O‘zbek olimasi Pokistonning «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi
Pokistonda davlat bayrami — Pokiston kuni munosabati bilan harbiylar hamda adabiyot, san’at, sport, fan va tibbiyotda qo‘lga kiritgan yutuqlari uchun taqdirlanganlar orasida o‘zbekistonlik olima ham bor.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti Muhayyo Abdurahmonova urdu tilini O‘zbekistonda targ‘ib qilish hamda Pokiston va O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan xizmatlari uchun «Tamgha e Imtiaz» («Buyuk xizmatlari uchun») ordeni bilan mukofotlandi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, o‘zbekistonlik olimaning ilmiy ishlari (Bobur she’rlarini o‘zbek tilidan urdu tiliga tarjimasi; urdu leksikologiyasiga oid darslik; Mirzo G‘olib she’rlarini o‘zbek tiliga tarjimasi; Urdu she’riyati va uning texnik jihatlariga oid ko‘plab tadqiqot maqolalari) urdu tili va adabiyotiga qiziqish uyg‘otishda muhim rol o‘ynadi. Uning urdu tilini o‘rgatish bo‘yicha kitoblari talabalar uchun juda foydali bo‘ldi.
Shu munosabat bilan Pokiston Islom Respublikasining Toshkentdagi elchixonasida tadbir bo‘lib
o‘tdi.Ushbu mamlakatning O‘zbekistondagi elchisi Ahmad Faruk mukofotni topshirib, ikki davlatning o‘zaro munosabatlari xususida to‘xtalib o‘tdi.
U Pokiston prezidenti nomidan taniqli pedagog va o‘zaro madaniy anglash bo‘yicha haqiqiy elchi — Muhayyo Abdurhmonovaga Pokisonning nufuzli fuqarolik mukofotini topshirish o‘zi uchun katta shon-sharaf ekanligini ta’kidladi.
«Bugun biz bu yerga Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlagan o‘qituvchining misli ko‘rilmagan yutuqlarini nishonlash uchun yig‘ildik. Uning O‘zbekistonda urdu tilini targ‘ib etishdagi fidoyiligi va tinimsiz sa’y-harakatlari chinakam tahsinga sazovor. O‘zining mustahkam sadoqati tufayli u nafaqat til o‘rgatibgina qolmay, balki o‘z shogirdlarida Pokiston adabiyoti, she’riyati va an’analariga chuqur hurmatni singdirdi», – deydi Pokiston elchisi.
Ma’lumot uchun, mazkur medal Pokistonda 1957-yil 19-mart kuni ta’sis etilgan. Mamlakat prezidenti professional muvaffaqiyatlarga erishgan harbiylar qatorida fuqorolarni ham mazkur orden bilan taqdirlaydi. Taqdirlanganlar ro‘yxati har yili 14 avgust -Pokiston mustaqilligi kuni arafasida e’lon qilinadi. Mukofot esa o‘z egalariga mamlakat Davlat bayrami — Pokiston kuni nishonlanadigan 23-martda topshiriladi. 1957-yilda ta’sis etilgan orden dizayni ikki marta — 1975 va 1986-yillarda o‘zgartirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter