Pirotexnika buyumlarining noqonuniy muomalasiga qarshi choralar kuchaytiriladi
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasiga doir 185-1-moddasiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Unga ko‘ra, pirotexnika buyumlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish va O‘zbekiston hududidan olib chiqish esa huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish, O‘zbekiston hududiga olib kirish huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasini tashkil etuvchi huquqbuzarliklar turlarining xavflilik darajasidan kelib chiqqan holda javobgarlik choralarining kuchaytirilishini, shuningdek, ma’muriy bayonnomalarni rasmiylashtirish vakolatini Milliy gvardiya organlari bilan birga ichki ishlar organlariga ham berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, amalda pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasiga oid ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha bayonnoma tuzish vakolatlari faqatgina Milliy gvardiya organlarining mansabdor shaxslariga berilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter