Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yana bir vazifa yuklandi

18-aprel, shanba kuni Sport vazirligi majlislar zalida o‘tkazilgan navbatdan tashqari konferensiyada O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasining faoliyati ko‘rib chiqildi.
Konferensiya davomida mamlakatda ommaviy sportni rivojlantirish, mahoratli sportchilarni tayyorlashda talaba-sportchilarning o‘rni, oliygohlardagi mavjud sport infratuzilmasining holati tahlil etildi.
Bildirilgan fikrlar va takliflar asosida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasining raisi etib saylandi.
Konferensiyada bundan buyon barcha ta’lim yo‘nalishlaridagi 1-bosqich talabalari uchun 4 kreditli «Jismoniy tarbiya» fani joriy etilishi, sport klublari va to‘garaklar faoliyatini boshqarish uchun yagona raqamli platforma hamda mobil ilova yaratilishi ma’lum qilindi. Bundan tashqari, yagona elektron platforma orqali musobaqalar taqvimi, baholash tizimi joriy etiladi va bu «Hemis» dasturiga integratsiya qilinadi.
Oliy ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan har bir sport to‘garagi rahbarini moddiy rag‘batlantirish va talabalarga sport faolligi uchun imtiyozlar berish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi 2018-yilda tashkil etilgan. O‘tgan davr mobaynida mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalarida 26 ta olimpiya sport turi bo‘yicha 591 ta sport klubi hamda 721 ta sport to‘garaklari faoliyat yuritmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter