Qonunchilikda 1-iyuldan nimalar o‘zgaradi?
O‘zbekiston qonunchiligida 2023-yil 1-iyuldan kuchga kiradigan asosiy o‘zgarishlar sharhi bilan quyida tanishish mumkin.
Ayrim tadbirkorlarga xodimlarining jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i qaytariladi
2024-yil 1-iyulga qadar issiqxonaga ixtisoslashgan yer maydoni 25 sotixdan ko‘p bo‘lgan tadbirkorlar tomonidan ishchilarining mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini quyidagi shartlarga bir vaqtning o‘zida rioya qilinganda respublika budjetidan tadbirkorlarga qaytarib berish tartibi joriy etiladi:
- har bir besh sotix yer maydoni uchun oyiga kamida bir nafar ishchining bandligini ta’minlash;
- har bir ishchi uchun oyiga mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadni mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilash;
- issiqxonaga ixtisoslashgan tadbirkorlar tomonidan issiqxona faoliyati bo‘yicha olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 60foiz ini tashkil etishi.
Davlat ulushiga ega tashkilotlarga qo‘shimcha talablar o‘rnatilmoqda
Davlat ishtirokidagi korxonalarning rahbari va uning o‘rinbosarlarini tayinlash (saylash) tanlov asosida amalga oshiriladi, bundan Prezident qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Tadbirkorlarga javobgarlik choralari bo‘yicha moratoriy o‘rnatilmoqda
Tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan yangi turdagi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga uch yillik moratoriy o‘rnatilmoqda.
Poytaxtda davlat tibbiy sug‘urtasi joriy etilmoqda
Toshkent shahrida bosqichma-bosqich davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etiladi, Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy ma’lumotnomalarni berish elektron shaklda amalga oshiriladi.
To‘lov tashkilotlariga – yangi talablar
To‘lov tizimi operatorining, elektron pullar tizimi operatorining yoki to‘lov tashkilotining ichki nazorat mas’ul xodimi sifatida faqat ijro etuvchi (ijroiya) organ a’zosi yoki rahbarning o‘rinbosari tayinlanishi mumkin.
Shuningdek, shubhali operatsiyalar mezonlari va alomatlari ro‘yxati kengaytirilmoqda.
Xo‘jalik jamiyatlari haqida ma’lumotlar ochiqlanadi
Xo‘jalik jamiyatining filiallari, vakolatxonalari tashkil etilganligi va uning ustav fondi shakllantirilganligi hamda to‘lovga qobiliyatsizligi yuzasidan ish qo‘zg‘atilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar YaIDXPda e’lon qilinadi.
Eksport qiluvchi hunarmandlarning harajatlari qoplab beriladi
Hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishda xalqaro pochta va kur’yerlik jo‘natmalari sifatida jo‘natish xarajatlarining 50 foiz, qoplab beriladi.
Yangi normativ-huquqiy hujjatlar JST qoidalariga muvofiq bo‘ladi
JST qoida va me’yorlariga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish taqiqlanadi.
Ekologiya sohasida jamoatchilik nazorati o‘rnatilmoqda
Ekologik huquqbuzarlikni aniqlash, tegishli dalolatnomani rasmiylashtirish va Ekonazorat platformasiga kiritish, shuningdek samarali faoliyat uchun haq olishga qaratilgan «Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi» tizimi joriy qilinadi.
Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun vujudga kelgan debitor qarzdorlikni majburiy tartibda undirish uchun sud organlariga da’vo arizalari sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan kiritiladi.
Oilalarning ijtimoiy pasporti shakllantiriladi
«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlarida ijtimoiy xodimlar guruhlari tashkil etiladi, ularning asosiy vazifalari quyidagicha:
- har bir xonadon ahvolini o‘rganib, oilalardagi haqiqiy holatni hamda ularning ijtimoiy xizmatlar va yordamga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash;
- oilalarning iqtisodiy-ijtimoiy holati va ehtiyojlarini o‘rganish natijasida ularning ijtimoiy pasportlarini shakllantirish;
- ehtiyojmand aholi bilan, shu jumladan, keys-menejment usulini qo‘llagan holda samarali ish tashkil qilish, ulardan ijtimoiy xizmatlar va yordam olish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilish, zaruratga qarab buyurtmalarni mas’ul vazirlik va idoralarga yuborish;
- og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan oilalarni muntazam ravishda monitoring qilib borish, ular uchun ijtimoiy xizmat va yordamlarni tashkil etish.
«Yashil energiya» sertifikatlari tizimi joriy etiladi
«O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati tizimidagi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun «yashil energiya» sertifikatlari tizimi joriy etiladi.
Sportchilarni qo‘llab-quvvatlash choralari
Sportchi identifikatsiya kartalari uchun to‘lovlar miqdori uch barobarga kamaytiriladi, ulardan foydalanish muddati 5 yil etib belgilanadi.
Yoshlar siyosati va sport vazirligining stipendiyasi ta’sis etilmoqda, uning miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravarini tashkil etadi. Ushbu stipendiya tayinlangan sportchilarga o‘zini o‘zi band qilish huquqi beriladi.
Jismoniy shaxslar davlat ob’yektlarini auksionga chiqarish tashabbusi bilan chiqishlari mumkin
Jismoniy shaxslarga «Davlat mulki» axborot tizimi orqali maydoni 2 000 metr kvadratgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’yektlarini xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha ariza berish huquqi beriladi.
Yuridik shaxslarga elektr energiyasi va gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar onlayn bo‘ladi
Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan elektr energiyasi hamda tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar elektr va gaz ta’minoti korxonalarining dasturiy ta’minoti yoxud «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda tuziladi.
Sertifikatsiya sohasida o‘zgarishlar
Referent narxlari qayd etilmagan yoki qayd etilgan narxdan yuqori bo‘lgan dori vositalarini sertifikatlashtirish taqiqlanadi.
Nikohdan o‘tuvchi shaxslar molekulyar-genetik testdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi
Nikohdan o‘tuvchi shaxslar o‘z hisobidan Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy markazlariga tashrif buyurish orqali Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining laboratoriyasida molekulyar-genetik testdan o‘tkaziladi. Bunda, spinal mushak atrofiyasining gen tashuvchiligi tasdiqlangan nikohlanuvchi shaxslarning ma’lumotlari Yagona milliy registrga kiritib boriladi.
Auksionga chiqariladigan avtoraqamlar soni oshadi
Bir xil harf kombinatsiyasiga ega bo‘lgan 680 juft davlat raqami belgilari auksionga qo‘yiladi.
Yangi advokatlik guvohnomalari beriladi
Advokatlik guvohnomalari maxsus QR-kod qo‘yilgan yangi namunada beriladi.
Kreditorlar huquqlarini himoyalash choralari ko‘chaytirilmoqda
Undiruv garovga qo‘yilgan mol-mulkka suddan tashqari tartibda qaratilganda garov ob’yektini «E-auksion» platformasida auksionga kreditorning va (yoki) qarzdorning buyurtmasi asosida qo‘yishga ruxsat etiladi.
Hisob-kitob va kredit munosabatlaridan kelib chiqadigan asoslar bo‘yicha qarzni undirish uchun notariuslardan ijro xati olishda banklar oldidagi qarzni tasdiqlovchi dalolatnoma talab etilmaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter