Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zini o‘zi band qilish qanday amalga oshiriladi?

O‘zini o‘zi band qilish qanday amalga oshiriladi?

Savol: ishga kirganimga 6 oy bo‘ldi. Yaqinda homilador bo‘ldim. Savolim shuki, men yangi xodim bo‘laturib tug‘uruq ta’tiliga chiqsam bo‘ladimi? «Dekret puli» to‘lanadimi?

Birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat ta’tilidan foydalanish huquqi xodimda u ushbu ish beruvchida uzluksiz ishlagan olti oy o‘tganidan keyin yuzaga keladi. Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga ko‘ra xodimga ishlagan olti oy o‘tguniga qadar ham mehnat ta’tili berilishi mumkin. Ko‘pchilik MK 227-moddasidagi ushbu qoidani noto‘g‘ri talqin qiladi. Gap bu yerda har yilgi mehnat ta’tili haqida gap ketmoqda.

Homiladorlik va tug‘ish ta’tillari esa ijtimoiy ta’til hisoblanadi. «Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risida»gi yo‘riqnomaning 27-bandiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi homiladorlikning 30-haftasidan boshlab hududiy ambulator-poliklinikalarning, akusher-ginekolog (umumiy amaliyot shifokori) tomonidan bosh shifokor o‘rinbosari bilan birgalikda bir yo‘la 126 kalendar kuniga beriladi va davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.

Ya’ni xodim homiladorlik va tug‘ish ta’tilini olish uchun tashkilotda ma’lum bir vaqt ishlashi talab qilinmaydi. Xodim tashkilotda hattoki 1 kun ishlagan bo‘lsa ham homiladorlikning 30-haftasidan boshlab homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqaveradi. MK 404-moddasi 1-qismiga ko‘ra, «dekret puli» o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lanishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 27-dekabrdagi PQ-2699-son qaroriga ko‘ra, 12 oydan ko‘proq tanaffusdan so‘ng mehnat faoliyatini qaytadan boshlovchi xodimlar uchun dekret puli 75 foiz to‘lanishi belgilangan. Siz to‘liq 12 oy ishlamaganligingiz uchun «dekret puli» 75 foiz to‘lanadi.

Savol: o‘zini o‘zi band qilish qanday amalga oshiriladi?

«Aholi bandligi to‘g‘risida»gi Qonuni 35-37-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi PQ-4742-son qarori,  Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-dekabrdagi 806-son qarori o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar faoliyatini tartibga soladi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxs maxsus mobil ilova yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yoxud davlat soliq xizmati organiga kelgan holda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida mehnat faoliyatini amalga oshirish davri pensiya olish huquqiga ega bo‘lingan paytdan e’tiboran yoshga doir pensiyani hisoblab chiqarish uchun qabul qilinadigan ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olish davri, mehnat faoliyati bu davrda o‘zini o‘zi band qilish tartibida amalda bajarilganligi yoki bajarilmaganligidan qat’i nazar, pensiyani tayinlash uchun mehnat stajiga qo‘shib hisoblanadi.

Mahalliy mehnat organlari o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga imtiyozli mikrokreditlar ajratish uchun tijorat banklariga tavsiyalar beradi.

Savol: mening ish stajim 1997-yildan boshlangan. 2023-yilda mart oyida shtat qisqarishi natijasida ishdan bo‘shadim. Hozirda Pensiya jamg‘armasi tomonidan 2010-2023 yillar uchun foydalanilmagan mehnat ta’tiliga kompensatsiya to‘lab berishdi. Lekin 1997-2009 yillar uchun «to‘lashga asos yo‘q» vaj bilan to‘lashmayapti. Fuqarolik sudi esa kompensatsiya miqdorini hisoblatib, keyin ariza berishim mumkinligini aytmoqda. Qashqadaryo viloyati pensiya jamg‘armasi esa hisoblab berishdan bo‘yin tovlamoqda. Maslahatingiz kerak...

MK 234-moddasi 1-qismiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari uchun pulli kompensatsiya to‘lanadi.

Demak, e’tibor bering, mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan, masalan, 10 yoki 15 yillik bo‘ladimi, har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari uchun pulli kompensatsiya to‘lanishi shart.

MK 560-moddasiga ko‘ra, xodim o‘zining huquqi buzilganligi to‘g‘risida bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran 6 oy ichida sudga murojaat qilish huquqiga ega.

Izoh: mehnat huquqiga oid savollaringizni @xabargayoz_bot ’ga jo‘natishingiz mumkin.

Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov
javob bergan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring