Qoraqalpog‘istonda noyob bug‘u brakoner tomonidan otib o‘ldirildi
Kecha, 11 iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Quyi Amudaryo biosfera rezervati inspektorlari tomonidan Xalqaro Qizil kitob va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Buxoro bug‘usini noqonuniy ovlagan brakoner qo‘lga olindi. Bu haqda Ekologiya vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati inspektorlariga rezervatning Jumurtov bo‘limi o‘tish zonasi fermer xo‘jaligi hududida o‘q ovozi eshitilganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Shundan so‘ng inspektorlar voqea joyiga yetib borishganida oq rangli «Matiz» avtomashinasi chiqib ketganligini aniqlashgan. Mashina izidan quvib, Gurlan tumani Dehqonobod MFYgacha borishgan. Huquqbuzarning mashinasida qoplar borligi, ularga esa bir dona Buxoro bug‘usining bo‘laklangan jasadi solingani ma’lum bo‘lgan. Brakoner qo‘lga olingan.
Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi tergovchisi tomonidan protsessual tartibda ikki dona ov miltig‘i, bir dona Buxoro bug‘usi tana qismlari rasmiylashtirib olingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoro bug‘usini noqonuniy ovlash orqali huquqbuzar tomonidan tabiatga 99 million so‘m zarar yetkazilgan.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Ish prokuraturaga yuborilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter