Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi
Bugun, 15-aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Dastlab Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovga og‘ir judolik - onasi Ogulabat edje Berdimuhamedova olamdan o‘tgani munosabati bilan chuqur hamdardlik va taskin-tasalli so‘zlarini izhor etdi, unga va barcha yaqinlariga sabr-toqat va bardosh tiladi.
Suhbatda ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Jumladan, oliy darajadagi kelishuvlar ijrosining borishi muhokama qilindi. Yil boshidan buyon o‘tgan ikki tomonlama muloqotlar – Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, siyosiy maslahatlashuvlar, transport va madaniyat vazirlarining uchrashuvlari, diplomatik munosabatlar o‘rnatilgani 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan boshqa tadbirlarning samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy, energetika va suv xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Telefon muloqoti yakunida yetakchilar bir-birini va qardosh mamlakatlar xalqlarini yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti bilan dildan qutladilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter