Senat navbatdagi yalpi majlisni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi
Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisida Senatning o‘ttiz uchinchi yalpi majlisini 2022-yil 7-oktyabr kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Navbatdagi yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi qayd etildi.
«Standartlashtirish to‘g‘risida»gi, «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi hamda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlar shular jumlasidandir.
Yalpi majlisda, shuningdek, «Geografik ob’yektlarning nomlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi va «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlarni ham muhokama qilish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, senatorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalarini muhokama qiladilar.
Shuningdek, yalpi majlisda Farg‘ona viloyati hokimining investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti ham eshitiladi.
Senatorlar tomonidan iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohalarida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi hamda Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan ikkita parlament so‘rovi natijalari ham muhokama qilinadi.
Yalpi majlis kun tartibi doirasida Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini ham tasdiqlash nazarda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter