Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda milliy havo sifati standartlari ishlab chiqiladi

O‘zbekistonda milliy havo sifati standartlari ishlab chiqiladi

O‘zbekistonda milliy havo sifati standartlari ishlab chiqiladi. Ekologiya vazirligining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonning geografik va iqlimiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘rsatmalariga erishish qiyin.

«Unga ko‘ra, PM 2.5 ning o‘rtacha yillik miqdori 5 mkg/m3, o‘rtacha sutkalik miqdori 15 mkg/m3. Dunyoning hech bir mamlakatidagi ko‘rsatkichlar JSST tavsiya etgan standartlarga muvofiq emas, ko‘p davlatlar o‘z milliy standartlarini qabul qilgan.

Masalan, AQSh va Meksikada bu standart 12 mkg/m3, Belarus va Yaponiyada – 15 mkg/m3, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida – 25 mkg/m3, Rossiyada – 20 mkg/m3, Xitoyda 35 mkg/m3, Hindistonda esa 40 mkg/m3. Janubiy Koreyada PM 2.5 standarti yo‘q», – deyiladi vazirlik izohida.

Qayd etilishicha, ayni damda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishda, ya’ni O‘zbekistonda atmosfera havosi sifati monitoringi bo‘yicha milliy platforma va mobil ilovani ishlab chiqishga qaratilgan loyiha amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, havodagi mayda zarrachalar miqdori va ularning aholiga ta’siri bo‘yicha milliy havo sifati standartlari ishlab chiqiladi. 2023 yilda loyiha doirasida Surxondaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholining atmosfera havosi ifloslanishidan kasallanish darajasini o‘rganish boshlangan.

Shu bilan birga, respublikada atmosfera havosining ifloslanish darajasining joriy ko‘rsatkichi ma’lum bir hudud uchun ustuvor ifloslantiruvchi moddalardan kelib chiqqan holda hisoblangan Atmosfera ifloslanishining kompleks indeksi (AII) hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, Toshkent shahri atmosferasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi tomonidan 15 ta avtomatik stansiya orqali monitoring qilinadi. Monitoring davomida havodagi chang, oltingugurt dioksidi, azot dioksidi, azot oksidi, uglerod oksidi, fenol, ftor vodorod, ammiak, formaldegid, og‘ir metallar, PM10 va PM2.5 mayda zarralari kuzatiladi. 

Atmosferaning ifloslanishi haqidagi ma’lumotlar Ekologiya vazirligining eco.gov.uz/uz/meteo/index saytiga integratsiya qilingan. Shuningdek, IQAir veb-sayti hamda «O‘zgidromet» monitoring.meteo.uz platformasida ham berib boriladi.

Saytdagi havoning ifloslanishi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘rsatmalari bilan taqqoslanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq vazirlik poytaxt havosini ifloslantirayotgan tabiiy va texnogen manbalar haqida ma’lumot bergan edi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring