Central Development’da (100 foiz), SD Big-Garden’da (25 foiz), Benchmark Distribution’da (100 foiz), Paper World’da (100 foiz), Premium Paper’da (50 foiz) ulushlarga egalik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida Toshkent shahrining 10 ta ko‘chasida, xususan, «Fidokor», «Amir Temur», «Nukus», «Bratislava», «Mirobod», «Glinka», «Avliyoota», «Shevchenko», «Said Baraka», «Moshtabib» va «Yakub Kolas» ko‘chalarida jami 2251 ta pullik to‘xtash joylari tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter