Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston Pokistonga 40 tonnaga yaqin beg‘araz yordam jo‘natdi

O‘zbekiston Pokistonga 40 tonnaga yaqin beg‘araz yordam jo‘natdi

O‘zbekiston tomonidan davomli musson yomg‘irlari va suv toshqinlaridan jabr ko‘rgan qardosh Pokiston xalqiga yordam berish maqsadida yuborilgan insonparvarlik yuki bugun Islomobod aeroportiga yetib bordi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar bermoqda.

O‘zbekiston harbiy havo kuchlari maxsus samolyoti oziq-ovqat va trikotaj mahsulotlari, boshqa tovarlardan tashkil etilgan 40 tonnaga yaqin beg‘araz yordamni yetkazib berdi. Ushbu mahsulotlar tabiiy ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarga yuboriladi.

Islomobod xalqaro aeroportida yukni Pokiston fan va texnologiyalar federal vaziri Aga Hasan Baloch ushbu mamlakat hukumati nomidan qabul qilib oldi.

«Bugun biz uchun shunday sinovli va murakkab bo‘lgan kunlarda birinchilardan bo‘lib yordam qo‘lini cho‘zgan o‘zbek qardoshlarimizning samimiy hamdardlik tuyg‘ulariga guvoh bo‘lyapmiz. Pokiston hukumati va xalqi qardosh O‘zbekiston rahbariyati va xalqining saxovatini yuksak qadrlaydi», – dedi vazir.

Pokiston tashqi ishlar vazirligining Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘yicha departamenti bosh direktori Shoh Faysal Kakar ham o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi bir necha hafta davomida Pokistonda misli ko‘rilmagan musson yomg‘irlari va suv toshqinlari millionlab oilalar kundalik hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ayniqsa, Balujiston va Sind viloyatlari aholisi eng ko‘p zarar ko‘rdi. Yuz minglab odamlar boshpanasiz qoldi.

OAV xabarlariga ko‘ra, kuchli yomg‘ir va keng qamrovli suv toshqinlarining halokatli oqibatlari natijasida 1000 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring