Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va Xitoy turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston va Xitoy turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi

Bugun, 26-aprel kuni Toshkent shahrida joylashgan “InterContinental Tashkent” mehmonxonasida Xitoy Xalq Respublikasining turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Mazkur forum O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini Xitoyda targ‘ib qilish va O‘zbekiston-Xitoy turizm sanoati vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga bag‘ishlandi.

Biznes-forum O‘zbekistonning “Prestige Travel” kompaniyasi va Xitoyning “Hainan Weidu international travel CO LTD” kompaniyalari tashabbusi bilan Turizm qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston va Xitoyning davlat va xususiy sektor vakillari, jumladan, hukumat vakillari, biznes rahbarlari va investorlar, shuningdek, ikki davlatning yetakchi mehmonxona brendlari va turizm kompaniyalari rahbarlari ishtirok etishdi.

“O‘tgan yili Xitoy Xalq Respublikasidan O‘zbekistonga 45 mingga yaqin turistlar kirib kelgan, joriy yilda esa bu ko‘rsatkich bir necha karra ortishi kutilmoqda. Bunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida turizm sohasida yo‘lga qo‘yilayotgan ikki tomonlama munosabatlarimiz ham alohida o‘rin tutadi. Xitoy davlatida yurtingizning tarixiy maskanlari, boy madaniy merosi va go‘zal tabiati bilan yaqindan tanishish maqsadida bo‘lganlar soni ortib borayotganligini qayd etishim lozim. Bu esa ikki tomonlama sayyohlar almashinuvida manfaatlidir”, deb aytib o‘tdi “ Hainan Weidu international travel CO LTD” kompaniyasi rahbari He Jin.

“Mamlakatimiz aholisi uchun hamyonbop tur-paketlar ishlab chiqish va ularning sifatli sayohatlarini tashkil etish hamda Xitoydan O‘zbekistonga kirib keluvchi sayyohlar sonini keskin ko‘paytirish maqsadida yangi loyihalar ustida ish olib borayapmiz. O‘tgan yili “Prestige Travel” tomonidan 10 ming nafarga yaqin o‘zbekistonliklarning Xitoyga sayohatlari tashkil etilgan edi. Shu qatorida minglab xitoyliklarni turist sifatida mamlakatimizga olib kirdik. Yana bir bor ta’kidlayman: amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatlar aholisining sifatli hordiq chiqarishlari uchun muhimdir. Bizning kompaniya bu borada yetarli tajribalar asosida faoliyat ko‘rsatadi. Sababi biz O‘zbekistonda ilk bor Misrga, Chernogoriyaga, Vetnamga hamda qator Yevropa davlatlariga birinchi marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar qo‘yib, sayohat uchun yo‘l ochganmiz”, – deb ta’kidladi “Prestige Travel” kompaniyasi asoschisi Oybek Ahmedov.

Forum davomida O‘zbekistondan Xitoyning Hainan provensiyasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama etildi. Tomonlar aviaqatnovlarni joriy yilning iyun oyidan boshlab haftasiga bir marotaba, keyinchalik bo‘ ko‘rsatkichni 3-marotaba oshirishni rejalashtirayotganligini ma’lum qildi.

O‘zbekiston va Xitoy tomonlari vakillari o‘rtasida B2B formatidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, unda ishtirokchilar turizm sohasining bugungi holatini muhokama qildilar, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlarini o‘rgandilar. Forum O‘zbekiston va Xitoy sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida bir qator shartnoma va anglashuv memorandumlarini imzolash marosimi bilan yakunlandi.

O‘zbekiston-Xitoy sayyohlik biznes-forumi ikki davlat vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Forum ishtirokchilarga hamkorlik va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlarni o‘rganish uchun platforma taqdim etdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston turizm industriyasining yuksalishi va rivojlanishiga, mamlakatimizning jahon turizm bozoridagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.

“Mamlakatimiz turizmini rivojlantirishda bizdagi salohiyatni xorijda yanada kengroq targ‘ib qilish, xalqaro aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish va noodatiy tarzda xorijiy sayyohlar e’tiborini jalb qilish muhim hisoblanadi. Shu boisdan bugungidek ikki tomonlama ochiq muloqotlar qator yangiliklarga qo‘l urishimiz uchun asosdir. Biz Xitoy davlatida yurtimizning turizm imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish maqsadida bo‘lganlar soni ortib borayotganligini qadrlaymiz”, deya fikr bildirdi Oybek Ahmedov.

Bu yil O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi xorijlik sayyohlar soni 10 milliondan ortishi kutilmoqda. O‘zbekistonning turistik salohiyatini dunyoga tanitish va sharqiy Osiyo davlatlaridan kirib keluvchi sayyohlar sonini oshirishda mamlakatimizda turizmni jadal rivojlantirish hamda sohaning o‘sish sur’atlari uchun sharoitlar yaratilmoqda. Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda 6 mingga yaqin joylashtirish vositalari faoliyat ko‘rsatmoqda, respublika bo‘yicha sayyohlarni qabul qiluvchi o‘rinlar soni 145 mingdan ortdi.

Ushbu tadbirni tashkil etishda tashabbus ko‘rsatgan “Prestige Travel” kompaniyasiga 2018-yilda asos solingan bo‘lib, kompaniya tomonidan shu vaqtga qadar O‘zbekiston uchun yangi yo‘nalishlarda aviareyslar qo‘yilishida muhim tashabbuslar ko‘rsatib kelmoqda.

Jumladan, “Prestige Travel” kompaniyasi tomonidan 2018-yili Toshkentdan Misrning Sharm-al-Shayx shahrigaga ilk marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar amalga oshirila boshlandi. Shuningdek, 2021-yil may oyida Misrning eng yirik turistik markazlaridan biri Hurgada shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, shu yilning o‘zida Vetnamning Phu Kuok oroliga ham yangi yo‘nalish ochildi. Bundan tashqari, 2022-yilning yozida Vetnamdagi kurort shaharlardan biri hisoblanmish Nha Trang shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar qo‘yildi.

2023-yilda esa, “Prestige Travel” kompaniyasi tomonidan iyunidan boshlab, Chernogoriya va Vetnamning Nyachang shaharlari o‘rtasida doimiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring