Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston JST a’zoligiga yaqinlashyapti: ayrim korxonalarning eksklyuziv huquqlari bekor qilindi

O‘zbekiston JST a’zoligiga yaqinlashyapti: ayrim korxonalarning eksklyuziv huquqlari bekor qilindi

Prezident Mirziyoyev Jahon savdo tashkilotiga a’zolik yo‘lida muhim farmonni imzoladi. Farmonga ko‘ra, ayrim korxonalarga qonunchilik bilan taqdim etilgan quyidagi maxsus (eksklyuziv) huquqlar bekor qilindi:

2025-yil 1-yanvardan boshlab:

  • «O‘zmetkombinat» AJning respublika hududida qora metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish) huquqi;
  • «O‘zikkilamchiranglimetall» AJning respublika hududida rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash va eksport qilish huquqi;
  • «O‘ztreyd» AJning konsignatsiya shartlarida oziq-ovqat uni va bug‘doyni, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari, dehqon va fermer xo‘jaliklari mahsulotlarini bank kafolatlari yoki siyosiy va tijorat xavflaridan eksport shartnomalarini sug‘urtalash polislarini taqdim etmasdan eksport qilinadigan mahsulotlarni savdo uylari manzillariga tushirish huquqi;
  • «O‘zkimyoimpeks» MChJning «O‘zkimyosanoat» AJ tashkilotlari kimyoviy mahsulotlari eksporti hamda ularning ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar importini amalga oshirishdagi yagona agent huquqi.

2026-yil 1-iyuldan boshlab esa:

  • «UzGasTrade» AJning tabiiy gazni yagona eksport qiluvchi va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qilish bo‘yicha yagona operator sifatidagi huquqi;
  • «O‘zenergosotish» AJning elektr energiyasining eksporti va importini markazlashgan tartibda amalga oshirish huquqi.

Belgilanishicha, 2025-yil 1-yanvardan boshlab qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish, shuningdek, tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji va chakana savdo faoliyatlarini litsenziyalash tartibi joriy etiladi.

Mobil va (yoki) simli telekommunikatsiya tarmoqlariga ega O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritadigan telekommunikatsiya operatorlariga tezkor-qidiruv faoliyati, axborot va kiberxavfsizlik tizimlari talablariga to‘liq rioya qilgan holda sinov tariqasida xalqaro Internet tarmoqlariga o‘z tijorat ehtiyojlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish huquqi beriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring