Shavkat Mirziyoyev BAA prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-mart kuni Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbari BAA Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik va baxt-saodat, davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, ushbu mamlakatning do‘st xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Suhbatda ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, savdo, investitsiyalar, innovatsiya va yuksak texnologiyalar, «yashil» energetika, qishloq xo‘jaligi, logistika va transport sohalaridagi aloqalarni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston-BAA munosabatlarida jadal rivojlanish kuzatilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Qayd etilishicha, o‘tgan yili o‘zaro savdo hajmi ikki barobarga ko‘paygan. O‘zbekistonda 240 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, loyihalar portfeli 3 milliard dollardan oshgan.
Shuningdek, neft-kimyo, oziq-ovqat sanoati, infratuzilmani rivojlantirish sohalarida, tog‘-kon va metallurgiya tarmoqlarida yangi kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish hamda moliyaviy-texnik hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini kengaytirishdan ikki mamlakat ham manfaatdor ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston va BAA yetakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter