Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda qiymati 1000 so‘m bo‘lgan tanga muomalaga kiritilyapti (foto)

O‘zbekistonda qiymati 1000 so‘m bo‘lgan tanga muomalaga kiritilyapti (foto)

Markaziy bank 2022-yilning 26-dekabridan boshlab nominal qiymati 1000 so‘m bo‘lgan tanga ko‘rinishida pul belgilari muomalaga chiqarilishini ma’lum qilmoqda.

Mazkur tanga 2 xil rangdagi kombinatsiyadan iborat bo‘lib, ichki aylanasi sariq rangli mis va latun, tashqi aylanasi kumush rangli nikel qotishmasidan tayyorlangan.

Tanga diametri – 26,27 mm., ichki disk diametri – 17,6 mm., qalinligi – 1,6 mm., og‘irligi – 7,3 gr.

Tanganing old tomonida (avers) Toshkent shahrida bunyod etilayotgan «Islom sivilizatsiyasi markazi»ning binosi tasvirlangan.

Tasvirning pastki qismida botiq holda tanga qiymati «1000» raqami va lotin bosma harflarida «so‘m» so‘zi yozilgan.

Tanga orqa tomoni (revers) markazida O‘zbekiston Respublikasining Davlat Gerbi tasvirlangan. Gerbning tashqi aylanasi bo‘ylab bosma lotin harflarida aylanasimon ko‘rinishda «O‘ZBEKISTON MARKAZIY BANKI» so‘zlari yozilgan.

Gerbning ostida tanga namunasi tasdiqlangan yil – «2022» raqami ko‘rsatilgan.

Tanganing yon qirrasi silliq ishlangan.

Markaziy bankining qayd etishicha, muomalaga chiqarilayotgan 1000 so‘mlik tanga ko‘rinishidagi pul belgilari bugungi kunda muomalada bo‘lgan 2001-yil namunasidagi 1000 so‘mlik banknotlar bilan bir qatorda (parallel ravishda) muomalada bo‘ladi. Ya’ni, 2001-yil namunasidagi 1000 so‘mlik banknotlar ham to‘lov qobiliyatini yo‘qotmaydi.

Shuningdek, yangi ko‘rinishdagi ushbu pul belgilari ayni paytda muomalada bo‘lgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, barcha xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va aholi tomonidan o‘z qiymati bo‘yicha barcha turdagi to‘lovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring