Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shaxsiy hayot daxlsizligi Konstitutsiyada mustahkamlanmoqda

Shaxsiy hayot daxlsizligi Konstitutsiyada mustahkamlanmoqda

Inson tug‘ilganidan boshlab u haqidagi ma’lumotlar uning hayoti davomida biror-bir joyda «iz» qoldiradi. Shifoxonada, FHDYo bo‘limlarida, bog‘chada, maktabda, banklarda va boshqa tashkilotlarda, kundalik foydalanadigan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda yoki ma’lumotlar bazalarida shaxsning foto, video, audio, yozma yoki elektron shaklidagi shaxsga doir ma’lumotlar mavjud.

Shu sababli ham tergov organiga fuqaroning shaxsiy hayotiga aralashib uning telefon so‘zlashuvini eshitish bo‘yicha o‘zi mustaqil qaror qabul qilish vakolatini boshqaga berib bo‘lmaydi. Albatta tiyib turuvchi mexanizmlar kerak.

Endilikda bu tartibga solinib, tintuv va telefon eshitish doirasi ham sud tomonidan belgilanishi, bunga qay darajada zaruriyat borligi xolis va mustaqil sudya tomonidan baholanishi belgilanmoqda.

Yangilanayotgan Konstitutsiya, 31-modda:

Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega.

Har kim yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron xabarlari hamda boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.

Har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarni himoya qilish, shuningdek noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega.

Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega.

Hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyga kirishga, shuningdek unda olib qo‘yishni va ko‘zdan kechirishni o‘tkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yo‘l qo‘yiladi. Uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.

Bir so‘z bilan aytganda shaxsiy hayot daxlsizligi Konstitutsiyada mustahkamlanmoqda.

Har bir fuqaro, har bir oila o‘zining shaxsiy hayoti va oilaviy sirini himoya qilish, o‘z mulkiga ega bo‘lishi va uning daxlsizligiga o‘zga shaxslarning tajovuzidan xavotirsiz hayot kechirishi lozim.

Telekommunikatsiya tarmoqlari va axborot texnologiyalari rivojlanishi bilan axborot va ma’lumotlarni uzatish, tarqatish jarayonlari osonlashdi va xalq ichida ommaviylashdi.

Endilikda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari, yozishmalari va biometrik ma’lumotlarini saqlash va tarqatilishida tashqi ta’sirlardan himoya zarurati yuzaga keldi. Mazkur daxlsizlik huquqlari konstitutsiyaga kiritilmoqda va shaxsiy, oilaviy sir va ma’lumotlar noqonuniy to‘planishi va tarqalib ketishi cheklanmoqda.

Bundan tashqari Konstitutsiya loyihasida uy-joyga bo‘lgan huquq daxlsiz etib belgilanmoqda.

Hech kim sudning qarorisiz uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi hamda uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanishi mustahkamlanmoqda. Mazkur normani Konstitutsiyaga kiritilishi bir necha yillardan buyon jamiyatimizda o‘tkir muammolardan biriga aylangan «snos» bilan bog‘liq muammoga nisbatan xalqparvar, mulkdorlar manfaatini himoya qiluvchi oqilona yechim ekanligini alohida qayd etish lozim.

Ommaviy kommunikatsiyalar rivojlanishi bilan bugun ijtimoiy tarmoq va internet saytlarida shaxsning shaxsiy va oilaviy siriga oid ma’lumotlari, ming afsuski, uning roziligisiz olinishi, tarqatilishiga guvoh bo‘lyapmiz. Natijada ko‘pchilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘z shaxsiy hayotiga, shaxsiga oid ma’lumotlarning tarqalishiga oid huquqbuzarlikdan jabr ko‘rib qolmoqda. Shu sababli mazkur masalalarga fundamental yechim yasash maqsadida Konstitutsiyaga alohida normalar kiritilishi davr taqazosi deyish mumkin.

Insonlarning yashash huquqiga taalluqli eng asosiy talablar qatoridagi uy-joy mol-imulkiga tajovuzdan himoyada yashash huquqi, shaxsiy ma’lumotlar sirligi har bir fuqaroning hayotidagi birlamchi zaruratlardan biri sifatida daxlsizlik toifasiga kiritilmoqda va kafolatli himoyaga olinmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring